O‘zbekiston | 12:24 / 24.03.2026
2374
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik haydovchilar uchun Yaponiyada 200 ta ish o‘rni ochildi

Migratsiya agentligi hamda Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyada haydovchilik sohasida ishga taklif etmoqda. Dastur doirasida yuk yetkazib beruvchi haydovchilar uchun jami 200 ta ish o‘rni ajratilgan.

Foto: Kun.uz 

Ma’lum qilinishicha, nomzodlar 2026 yil aprel oyida Toshkent viloyatining Angren shahrida boshlanadigan 8 oylik bepul o‘quv kurslarida ishtirok etishi kerak. O‘quv davomida qatnashchilar bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.

Tanlovda 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan, BC toifadagi (C toifani olganiga kamida 3 yil bo‘lgan) haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Yapon tilini biluvchilarga ustunlik beriladi.

Maosh miqdori oyiga 1200–2000 AQSh dollarini tashkil etib, qo‘shimcha ish soatlari orqali daromadni oshirish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, ish unumdorligiga qarab yiliga ikki marta bonuslar beriladi.

Nomzodlarga aviachipta xarajatlari qoplanishi, ishchi vizani rasmiylashtirish, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta kabi imtiyozlar taqdim etiladi. Turar joy ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi va uning xarajati ish haqidan ushlab qolinadi.

Tanlov 30 martdan 3 aprelgacha onlayn suhbat shaklida o‘tkaziladi. Qatnashish istagidagilar Migratsiya agentligining “Xorijda ish” platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid