Sog‘lom hayot | 22:27 / 05.04.2026
712
3 daqiqa o‘qiladi

Fakt: yig‘lash sog‘liq uchun foydali

Hissiy ravishda ko‘zyosh to‘kish og‘riq qoldiruvchi va antidepressant kabi ta’sir qiladi. 

Foto: Depositphotos

Olimlar ko‘z yoshi tarkibida nimalarni aniqlashgan?

1980 yillarda Minnesota hid va ta’m tadqiqotlari markazi bioximigi Uilyam Frey ilk bor inson ko‘z yoshlari tarkibini batafsil o‘rgandi. U hissiy ko‘z yoshlari (og‘riq, xafa bo‘lish yoki ta’sirlanish paytida chiqadigan) reflektor ko‘z yoshlaridan (masalan, piyoz to‘g‘raganda yoki ko‘zga nimadir kirib ketganda chiqadigan) kimyoviy jihatdan farq qilishini aniqladi.

Hissiy ko‘z yoshlari tarkibida quyidagilar hissasi yuqori bo‘ladi:

  • Leytsin-enkefalin — tabiiy opioid peptid bo‘lib, u miyadagi retseptorlar bilan morfin singari bog‘lanib, og‘riqni kamaytiradi;
  • Prolaktin va AKTG (adrenokortikotrop gormon) — organizm ko‘z yoshlari orqali chiqaradigan stress markerlari; 
  • Marganets — kayfiyat va xavotirga ta’sir qiluvchi mikroelement.

Oddiyroq qilib aytganda: hissiyot sababli yig‘laganingizda organizm nafaqat «yengillashadi», balki ortiqcha stress gormonlarini chiqarib tashlaydi va tinchlanish hamda og‘riqni kamaytirishga yordam beradigan moddalarni ishlab chiqaradi.

Barcha ko‘z yoshlari ham bir xilda foydali emas

Shuni bilish muhimki, og‘riqni kamaytirish effekti aynan hissiy yig‘lashga xosdir. Agar piyoz, shamol yoki infeksiya sabab ko‘zingizdan yosh chiqsa — kimyoviy tarkib boshqacha bo‘ladi va buning «shifobaxsh» ta’siri bo‘lmaydi. 

Yig‘i qachon yordam beradi?

  • Stressdan keyin, «ichingizdagini chiqarish» kerak bo‘lganida;
  • Ortiqcha ruhiy zo‘riqishda, so‘zlar yupata olmaganida;
  • O‘zingizni erkin his qila oladigan xotirjam muhitda.

Qachon ehtiyot bo‘lish kerak?

  • Yig‘lash stressni yengishning yagona usuliga aylansa;
  • Yig‘laganingizdan keyin yengillik emas, aksincha tushkunlik kuchaysa;
  • Yig‘lash kundalik hayotingizga xalal bersa, ko‘p ko‘zyosh to‘kadigan bo‘lib qolsangiz — bu holda mutaxassisga murojaat qilish kerak.

Xulosa

Yig‘lash — uyat yoki zaiflik emas. U biologik jihatdan asoslangan o‘zini boshqarish mexanizmi bo‘lib, u:

  • Stress gormonlari darajasini kamaytiradi;
  • Jismoniy va ruhiy og‘riqni pasaytiradi;
  • Ruhiy muvozanatni tiklaydi.

Agar hissiyotlaringiz to‘lib ketganini sezsangiz — o‘zingizni to‘xtatmang. Ba’zan 10 daqiqa yig‘lab olish, bir soat «o‘zingizni qo‘lga olish»ga urinishdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid