Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI yangi migratsiya to‘lqinidan xavotirda, Putin tanqid markazida
Yevrokomissar so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Suriya va Ukrainadan Yevropaga yo‘nalgan migrantlar hamda qochqinlar oqimi ortida turgan. Daniya va Italiya bosh vazirlari esa Yevrokomissiyadan YeI chegaralarini migratsiya oqimlari uchun yopish imkoniyatini o‘rganib chiqishni so‘ramoqda.
Foto: Sean Gallup/Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropaga migrantlar oqimining bosh aybdori hisoblanadi. Bu haqda 23 mart, dushanba kuni Financial Times gazetasi ichki ishlar va migratsiya masalalari bo‘yicha yevrokomissar Magnus Brunnerga tayanib xabar qildi.
“Bu yirik migratsiya oqimlarining ortida har doim Putin turadi. Bu har doim Vladimir Putin”, — dedi u.
Yevrokomissar Rossiya rahbarining Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlaganini eslatdi. Suriyadagi fuqarolar urushi 2015–2016 yillarda Yevropada migratsiya inqirozini keltirib chiqargan. Brunner ta’kidlashicha, o‘sha davrda 2 milliondan ortiq odam boshpana so‘rab ariza topshirgan.
Ikkinchi yirik migratsiya oqimi Ukrainadan YeIga kelgan qochqinlar bilan bog‘liq. Rossiya boshlagan urushdan so‘ng qariyb 4,3 million ukrainalik YeIda vaqtinchalik himoya olgan.
Yevrokomissar Erondagi urush haqida gapirar ekan, hozircha bu mamlakatdan Yevropaga qochqinlar oqimi kuzatilmayotganini aytdi.
“Ammo, albatta, biz hushyor bo‘lishimiz kerak, chunki vaziyat har kuni o‘zgarishi mumkin”, — dedi yevrokomissar va Putin Tehrondagi rejimni qo‘llab-quvvatlayotganini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Italiya hukumati rahbari Jorja Meloni qo‘shma maktubida shunday ogohlantirdi: “Biz 2015–2016 yillarda kuzatganimizdek, YeIga qochqinlar va migrantlar oqimi takrorlanishi xavfini qabul qila olmaymiz”.
Rim va Kopenhagen vaziyat Suriya inqiroziga o‘xshab ketmasligi uchun chegaralarni yopishni ham o‘z ichiga olgan qat’iyroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda.
Bosh vazirlar Yevrokomissiyani “Yevropa Ittifoqi tomon to‘satdan yirik ko‘lamli migratsiya oqimlari yuzaga kelgan taqdirda, fors-major holatida ishga tushiriladigan favqulodda to‘xtatish mexanizmi sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan usullarni o‘rganib chiqish”ga chaqirdi.
Magnus Brunner esa a’zo davlatlarning bunday so‘rovlariga “juda jiddiy” qaraydiganini va bu murojaatga javob berishini bildirdi.
Yevrokomissarning qo‘shimcha qilishicha, hozir YeI “10 yil avvalgiga nisbatan ancha yaxshi tayyorlangan”.
U boshpana so‘rovchilari uchun bevosita chegaralarda amalga oshiriladigan tartib-taomillar va yangi biometrik chegara tekshiruvlarini misol keltirdi.
“Endi biz kim, qachon va qayerdan Yevropa Ittifoqiga kirayotganini ko‘ra olamiz”, — dedi u.
2025 yil oktyabrida o‘tkazish tizimi ishga tushganidan beri YeIga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, Ittifoqqa kirmaydigan mamlakatlar fuqarolaridan iborat 40 million kishidan taxminan 19 ming nafariga rad javobi berilgan. Ularning orasida xavfsizlikka tahdid solgan 500 kishi ham bo‘lgan.
Brunner so‘zlariga ko‘ra, bu omilni, jumladan, terrorchilik hujumlari ehtimolini ham inobatga olish lozim.
Bundan avval, 2025 yil dekabrida, YeIga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirlari islohotlar paketini tasdiqlagan edi. Unda YeI tashqarisida “qaytarish markazlari” deb ataladigan tuzilmalarni barpo etish g‘oyasini huquqiy jihatdan rasman ma’qullash ham bor edi. Migrantlar boshpana haqidagi arizalarini ko‘rib chiqish uchun shu yerlarga yuborilishi mumkin.