Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagon Eronga «hal qiluvchi zarbani» tayyorlamoqda – OAV
Ta’kidlanishicha, amerikalik harbiy rahbarlar Eronga «hal qiluvchi zarba» variantlarini ishlab chiqmoqda, ularning deyarli barchasi qo‘shinlarni kiritish, shuningdek, ommaviy bombardimonlarni o‘z ichiga oladi.
Foto: AFP / Getty Images
Pentagon mojaroni hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar natija bermasa va ayniqsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokdan chiqarilmasa, Eronga qarshi operatsiyalarda keng ko‘lamli eskalatsiyaga tayyorlanmoqda. Amerikalik harbiy rahbarlar Eronga «hal qiluvchi zarba» variantlarini ishlab chiqmoqda, ularning deyarli barchasi qo‘shinlarni kiritish, shuningdek, ommaviy bombardimonlarni o‘z ichiga oladi, dedi Axios nashriga ikki amerikalik amaldor va muhokamalar jarayonidan xabardor bo‘lgan yana ikki manba.
Ular Donald Trampga tanlash uchun taqdim etiladigan «hal qiluvchi zarbaning» to‘rtta asosiy variantini tasvirlab berdi: Eron neft eksportining asosiy markazi bo‘lgan Xarq oroliga qo‘shin tushirish yoki uni qamal qilish; Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlab qolish imkonini beruvchi Larak oroliga qo‘shin tushirish: u yerda kemalarni portlatish va minalash uchun mo‘ljallangan bunkerlar, katerlar va dengiz dronlari, shuningdek, bo‘g‘ozdagi harakatni kuzatuvchi radarlar joylashgan.
Bundan tashqari, strategik Abu Muso oroli va bo‘g‘ozning g‘arbiy kirish qismida joylashgan va Eron tomonidan nazorat qilinadigan ikkita kichikroq orolni qo‘lga kiritish; Eron neftini eksport qiluvchi kemalarni to‘sib qo‘yish yoki qo‘lga olish rejalashtirilgan.
AQSh harbiylari, shuningdek, Eron hududining ichkarisida yuqori boyitilgan uranni qo‘lga kiritish uchun quruqlikdagi operatsiya rejalarini tayyorlagani ta’kidlanmoqda. Uning muqobili Eronning ushbu materiallardan mahrum qilish uchun yadroviy obektlarga keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirish bo‘lishi mumkin.
Tramp Eron hududiga qo‘shin kiritish haqida buyruq berishga tayyor, biroq bunga shoshilmayapti, chunki bu qisman uning maqsadiga erishishga - mojaroning tezroq tugashiga to‘sqinlik qilishi mumkin, dedi Oq uydagi munozaralardan xabardor odamlar The Wall Street Journal nashriga. U yordamchilariga yaqin haftalarda urushni to‘xtatmoqchi ekanini aytgan. Rasmiylarga ko‘ra, Tramp urush davom etsa, amerikalik askarlar orasida yo‘qotishlar ko‘payishidan xavotirda.
Ba’zi amerikalik amaldorlarning fikricha, halokatli harbiy qudratni namoyish etish ehtimoliy tinchlik muzokaralarida AQSh pozitsiyasini kuchaytiradi yoki Trampga shunchaki uni AQSh ustunligi sifatida ko‘rsatish va g‘alaba qozonganini e’lon qilish imkonini beradi, deb yozdi Axios.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp hozircha ssenariylardan birortasini tanlamagan, Oq uy vakillari esa quruqlikdagi har qanday operatsiyalarni «nazariy» deb atamoqda.
Bundan tashqari, Eron qo‘shinlari ham AQSh tomonidan ehtimoliy «hal qiluvchi zarbani», jumladan, quruqlikdagi operatsiyani kutmoqda. Eron AQSh qo‘shinlarining Xarqqa bostirib kirishiga tayyorgarlik ko‘rdi, deb xabar berdi CNN telekanaliga AQSh razvedkasi ma’lumotlari bilan tanish manbalar.
Orolda ko‘p bosqichli mudofaa tizimi qurilgan, so‘nggi haftalarda Tehron u yerga qo‘shimcha qo‘shinlar, ko‘chma zenit-raketa majmualari, piyodalar va tanklarga qarshi minalar tashlagan. Ular qirg‘oq bo‘ylab o‘rnatilib, Amerika desantining tushishiga to‘sqinlik qiladi.