Jahon | 20:57
1409
3 daqiqa o‘qiladi

Qrimda An-26 qulashi oqibatida Shimoliy flot aviatsiyasi komandiri halok bo‘lgan

Aleksandr Otroshchenko Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davrida halok bo‘lgan 14-general bo‘ldi.

Foto: citysever.ru

31 mart kuni kechqurun Qrimda halokatga uchragan An-26 samolyoti yo‘lovchilaridan biri Shimoliy flot aralash aviatsiya korpusi komandir, general-leytenant Aleksandr Otroshchenko edi.

Shimoliy flotda xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilardan biri BBC bilan suhbatda Otroshchenkoning o‘limi haqida xabar bergan. Severomorskda yashovchi, ushbu aviahalokatda mayor unvonidagi qarindoshi halok bo‘lgan manba ham bu ma’lumotni tasdiqlagan. Generalning o‘limi haqida mahalliy pabliklarda xabar tarqalgan, ammo hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi.

An-26 rusumli harbiy-transport samolyot 31 mart kuni Qrim hududida qulagan. Uning bortida bo‘lgan 30 kishining barchasi – ekipajning 7 nafar a’zosi hamda 23 yo‘lovchi halok bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi hodisaga texnik nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Mahalliy nashrlarda esa u qoyaga urilib ketgani aytilgan. Murmansk oblasti gubernatori qurbonlar orasida Shimoliy flot harbiylari bo‘lganini tasdiqlagan.

Otroshchenko 1962 yilda Stavropolda tug‘ilgan va xizmatni Boltiq dengiz floti dengiz piyodalari matrosi sifatida boshlagan. 1981 yilda Stavropol oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1994 yilda esa Marshal Jukov nomidagi havo hujumidan mudofaa harbiy qo‘mondonlik akademiyasini bitirgan. 1990-yillarda u Tinch okeani flotining aviatsiya eskadroni komandiri sifatida xizmat qilgan.

2005 yilda Bosh shtab Harbiy akademiyasini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2010 yildan 2013 yilgacha Qora dengiz flotining dengiz aviatsiyasi boshlig‘i bo‘lgan. Keyin Shimoliy flot dengiz aviatsiyasiga rahbarlik qiladi. Shimoliy dengiz flotining 45-harbiy havo kuchlari va havo mudofaasi armiyasiga komandirlik qilgan. 2019 yilda unga general-leytenant unvoni berilgan. 2024 yildan buyon Shimoliy flot aralash aviatsiya korpusini boshqarib kelayotgandi.

2014 yilda Otroshchenko Qrimni anneksiya qilishda ishtirok etgan, keyinchalik Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasida ham qatnashgan.

General-leytenant Otroshchenko xizmat ko‘rsatgan harbiy uchuvchi bo‘lib, umumiy parvoz vaqti 2000 soatdan oshadi. Uning o‘g‘li Aleksandr Otroshenko ham harbiy aviatsiyada xizmat qiladi. Bu yillar davomida Otroshchenkoning asosiy xizmat joyi Severomorsk bo‘lgan.

BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, Otroshchenko Rossiya-Ukraina urushi boshidan buyon halok bo‘lgan 14-rossiyalik generalga aylandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid