Jahon | 09:28
1540
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina sulhni qo‘llab-quvvatlaydi

Ukraina prezidenti Kiyev Moskva tomonidan Pasxa munosabati bilan e’lon qilingan sulhdan keyin “xuddi shunday qadamlar”ga tayyor ekanini bildirdi. Volodimir Zelenskiy ta’kidlashicha, “Rossiyada Pasxadan keyin ham o‘q uzishlarni qayta boshlamaslik imkoniyati bor”.

Foto: REUTERS

Kreml tomonidan Pasxa sulhi e’lon qilinishiga javoban Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z mamlakati “xuddi shunday qadamlar”ga tayyorligini bildirdi va Kiyev bugunga qadar ham Pasxa davri uchun o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilganini eslatdi. Bu haqda u 9 aprel, payshanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda yozdi.

“Ukraina bir necha bor biz shunday qadamlarga tayyor ekanimizni aytgan. Biz bu yil Pasxa bayramlari vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan edik va shunga muvofiq harakat qilamiz, — dedi Zelenskiy. — Odamlarga tahdidlarsiz Pasxa va tinchlik sari haqiqiy harakat kerak. Rossiyada esa Pasxadan keyin ham o‘q uzishlarni qayta boshlamaslik imkoniyati bor”.

Shuningdek, shu kuni Kreml saytida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushda Pasxa munosabati bilan 11 aprel soat 16:00 dan Moskva va Kiyev vaqti bilan 12 aprel oxirigacha sulh e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.

Aprel oyi boshida Volodimir Zelenskiy Ukraina “Rossiyaga kamida Pasxagacha o‘t ochishni to‘xtatishni bir necha bor taklif qilganini”, ammo uning so‘zlaridan anglashilishicha, bu taklif rozilik olmaganini bildirgandi. Ukraina prezidenti 30 mart kuni ham Pasxa davrida Rossiya bilan energetika sohasida sulh masalasini muhokama qilishga Kiyev tayyor ekanini aytgan edi. O‘shanda Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning bu so‘zlarida Rossiya tomoni “aniq ifodalangan tashabbusni ko‘rmaganini” bildirgan.

Bir yil oldin Vladimir Putin Pasxadan bir kun avval — 2025 yil 19 aprel kechqurun Ukrainada sulh va jangovar harakatlarni to‘xtatishni e’lon qilgan edi. Zelenskiy bu tashabbusga rozilik bildirgan va Rossiyaga uning amal qilish muddatini uzaytirishni taklif etgan. Biroq oradan bir kun o‘tib, Kiyev va Moskva bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzganlikda ayblagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid