Jahon | 09:33
1048
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Ukraina uchun mo‘ljallangan qurollarni Yaqin Sharqqa yo‘naltirishi mumkin

AQSh Ukraina uchun mo‘ljallangan qurol-yarog‘ning bir qismini Eronga qarshi urush ehtiyojlari uchun yo‘naltirish imkoniyatini o‘rganmoqda. The Washington Post yozishicha, bu Rossiyaga qarshi mudofaa urushi qizg‘in pallada turgan Ukraina mudofaa qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: AP

Pentagon dastlab Ukraina uchun mo‘ljallangan qurol-yarog‘ning bir qismini Yaqin Sharqqa ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 26 mart, payshanba kuni The Washington Post (WP) gazetasi xabardor uch manbaga tayanib xabar berdi. Gap, xususan, 2025 yilda yo‘lga qo‘yilgan NATO tashabbusi doirasida sotib olingan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalar haqida ketmoqda. Ushbu dasturga ko‘ra, hamkor davlatlar Kiyev uchun Amerika qurollarini xarid qiladi.

Bu masalaning ko‘rib chiqilishi AQShning Yaqin Sharqdagi operatsiyalari kengayib borayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari admiral Bred Kuper 25 mart kuni Amerika kuchlari Eron hududida 10 mingdan ortiq nishonga zarba berganini va Tehronning “o‘z chegaralaridan tashqarida kuch namoyish etish” imkoniyatlarini izchil ravishda cheklayotganini aytdi.

Pentagon vakili WP'ga AQSh Mudofaa vazirligi “Amerika kuchlari, shuningdek ittifoqchilar va hamkorlar kuchlarini jang olib borish va g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan barcha narsa bilan ta’minlashini” bildirdi.

Shu orada, NATO rasmiy vakili Reuters agentligi so‘roviga javoban alyans a’zolari va uning hamkorlari Ukraina uchun Amerika qurollarini yetkazib berishni moliyalashtiruvchi ustuvor xaridlar dasturi — PURL'da ishtirok etishda davom etayotganini aytdi.

“Texnika Ukrainaga uzluksiz ravishda yetkazib berilmoqda”, — deya ta’kidladi alyans vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, PURL doirasida va’da qilingan mablag‘lar hajmi allaqachon bir necha milliard dollarga yetgan va yangi badallar kelib tushishi kutilmoqda.

Pentagon va AQSh Davlat departamenti Reuters so‘rovlariga javob bermagan.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp NATO davlatlari Eron atrofidagi vaziyat munosabati bilan yordam berish uchun “mutlaqo hech narsa” qilmaganini bildirdi.

“AQShga NATOdan hech narsa kerak emas, ammo bu juda muhim nuqtani hech qachon unutmang!” — deb yozdi Tramp 26 mart kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid