Jahon | 09:28
971
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev va Ar-Riyod xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistoniga kelib, mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan “xavfsizlik sohasidagi hamkorlik”, jumladan, “havo hududini himoya qilish” bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda AFP agentligi yuqori lavozimli manbaga tayanib xabar qildi. Manbaning qaysi davlatga mansubligiga aniqlik kiritilmagan.

Foto: SPA/Xinhua/picture alliance

26 mart, payshanba kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Saudiya Arabistoniga borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan “xavfsizlik sohasidagi hamkorlik”, xususan, “havo hududini himoya qilish”ga oid kelishuvni imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda AFP agentligi yuqori martabali mansabdorga tayanib xabar berdi. Biroq u qaysi davlat vakili ekani ochiqlanmagan.

“Saudiya Arabistoniga yetib keldim. Muhim uchrashuvlar rejalashtirilgan. Qo‘llab-quvvatlayotganlarni qadrlaymiz va xavfsizlik yo‘lida biz bilan birga ishlashga tayyor bo‘lganlar bilan hamkorlik qilamiz”, — deb yozdi Zelenskiy Saudiya Arabistoniga tashrifi haqida o‘zining Telegram-kanalida.

Ukraina prezidenti mamlakatda aynan kimlar bilan uchrashishi rejalashtirilgani postda ko‘rsatilmagan. AFP ham ikki davlat o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv tafsilotlarini keltirmagan.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, Tehron Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar hududidagi obektlarga ham hujum qilgani ortidan Kiyev Eronning Shahed rusumli dronlariga qarshi himoyada yordam taklif qilmoqda. Bu dronlardan Rossiya armiyasi ham Ukrainadagi urushda foydalanmoqda.

Mart oyi o‘rtalarida Zelenskiy Yaqin Sharq davlatlarida 201 nafar ukrainalik harbiy ekspert borligini, yana 34 nafari esa “joylashtirishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan edi.

“Jamoalarimiz allaqachon BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga yetib bordi, shuningdek Kuvaytga ham yo‘l olmoqda. Biz boshqa davlatlar bilan ham ishlayapmiz, kelishuvlar allaqachon tuzilgan. Biz Eron terrorining qo‘shni davlatlarga qarshi davom etishini istamaymiz”, — degan edi o‘shanda Ukraina prezidenti.

Zelenskiy harbiy mutaxassislarni yuborish to‘g‘risidagi qaror Ukraina hamkorlarining, jumladan Vashingtonning iltimosiga javoban qabul qilinganini ta’kidlagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa avvalroq o‘z mamlakatiga dronlardan himoyalanishda Kiyev yordami kerak emasligini bildirgan edi.

“Biz uchuvchisiz apparatlar haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq bilamiz. Aslida, dunyodagi eng yaxshi dronlar bizda”, — degan Amerika yetakchisi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid