Jahon | 08:53
3783
3 daqiqa o‘qiladi

Eron: AQSh va Isroil “Busher” AESga yana zarba berdi

Isroil va AQSh hujumi vaqtida “Busher” atom elektr stansiyasi hududiga snaryad tushgani haqida Eron rasmiylari ma’lum qildi. Zarar va jabrlanganlar yo‘q. AEXA barcha tomonlarni vazminlikka chaqirdi.

Foto: Fatemeh Bahrami/Anadolu Agency/IMAGO

Eron Atom energiyasi tashkiloti (EAET)ning 24 mart, seshanba kuni kechqurun ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil hujumi paytida otilgan snaryad Erondagi “Busher” atom elektr stansiyasi hududiga kelib tushgan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan, stansiya obektlariga ham zarar yetmagan.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda barcha tomonlarni yadroviy halokatga yo‘l qo‘ymaslik uchun “eng yuqori darajada vazminlik” saqlashga chaqirdi.

Eron janubi-g‘arbidagi shu nomli shahar yaqinida joylashgan “Busher” AES 17 mart oqshomida ham AQSh va Isroil hujumiga uchragan edi. O‘shanda ham stansiya hududiga snaryad tushgan. Biroq bu radiatsiya sizib chiqishiga yoki AESga boshqa turdagi shikast yetishiga olib kelmagan edi.

Rossiya davlat korporatsiyasi “Rosatom” 18 mart kuni ushbu hodisaga munosabat bildirib, uni “xalqaro xavfsizlikning asosiy qoidalari va tamoyillariga ochiqchasiga beparvolik” deb atadi. Kompaniya rahbari Aleksey Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, “Busher” AESda hozir ham taxminan 480 nafar rossiyalik xodim qolmoqda.

Uning aytishicha, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri davlat korporatsiyasi xodimlarni ikki marta evakuatsiya qilgan va hozir uchinchi evakuatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

“Busher” AES Eronda qurilgan birinchi atom elektr stansiyasidir. Mamlakat hukumati uni 1975 yilda Germaniyaning Siemens kompaniyasi ko‘magida qura boshlagan.

Islom inqilobidan keyin qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan va faqat 1995 yilda “Rosatom” ishtirokida qayta tiklangan. Birinchi energoblok 2013 yilda ishga tushirilgan, bir necha yil o‘tib esa ikkinchi energoblok qurilishi boshlangan.

So‘nggi yillarda stansiyada muntazam texnik muammolar kuzatilgan, bu esa Eronning ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzilishiga sabab bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid