Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qimmatga tushgan ta’ziya. Ingliz tilidagi hamdardlik Kanadadagi amaldorlardan birining lavozimidan ayrilishiga sabab bo‘ldi
Air Canada aviakompaniyasi bosh direktori Maykl Russo fransuz tilida gapira olmasligi bois mojaro markazida qoldi.
O‘tgan hafta La-Guardiya aeroportida yuz bergan halokatli to‘qnashuv Air Canada uchun og‘ir davrni boshlab berdi. Dushanba kuni aviakompaniya bosh direktori tez orada iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Maykl Russo ikki uchuvchi halok bo‘lgan hodisa ortidan keskin tanqidlarga uchragach, lavozimini tark etdi.
Biroq norozilikning asosiy sababi to‘qnashuvning o‘zi emasdi. Russo hamdardlik bildirishda ingliz tilidan foydalangani tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Bosh vazir Mark Karni videomurojaatni «hamdardlikning yo‘qligi» deb baholadi, fransuz tilida so‘zlashuvchi Kvebek siyosatchilari esa Russoni iste’foga chiqishga chaqirishdi.
Kanadada ingliz tilidagi video nima uchun bunday katta bahslarga sabab bo‘ldi?
Hamdardlikdan mojarogacha
22 mart kuni kechqurun Monrealdan uchgan Air Canada samolyoti Nyu-Yorkda qo‘nish paytida tez yordam mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda ikki uchuvchi halok bo‘ldi, o‘nlab yo‘lovchilar jarohatlandi.
Bu Air Canada uchun so‘nggi 40 yildan ortiq vaqt ichidagi o‘lim bilan tugagan ilk aviahalokat bo‘ldi.
Ertasi kuni aviakompaniya o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Russoning to‘rt daqiqalik videomurojaatini e’lon qildi. U videomurojaatda buni «juda og‘ir kun» deb atadi va halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi. Murojaat ingliz tilida bo‘lib, ikkala rasmiy tilda subtitrlar bilan berilgan edi.
Xabarlarga ko‘ra, shu zahoti Kanadaning rasmiy tillar masalalari bo‘yicha vakiliga o‘nlab shikoyatlar kelib tushgan. Shu kuni tush paytiga kelib parlament qo‘mitasi bir ovozdan Russoni «izoh berish uchun» chaqirishga qaror qildi.
Kvebek siyosatchilari Russoni halok bo‘lgan uchuvchilardan biri — kvebeklik Antuan Forest oilasiga nisbatan «ochiqdan-ochiq hurmatsizlik»da aybladi.
Bundan tashqari, provinsiya qonun chiqaruvchilari bosh direktorni iste’foga chiqishga chaqiruvchi tavsiyaviy qaror qabul qildi.
Kanadalik yozuvchi Jyek Jyedvab La Presse gazetasida Russoning fransuz tilini bilmasligi Air Canada xodimlarining «ikki tillilik qadriyat emas, balki cheklov» degan xulosaga kelishlari haqida yozdi.
«U aviakompaniya vakili bo‘lishga loyiq emas», — deb yozdi Jyedvab.
Uch kundan so‘ng aviakompaniya Russoning uzr so‘ragan murojaatini e’lon qildi. U aytgan so‘zlari azadorlarga nisbatan e’tiborni kamaytirganidan «chuqur afsusda» ekanini bildirdi.
U shuningdek, ko‘p yillik mashg‘ulotlarga qaramasdan, uning fransuzchasi hali ham yetarli darajada emasligini tan oldi.
Bir necha kundan so‘ng Air Canada 68 yoshli Russo sentabrgacha lavozimini tark etishini ma’lum qildi.
Aviakompaniya vakili The Wall Street Journal nashriga bu qaror «tabiiy ravishda nafaqaga chiqish vaqti kelgani» bilan bog‘liq ekani va til masalasiga aloqasi yo‘qligini aytdi.
Biroq ko‘pchilikda muddat borasida savollar paydo bo‘ldi.
Air Canada’ga xush kelibsiz / Bienvenue à Air Canada
Kanadadan tashqarida yashovchilar nega Russoning fransuz tilini bilmasligi bunday shov-shuvga sabab bo‘lganini tushunmasligi mumkin.
Buning javobi Air Canada tarixi va uning milliy aviakompaniya sifatidagi maqomi hamda Kanadada ikki tillilikning huquqiy va madaniy ahamiyatida.
Aviakompaniya dastlab federal hukumatga tegishli bo‘lgan va boshqarilgan, shu bois u Kanadaning rasmiy tillar to‘g‘risidagi qonuni ta’sir doirasiga tushgan. Ushbu qonun bilan kanadaliklarga davlat xizmatlarini ingliz va fransuz tillarida olish huquqi kafolatlangan.
Air Canada 1988 yilda xususiylashtirilgan bo‘lsa-da, hukumat uni ikki tillilik talablariga rioya qilishga majbur etuvchi qonunni qabul qilgan, deydi Ottava universiteti til huquqlari kafedrasi mudiri Fransua Larok.
«Samolyot qayerda uchmasin, unga Kanada milliy ramzi sifatida qaralgan», — dedi Larok BBC’ga bergan intervyusida.
Air Canada reyslarida uchganlar odatda ingliz va fransuz tillarida «Welcome to Air Canada» va «Bienvenue à Air Canada» kabi e’lonlarni eshitishgan.
Air Canada avval ham ikki tillilik talablarini buzgan. U 2019 yilda fransuz tilida so‘zlashuvchi oila ichki reyslardagi ayrim yozuvlar faqat ingliz tilida ekanligidan shikoyat qilgani uchun jarimaga tortilgan.
Russoning bosh direktor etib tayinlanishi ham bahslarga sabab bo‘lgan, chunki u ko‘p yillar davomida Monrealda yashagan bo‘lsa-da, faqat ingliz tilida gapirgan.
2021 yilda lavozimga kirishganidan keyin Russo jurnalistning fransuz tilida bergan savoliga fransuzcha javob berishga qiynalgani ommaviy axborot vositalarining sarlavhasiga aylangandi.
«Qanaqasiga Monrealda yashab turib, fransuzcha gapirmaslik mumkin? Bu osonmi?» — deb so‘ragan jurnalist avval fransuz, keyin ingliz tilida.
«Ish jadvalimga qarasangiz, nega shunday ekanini tushunasiz», — deb javob bergan Russo.
Oradan besh yil o‘tgach ham uning fransuz tilida so‘zlay olmasligi ko‘pchilik uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi.
O‘tgan haftada La-Guardiya aeroportida yuz bergan hodisa aviakompaniya uchun so‘nggi 40 yildan ortiq vaqt ichidagi o‘lim bilan tugagan ilk aviahalokat bo‘ldi.
«Dunyoning boshqa hech yerida bunaqasi bo‘lmagan»
Kvebekda ko‘pchilik norozi bo‘lgan bir paytda, Kanadaning boshqa hududlarida ayrimlar ushbu salbiy fikrlarni shubha ostiga oldi.
«Dunyoning boshqa hech yerida bunaqasi bo‘lmagan», deb yozdi torontolik sharhlovchi Kris Selli National Post nashrida.
Boshqalar esa siyosatchilarni frankofon saylovchilarni jalb qilish uchun vaziyatdan foydalanishda aybladi.
«Ikki nafar yosh inson halok bo‘ldi. Hamdardlik bildiring, hurmat ko‘rsating, lekin bu fojiadan siyosiy mashhurligingizni oshirish uchun foydalanmang», — deb yozdi okvillik Joann O’Xara Globe and Mail tahririyatiga maktubida.
Larokning so‘zlariga ko‘ra, fransuz va britan koloniyalari ta’sirida paydo bo‘lgan ikki tillilik «Kanada tarixi bilan uzviy bog‘liq» va mamlakat birligining bir qismi hisoblanadi.
«Agar fransuz tili rasmiy til bo‘lmaganida Kvebekning Kanada tarkibida qolishi ehtimoli kam bo‘lardi», — dedi u.
Ikki tillilik shu darajada yuqori ahamiyatga egaki, yozilmagan qoidaga ko‘ra, Kanada bosh vazirligiga nomzod shaxs har ikki rasmiy tilni bilishi shart, deya qo‘shimcha qildi Larok.
Kanada g‘arbida tug‘ilib-o‘sgan anglofon Karni esa o‘tgan yili bosh vazirlikka nomzodini qo‘yishdan oldin o‘z fransuzchasini yaxshilash ustida jiddiy ishlagan va uning fransuz tilini bilishi e’tibor markazida bo‘lgan.
Boshqa rasmiy shaxslar ham, jumladan Kanada general-gubernatori, tub aholining ushbu lavozimni egallagan ilk vakili Meri Saymon fransuz tilini bilmagani uchun tanqidga uchragan.
Air Canada yanvar oyida bosh direktorlik uchun nomzodlar qidirishni boshlaganini ma’lum qildi. Aviakompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, nomzod tanlashda turli omillar, xususan, «fransuz tilida so‘zlasha olish» salohiyati ham muhim mezon bo‘ladi.
Mavzuga oid
13:56 / 23.03.2026
AQShda yo‘lovchi samolyoti o‘t o‘chiruvchi mashina bilan to‘qnashib ketdi
01:01 / 18.08.2025
Kanada hukumati Air Canada xodimlarining ish tashlashini to‘xtatishga chaqirdi
15:00 / 16.05.2020
Air Canada 60 foizgacha xodimini ishdan bo‘shatadi
09:00 / 27.08.2019