O‘zbekiston | 17:45
885
2 daqiqa o‘qiladi

Chempionatga chipta – viza olishni kafolatlamaydi – AQSh elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasining ma’lum qilishicha, FIFA PASS imtiyozli ro‘yxatga olish tizimi orqali viza suhbatiga yozilish mumkin. Ya’ni bu tizim faqatgina viza suhbatini oldinroqqa belgilash imkonini beradi. Elchixonaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, odamlar orasidagi “Chempionatga chipta bo‘lsa bas, viza beriladi”, degan gap mutlaqo noto‘g‘ri. Chipta vizani kafolatlamaydi, hamma bir xil tekshiruvdan o‘tadi, deydi diplomatik idora.

FIFA PASS imtiyozli ro‘yxatga olish tizimi jahon chempionatiga chiptangiz bo‘lsa, viza suhbatini avvalroqqa belgilash imkoniyatini beradi, xolos. Bu viza olishni hech qanaqasiga osonlashtirmaydi, chempionatga chiptasi borlar viza olishi aniq degan gap yo‘q.

Viza suhbatini oldinroqqa belgilash imkonini beruvchi FIFA PASS qanday ishlaydi?

Elchixonaga ko‘ra, avvalo FIFA rasmiy saytidan chipta sotib olinishi shart. Keyin, fifa.com/tickets saytida rozilik formasini pasport ma’lumotlari bilan to‘ldirish kerak. Undan keyin esa viza uchun DS-160 arizasini xuddi shu ma’lumotlar asosida to‘ldirish talab etiladi.

Ya’ni FIFA PASS va DS-160 dagi passport ma’lumotlari bir xil bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng viza suhbatini belgilash talab qilinadi.

Agar viza tizimidagi ma’lumotlaringiz rozilik formasidagi ma’lumotlarga mos kelsagina, FIFA PASS imtiyozli ro‘yxatga olish tizimi orqali viza suhbatiga kirishingiz mumkin bo‘ladi.

Elchixona xabarida yozilishicha, chipta viza olishni kafolatlamaydi va barcha arizachilar standart xavfsizlik tekshiruvlaridan baribir o‘tadi.

“Suhbatga keling va barcha savollarga rost javob bering. Yodda tuting, chipta viza olishni kafolatlamaydi. Barcha arizachilar bir xil, standart xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkaziladi. Tribunalarda ko‘rishguncha!” – AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid