Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqdagi vaziyat: muzokaralar boshlanishi arafasida tomonlar bir-birini ayblamoqda
11 aprel kuni Islomobodda Erondagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kerak. Ammo tinchlik muzokaralari arafasida AQSh tomonidan e’lon qilingan sulh o‘ta shartli bo‘lib ko‘rinmoqda: Isroil jumaga o‘tar kechasi ham Livan bo‘ylab zarbalar berishni davom ettirdi, Donald Tramp esa Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmagani uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.
Foto: Houssam Shbaro/Anadolu via Getty Images
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklashni davom ettirmoqda
Jumaga o‘tar kechasi (Vashington vaqti bilan payshanba kuni) AQSh prezidenti Donald Tramp Trith Social ijtimoiy tarmog‘ida davomli postlar e’lon qilib, Eronni ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda aybladi.
«Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft o‘tishini ta’minlash masalasini juda yomon – hatto insofsizlarcha desa ham bo‘ladi – uddalamoqda. Bu biz tuzgan kelishuv emas!» – deb yozdi AQSh prezidenti.
Tramp shuningdek o‘ziga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan tankerlardan pul talab qilayotganini aytib, bunday yo‘l tutmaslikni talab qilgan. «Ular bunday qilmagani ma’qul, agar shunday bo‘lsa, ularga buni zudlik bilan to‘xtatishni maslahat beraman», – deb yozdi u.
Yana bir postida esa u «tez orada Eron yordamida yoki uning ishtirokisiz neft o‘ta boshlashi» haqida gapirgan, ammo bu aynan qanday ro‘y berishiga aniqlik kiritmagan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochishi – Tramp tomonidan e’lon qilingan vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish rejimining asosiy shartlaridan biridir.
Trampning e’lonidan keyin Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar o‘tishi cheklangan formatda tiklangandi. Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, sulhdan keyingi birinchi kuni bo‘g‘ozdan neft mahsulotlari yuklangan birgina tanker hamda yana beshta yuk kemasi o‘tkazilgan. AFP agentligi aniqlashicha, Yaqin Sharqdagi sulh boshlanganidan buyon bo‘g‘ozdan o‘tgan kemalarning jami soni 10 tani tashkil etmoqda. Bu esa urushdan oldingi davr ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda juda kamtarona raqamdir – urushgacha jahondagi tashiladigan neftning 20 foizi ushbu suv yo‘liga to‘g‘ri kelardi va kuniga o‘rtacha 140 tanker bo‘g‘oz orqali harakat qilardi.
Isroil Livanni o‘qqa tutishni davom ettirmoqda
Eron endi bo‘g‘ozni yana yopib qo‘ygan. Tehrondagilar buni Isroil qo‘shni Livan hududini o‘qqa tutishni davom ettirayotgani bilan izohlagan.
Juma kuni tongda isroillik harbiylar Livandagi 10 ta raketa uchirish qurilmasiga zarbalar yo‘llanganini ma’lum qildi, ularning iddao qilishicha, «Hizbulloh» payshanba kuni shu nuqtalardan Isroil shimolini o‘qqa tutgandi. Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ushbu guruh Isroil tomon uchirgan raketalar to‘xtatib qolinganini bildirgan. «Hizbulloh» Isroil shimolidagi Hayfa shahridagi harbiy infratuzilma inshootlarini nishonga olganini ma’lum qilgan.
Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi zarbalar almashinuvi AQSh tomonidan 8 aprel kuni e’lon qilingan sulh davrida kuzatilmoqda. Sulhning birinchi kuniyoq isroillik harbiylar Livan hududiga urush boshidan buyon eng yirik zarbalarini yo‘llagandi. Livan hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat janubidagi shaharlar o‘qqa tutilishi oqibatida 300 dan ortiq kishi halok bo‘lib, mingdan ortiq kishi yaralangan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 9 aprel kuni kechqurun Livan hukumati bilan muzokaralar boshlanayotgani haqida ma’lum qildi. U buni «Livan hukumati bir necha bor iltimos qilgani»ni ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muzokaralarda muhokama qilinadigan asosiy masalalar «Hizbolloh»ni qurolsizlantirish hamda Isroil va Livan o‘rtasida tinch munosabatlar o‘rnatilishi bo‘ladi.
Livan prezidenti Jozef Aunning idorasi hozircha uning bayonoti yuzasidan munosabat bildirmadi.
NBC News telekanaliga bergan intervyusida Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar arafasida Livan bo‘ylab zarbalarni qisqartirishga va’da berganini aytdi.
«Men Bibi bilan gaplashdim va u o‘z harakatlarida yanada vazminroq bo‘lmoqchi. Men shunchaki o‘zimizni biroz vazminroq tutishimiz kerak deb hisoblayman», – degan Tramp Isroil bosh vaziri bilan o‘tkazilgan telefon muloqotidan keyin.
Livanlik yuqori martabali mulozim Reuters agentligiga Livan so‘nggi bir kun ichida Isroil bilan kengroq muzokaralar uchun sharoit yaratish maqsadida vaqtinchalik sulh tuzishga erishganini ma’lum qilib, ularni AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh bilan bir xil bo‘lgan «alohida kanal, lekin bir xil model» deb ta’rifladi.
Reuters agentligining Isroildagi manbasiga ko‘ra, Isroil va Livan o‘rtasidagi muzokaralar kelasi hafta Vashingtonda boshlanishi kutilmoqda. Davlat departamenti vakili ham «o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha davom etayotgan muzokaralarni muhokama qilish» uchun kelasi hafta uchrashuv bo‘lishini tasdiqlagan.
Biroq, keng ma’noda, Isroilning Livan hududini o‘qqa tutishda davom etishi AQSh, Isroil va Eron o‘rtasida Islomobodda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda muhokama qilinishi kerak bo‘lgan ehtimoliy sulh shartlari masalasida kelishmovchiliklar borligining yorqin namunasidir.
Isroil va AQSh o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga taalluqli emasligini ta’kidlagan, Eron esa Isroilning Bayrut va Livanning boshqa shaharlariga hujumlarini to‘xtatishni sulhning eng muhim sharti deb atamoqda hamda Isroil Livanga zarba berishni to‘xtatmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochishdan bosh tortmoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ham Livan va Eronning boshqa ittifoqchilari o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining bir qismi ekanini aytgan.
Ushbu mojaroda vositachilik qilayotgan Pokiston ham bunga qo‘shiladi
Tomonlarning bayonotlari vaziyatni boshi berk ko‘chaga yetaklamoqda: Donald Tramp Eron «haqiqiy tinchlik kelishuvi» shartlarini bajarmagunicha amerikalik harbiylar mintaqani tark etmasligini va’da qilgan, Erondagilar esa «AQShning tajovuzi to‘xtamagunicha» Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasligini ma’lum qilgan.
Shanba kuni muzokaralar
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi hamda Eron parlamenti rahbari Muhammad Boqir G‘olibof boshchiligidagi eronliklar delegatsiyasi allaqachon Pokiston poytaxti Islomobod shahriga yetib kelgani aytilmoqda. Bu yerda 11 aprel kuni AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi bilan tinchlik muzokaralari boshlanishi rejalashtirilgan.
Eronning Pokistondagi elchisi Rizo Amiri Mogadam muzokaralar Eron tomonidan taklif etilgan 10 ta bandga asoslanishini ma’lum qilgan.
Eron davlat nashrlariga ko‘ra, bu tinchlik rejasi butun Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish, islom respublikasiga qaytadan hujum qilinmasligi bo‘yicha kafolat, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eronning to‘liq nazorati, uning uranni boyitish huquqini tan olish, barcha sanksiyalarni bekor qilish hamda tovon to‘lanishini nazarda tutadi.
Tramp Islomoboddagi muzokaralarda tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha «juda optimistik kayfiyatda» ekanini, chunki Eron «barcha narsaga roziligi»ni aytgan.
Ammo Eron tomoni Livanda o‘t ochish to‘liq to‘xtatilmagunicha muzokaralarga kirishmoqchi emas.