Jahon | 18:21
1252
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga qurol yetkazib beruvchilarga 50 foizlik bojlar bilan tahdid qildi

Shuningdek, AQSh Eron bilan tariflar va sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qurol yetkazib beradigan mamlakatlar Qo‘shma Shtatlarga import qilinadigan barcha mahsulotlarga zudlik bilan 50 foizlik bojlar joriy etilishiga duch kelishini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida ma’lum qildi.

«Eronga harbiy texnika yetkazib beruvchi davlatlar bugundan boshlab AQShga kiradigan barcha tovarlarga darhol 50 foizlik boj solinadi. Hech qanday istisno bo‘lmaydi!», deb yozdi u.

Tramp o‘zining boshqa postida AQSh Eron bilan tariflar va sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik shartnomasining 15 bandidan ko‘pi allaqachon kelishilgan.

Amerika yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, Eron «juda samarali rejim almashinuvini boshdan kechirgan». Uning fikricha, Tehron endi uranni boyitish bilan shug‘ullanmaydi, AQSh esa «chuqur ko‘milgan yadroviy changni (uranni) qazib oladi va yo‘q qiladi».

«U [uran] juda sinchkov sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi (Kosmik kuchlar!) ostida edi va hozir ham shunday», deb qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga 8 aprelga o‘tar kechasi, Trampning Eron sivilizatsiyasini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan ultimatumi muddati tugashidan bir necha soat oldin erishilgan edi. 10 aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobodda AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Trampning aytishicha, AQSh sulhga rozi bo‘lgan, chunki Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «butunlay, zudlik bilan va xavfsiz» ochishga tayyorligini bildirgan. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi o‘t ochishni to‘xtatishga roziligini tasdiqladi, biroq Tehron hali ham AQSh tajovuziga javob berishga tayyorligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid