Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WSJ: Tramp Ho‘rmuz ochilmasa ham urushni to‘xtatishni istamoqda
Rasmiylarga ko‘ra, AQSh prezidenti Eron floti va raketa zaxiralarini zaiflashtirishga erishishni asosiy maqsadlar sifatida belgilagan, shundan keyin harbiy harakatlarni to‘xtatib, Ho‘rmuz masalasini Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga qoldirishi mumkin.
Foto: AP Photo/Jose Luis Magana
Donald Tramp yordamchilariga AQShning Eronga qarshi harbiy kampaniyasini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiqligicha qolgan taqdirda ham yakunlashga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozmoqda The Wall Street Journal prezident ma’muriyati vakiliga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Tramp va uning maslahatchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha amaliyot to‘rt-olti haftalik muhlatdan oshib ketadi, degan xulosaga kelishgan.
Nashrning yozishicha, prezident Eron flotini zaiflashtirish va raketa dasturini yo‘q qilishni AQShning asosiy maqsadlari sifatida belgilagan.
Bu maqsadlarga erishilganidan keyin esa Tramp hozirgi harbiy harakatlarni to‘xtatishni, shu bilan bir vaqtda erkin savdoni tiklash uchun Tehronga diplomatik bosim o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Agar bunga erishilmasa, Vashington bo‘g‘ozni ochish masalasini Yevropadagi ittifoqchilar hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlariga qoldiradi.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Tramp harbiy variantlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin, biroq ular hozirda uning ustuvor vazifasi emas.
«Bo‘g‘oz qanchalik uzoq vaqt yopiq qolsa, bu jahon iqtisodiyotini shunchalik kuchli beqarorlashtiradi va benzin narxini oshiradi. Ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan, AQSh ittifoqchilari ham bir vaqtlar bo‘g‘oz orqali to‘siqsiz o‘tgan energiya resurslari yetkazib berilishining pasayishidan zarar ko‘rmoqda. Oziq-ovqat yetishtirish uchun o‘g‘itlarga yoki kompyuter chiplarini ishlab chiqarish uchun geliyga bog‘liq bo‘lgan tarmoqlar taqchillikni boshdan kechirmoqda», – deya ta’kidlaydi WSJ.
Tramp va uning jamoasidagilar fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQShdan ko‘ra Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari uchun muhimroq hisoblanadi. So‘nggi haftalar davomida Vashingtondagi ma’muriyat vakillari ittifoqchilar hamda hamkorlarga bo‘g‘ozning ochilishini ta’minlaydigan muzokaralar yoki amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rishni so‘rab murojaat qilishdi, deb yozadi The Wall Street Journal.
30 mart kuni Tramp AQSh «yangi va nisbatan aqlliroq rejim» bilan Erondagi harbiy amaliyotni yakunlash bo‘yicha jiddiy muzokaralar olib borilayotganini aytib, yana bir bor agar Ho‘rmuz darhol ochilmaydigan bo‘lsa, «Eron elektr stansiyalarini yer yuzidan supurib tashlash» bilan tahdid qildi. The Wall Street Journal nashri 31-dengiz piyodalari ekspeditsiya korpusi allaqachon mintaqaga yetib kelganini qayd etgan. Hududga 82-havo-desant diviziyasi bo‘linmalari ham tashlangan, bundan tashqari, Tramp yana 10 ming harbiy yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 30 mart kuni jurnalistlarga AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi amaliyotlarni normallashtirish ustida «ishlayotgani»ni aytdi, ammo buni Eron floti, raketa dasturi va yadroviy imkoniyatlariga zarbalar berish kabi asosiy harbiy maqsadlar qatorida tilga olmadi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham shu kuni Amerika kampaniyasi bir necha hafta ichida yakunlanishi haqida gapirdi. «Shundan keyin biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muammosiga duch kelamiz va yechim Eronga bog‘liq bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qilgan u.
Mavzuga oid
15:29
Eronda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun to‘lov undirish rejasi ma’qullandi
13:49
Ispaniya Erondagi urushda ishtirok etayotgan samolyotlar uchun osmonini yopdi
09:09
Tramp: Eron bilan kelishuv bo‘lmasa, qattiq zarba beriladi
22:35 / 30.03.2026