Jahon | 23:17 / 15.04.2026
5796
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Kubaga qarshi harbiy operatsiyaga tayyorgarlikni boshladi – OAV

Pentagon, agar AQSh prezidenti Donald Tramp shunday buyruq bersa, Kubada harbiy operatsiyalar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.

Foto: GIORGIO VIERA, AFP via Getty Images

Prezident Donald Tramp ma’muriyati Pentagonga Kubada ehtimoliy harbiy operatsiyaga tayyorgarlikni kuchaytirishni yashirincha topshirdi. Bu haqda USA Today Oq uy ko‘rsatmalari bilan tanish bo‘lgan ikkita anonim manbaga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Pentagon va AQSh Janubiy qo‘mondonligi prezidentning harbiy operatsiya to‘g‘risidagi ehtimoliy buyrug‘ini kutib, favqulodda vaziyatlarni rejalashtirishni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.

Vashington va Habana o‘rtasidagi keskinlik 2026 yil yanvar oyida AQSh Kubaga neft yetkazib berishga qat’iy cheklovlar kiritganidan keyin keskin oshdi. Bu chora «maksimal bosim» kampaniyasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi Kuba rahbariyatini keng ko‘lamli siyosiy islohotlar o‘tkazishga va aslida rejim o‘zgarishiga erishishga majbur qilish edi.

Yanvar oyida AQSh harbiylarining Nikolas Maduroni Venesueladan olib chiqish bo‘yicha o‘tkazgan maxfiy operatsiyasi vaziyatni yanada murakkablashtirdi, oqibatda sobiq prezidentni qo‘riqlayotgan 32 nafar kubalik harbiy halok bo‘ldi.

Prezident Trampning o‘zi Kubani nishonga olganini bir necha bor ma’lum qilgan.

«Biz bu masalani hal qilganimizdan so‘ng, Kubaga kirishimiz mumkin», dedi Tramp 13 aprel kuni Eronga qarshi davom etayotgan harakatlarni nazarda tutib.

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel orol mudofaaga tayyorligini aytdi: «Biz jang qilamiz, o‘zimizni himoya qilamiz va agar jangda halok bo‘lsak, vatan uchun o‘lish - bu yashash demakdir».

Hozircha gap faqat rejalarni tayyorlash haqida ketmoqda, bosqin haqida qabul qilingan qaror haqida emas. Shu bilan birga, parda ortidagi muzokaralar davom etmoqda: Kuba AQShga portlar, energetika va turizm bo‘yicha iqtisodiy hamkorlikni taklif qilyapti, biroq Vashington siyosiy o‘zgarishlarni talab qilmoqda.

Ba’zi mutaxassislarning ta’kidlashicha, Kuba o‘nlab yillar davomida kommunistik boshqaruvdan so‘ng «so‘nggi nafasini olmoqda» va Tramp ma’muriyati bu ishni yakunlash niyatida ekani aniq.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid