Jahon | 11:39
2512
7 daqiqa o‘qiladi

Trampning tahdididan so‘ng Eron Ko‘rfazning energetika va suv infratuzilmasini bombardimon qilish bilan ogohlantirdi

Agar AQSh Eronning elektr tarmog‘iga hujum qilsa, rasmiy Tehron Ko‘rfaz davlatlarining energetika va suv infratuzilmalariga zarba berishini bildirdi. Bu esa dengiz suvini tuzsizlantirishga qattiq bog‘lanib qolgan arab davlatlarida ommaviy uzilishlarga olib kelishi mumkin.

22 mart kuni Tel Aviv uzra ishlayotgan havo hujumidan mudofaa tizimlari / Foto: Reuters

Tramp shanba kuni kechqurun, agar Tehron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochmasa, Qo‘shma Shtatlar Eronning elektr stansiyalariga zarba berishi haqida ogohlantirgan edi.

«Agar Eron hozirgi vaqtdan boshlab 48 SOAT ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini TAHDIDSIZ, TO‘LIQ OChMASA, Amerika Qo‘shma Shtatlari ularning turli ELEKTR STANsIYaLARIGA, BIRINChI NAVBATDA ENG YIRIGIDAN BOShLAB zarba beradi va yo‘q qiladi!» - deb yozdi Tramp shanba kuni ijtimoiy tarmoqda. Bu muddat bugun, 23 mart kuni tungi vaqtda yakunlanadi.

Trampning ogohlantirishi – u AQSh dengiz piyodalari va og‘ir kemalari mintaqaga yo‘l olgan bir paytda, shu bilan birga Vashington mojaroni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida ishora berganidan ko‘p o‘tmay yangradi.

Bunga javoban Eron davlat OAVlari Muhofizlar korpusi so‘zchisi Ibrohim Zulfiqorning bayonotini keltirdi:

«Agar dushman tomonidan Eronning yoqilg‘i va energetika infratuzilmasiga hujum qilinsa, avvalgi ogohlantirishlarga muvofiq, AQSh va mintaqadagi sionistik rejimga tegishli barcha energetika infratuzilmalari, shuningdek, axborot texnologiyalari... va suvni tuzsizlantirish inshootlari nishonga olinadi», dedi harbiylar vakili.

Reutersʼning yozishicha, elektr energiyasiga qilinadigan hujumlar Eronga ham zarar yetkazdi. Ammo, aholi jon boshiga qariyb besh baravar ko‘p elektr energiyasi iste’mol qiladigan Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilari uchun bu halokatli bo‘lishi mumkin. Elektr energiyasi ularning cho‘ldagi yaltiroq shaharlarini yashash uchun yaroqli qilib turadi.

Saudiyadagi suvni tuzsizlantirish zavodi / Foto: AFP

Xususan, Bahrayn va Qatarda iste’mol qilinadigan suvning 100 foizini ishlab chiqaradigan tuzsizlantirish zavodlarini energiya bilan ta’minlaydi. Bunday zavodlar Birlashgan Arab Amirliklaridagi ichimlik suvi ehtiyojining 80 foizidan ortig‘ini, Saudiya Arabistonidagi suv ta’minotining esa 50 foizini qoplash uchun dengiz suvidan foydalanadi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir esa «agar Eron elektr stansiyalariga hujum qilinsa, Yaqin Sharqdagi muhim infratuzilma va energetika obektlari «tuzatib bo‘lmaydigan darajada vayron bo‘lishi» mumkinligini yozdi. Bu Ko‘rfaz davlatlariga bosimni yanada oshirmoqda.

Ho‘rmuz Eronning «do‘stlari» uchun ochiq qolmoqda

Shuningdek, Eronning qudratli Islom inqilob muhofizlari korpusi global neft va suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismi o‘tadigan kema yo‘li yopiq qolishini bildirdi.

«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi butunlay yopiladi va vayron qilingan elektr stansiyalarimiz qayta tiklanmaguncha ochilmaydi», deyiladi Korpus bayonotida.

Shu bilan birga mahalliy OAVlar Eronning Xalqaro dengiz tashkilotidagi vakili so‘zlaridan iqtibos keltirib, «bo‘g‘oz «Eronning dushmanlari»ga aloqador kemalardan tashqari barcha yuk tashuvchi kemalar uchun ochiqligicha qolayotgani»ni ma’lum qildi.

Ho‘rmuzdan o‘tolmayotgan Rarity tankeri Maskatdagi Sulton Qobus porti yaqinida langar tashlab turibdi, 2026 yil 21 mart. / Foto: Reuters

Eron rasmiysi Ali Musaviyning aytishicha, suv yo‘li orqali o‘tish Tehron bilan xavfsizlik va mudofaa choralarini muvofiqlashtirish orqali amalga oshirilishi mumkin. Kemalar harakatini kuzatish ma’lumotlari – Hindiston bayrog‘i ostidagi kemalar va Pokiston neft tankeri kabi ba’zi kemalar bo‘g‘oz orqali xavfsiz o‘tish bo‘yicha kelishib olganini ko‘rsatmoqda.

Musaviy, shuningdek, Tehron Fors ko‘rfazida dengiz xavfsizligini yaxshilash va dengizchilarni himoya qilish borasida Xalqaro dengiz tashkiloti bilan hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.

Ali Musaviy / Foto: Sky News

«Diplomatiya Eron uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Biroq, agressiyaning to‘liq to‘xtatilishi, shuningdek, o‘zaro ishonch va aminlik muhimroqdir», dedi Musaviy. U Isroil hamda AQShning Eronga qarshi hujumlari «Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hozirgi vaziyatning ildizi» ekanligini qo‘shimcha qildi.

4-haftasiga o‘tgan urush davom etmoqda

Yakshanba kuni tunda Isroilning shimoliy va markaziy qismlarida, jumladan Tel-Aviv va G‘arbiy sohilda havo hujumidan mudofaa sirenalari yangradi. Isroil harbiylari dushanba kuni erta tongda Tehrondagi Eron infratuzilmalarini nishonga olgan keng ko‘lamli zarbalar to‘lqinini boshlaganini ma’lum qildi.

Eron axborot agentliklarining xabar berishicha, Xurramobod shahrining g‘arbiy qismidagi turar-joy hududi bombardimon qilinishi natijasida kamida bir bola halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohatlangan. Shimoli-g‘arbiy Urmiya shahridagi turar-joy dahasi ham havo zarbasi natijasida shikastlangan.

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi dushanba kuni erta tongda Ar-Riyod tomon ikkita ballistik raketa uchirilganini ma’lum qildi. Bitta raketa urib tushirilgan, ikkinchisi esa aholi yashamaydigan hududga tushgan.

Yakshanba kuni Eronning Isroil janubidagi ikkita shaharchaga bergan zarbalari natijasida o‘nlab odamlar jarohatlandi, Isroil kasalxonasi buni yirik talafotlik hodisa deb ta’rifladi.

Eron raketa zarbasidan keyin Isroildagi Dimona shahri / Foto: Reuters

Bu shaharchalar Isroilning maxfiy yadro reaktori va mamlakatdagi eng yirik harbiy obektlardan biri bo‘lgan Nevatim aviabazasi yaqinida joylashgan.

28 fevralda AQSh va Isroil tomonidan boshlangan urush davomida 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu urush bozorlarni ostin-ustun qilib yubordi, yoqilg‘i narxini oshirdi, global inflatsiya xavotirlarini kuchaytirdi va urushdan keyingi G‘arb ittifoqini larzaga keltirdi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Eronning raketa imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytirgan uch haftalik bombardimonlaridan so‘ng ham Tehron qarshi zarba berish qobiliyati saqlanib qolmoqda.

Livandagi frontda ham janglar davom etmoqda

Shuningdek, urush Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi alohida frontda davom etmoqda. Isroil yakshanba kuni Livan janubidagi qurolli guruhning bir qator obektlariga reyd uyushtirganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Isroil harbiylari matbuot kotibi «Eron va Hizbullohga qarshi yana necha haftalab janglar bo‘lishini» kutayotganini aytdi. Hizbulloh esa Isroil shimolidagi bir qancha chegara hududlariga hujum qilganini bildirdi.

Hizbulloh 2 mart kuni mintaqaviy urushga kirganidan beri Isroilga qarshi yuzlab raketalar otdi. Isroil esa Livanda 1000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan hujum uyushtirmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid