Jahon | 21:07
1413
8 daqiqa o‘qiladi

Eron va AQSh sulhi muddati tugamoqda, tinchlik kelishuvi esa hamon yo‘q

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana yopilgan. Muzokaralarning yangi bosqichi o‘tkazilishi aniq emas.

US Central Command Public Affairs / AFP / Scanpix / LETA

Amerikalik harbiylar Eronning «Tuska» (Touska) nomli yuk kemasini Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamalni yorib o‘tishga urinishda ayblab, egallab olganidan keyin Eron va AQSh o‘rtasidagi sulh xavf ostida qoldi. 19 aprel kuni AQSh Xitoydan kelib, Eronning Bandar-Abbos portiga o‘tishga uringan konteynerovozga zarba bergan. Keyin esa Amerika dengiz piyodalari kema bortiga tushirilgan.

Tehron Vashingtonni sulhni buzish va qaroqchilikda aybladi. Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ismoil Baqoiy AQSh diplomatik jarayonni davom ettirishga «jiddiy» yondashmayotgani, Eron o‘z talablarini o‘zgartirmoqchi emasligini aytdi. Eron harbiy qo‘mondonligi «Tuska» konteynerovoziga zarbaga javob tariqasida Tehron Amerika harbiy kemalariga dronlar bilan hujum qilganini bildirdi.

O‘tgan hafta oxirida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochgandi, ammo ko‘p o‘tmay suv yo‘li yana yopildi. 17 aprel, juma kuni Eron bo‘g‘ozni barcha tijoriy kemalar uchun vaqtincha ochganini e’lon qilgandi. Ammo shanba kuniyoq Tehron kemalar qatnovini yana to‘xtatdi. Islom respublikasi qurolli kuchlari qo‘mondonligi AQSh Eron portlarini blokada qilishda davom etarkan, kemalar harakatiga to‘sqinlik qilishi haqida ogohlantirgan. Ko‘p o‘tmay Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishga harakat qilgan bir necha kema o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi. Amerika blokadasi 12 apreldan buyon amal qilmoqda va Vashington hozircha bundan voz kechishini ma’lum qilmadi.

Ikki tomonlama blokada

Yaqin Sharqdagi urush boshlangan 28 fevral kuniyoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda bloklab qo‘yilgandi. Eron kemalar egalariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi asosiy suv yo‘li minalar tufayli (suv yo‘li minalanganiga dalil yo‘q) xavfsiz emasligini va ayrim tankerlarni to‘lov (tashilayotgan har bir barrel neft uchun bir dollar miqdorida) evaziga o‘z sohillari yaqinidan o‘tkazishni boshlashini ma’lum qilgan.

Eronning bu yo‘nalishni yopish qarori Yaqin Sharq neftiga qaram bo‘lgan mamlakatlarga jiddiy iqtisodiy zarar yetkazdi va butun dunyo bo‘ylab energiya tashuvchilar narxi oshishiga olib keldi. Tinch davrda butun dunyo bo‘ylab tashiluvchi neftning beshdan bir qismi hamda va suyultirilgan gazning katta qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali olib o‘tilardi.

11-12 aprel kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda o‘tkazilgan muzokaralarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Donald Tramp dengiz blokadasi boshlanishini e’lon qildi. Amerika harbiy-dengiz kuchlari kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Eron portlariga borishiga va Eron portlaridan chiqishiga to‘sqinlik qilishga kirishdi.

Shu tariqa, Tramp Tehronni muzokaralardagi asosiy bosim dastagi – Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirish nazoratidan mahrum qilishga urindi. Blokada tufayli Erondagi iqtisodiy vaziyat ham keskin yomonlashishi mumkin.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab harakat amalda to‘xtab qolgan. So‘nggi 12 soatda bu yo‘nalish orqali atigi uchta kema o‘tdi, deb xabar beradi Reuters agentligi SynMax ma’lumotlarni qayta ishlash mutaxassislarining sun’iy yo‘ldosh tahlili va Kpler monitoring platformasi ma’lumotiga tayanib xabar berdi. Taqqoslash uchun, Kpler ma’lumotiga ko‘ra, 18 aprel kuni, Eron blokadasi tiklangunicha, bo‘g‘oz orqali neft, suyultirilgan gaz, metallar va o‘g‘it yuklangan 20 dan ortiq kema o‘tgandi. Bu 1 martdan buyon eng ko‘p miqdordagi kemalar o‘tishi bo‘lgan.

Tramp Amerika delegatsiyasi 20 aprel kuni kechqurun muzokaralarni davom ettirish uchun Islomobodga yetib borishini ma’lum qilgan. Oq uy vakili Reuters’ga aytishicha, AQSh delegatsiyasiga, muzokaralarning birinchi bosqichida bo‘lgani kabi, vitse-prezident Jyey Di Vens rahbarlik qiladi. Trampning o‘zi oldinroq Vens Islomobodga bormasligini aytgandi. Amerikalik muzokarachilar safida AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Vashington Tehronga «adolatli va oqilona kelishuv» taklif etgan. «Umid qilamanki, ular buni qabul qiladi. Agar yo‘q bo‘lsa, AQSh Erondagi har bir elektr stansiyasini va har bir ko‘prikni istisnosiz ishdan chiqaradi. Endi mulozamat qilib o‘tirmaymiz! Ular juda tez va oson qulaydi. Agar ular kelishuvga rozi bo‘lishmasa, boshqa prezidentlar oxirgi 47 yil davomida Eron bilan qilishi kerak bo‘lgan ishni amalga oshirish men uchun sharaf bo‘ladi», – deb yozdi Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Eron muzokaralarning ikkinchi bosqichida ishtirok etishini tasdiqlamadi. Ikkinchi bosqich bo‘lib o‘tishi aniq emas. Eronning Tasnim agentligi Qo‘shma Shtatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishda davom etayotgani tufayli Tehron AQSh bilan muzokaralar uchun Pokistonga delegatsiya yuborishni rejalashtirmayotganini xabar qilgan. Eronning IRNA agentligi esa dengiz blokadasidan tashqari «AQShning haddan tashqari talablari va ularning asossiz va noreal kutilmalari», Vashington «pozitsiyalari doimiy o‘zgarishi»,  «ziddiyatli bayonotlar» va tahdidlarni muzokaralarga to‘siq deb atadi. Shu bilan birga, Reuters xabariga ko‘ra, Pokistonda muzokaralarga tayyorgarlik davom etmoqda.

Islomoboddagi muzokaralar kelishuvga erishish yoki sulhni uzaytirish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin. 21 aprel – rasman tomonlar oy boshida kelishib olgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimining so‘nggi kuni hisoblanadi.

Eron muzokaralar Oq uyning hiylasi ekanidan xavotirda, deb yozadi Axios. Tramp 19 aprel kuni ushbu nashr bilan suhbatda sulhning so‘nggi kuni yaqinlashayotganiga xotirjam qarashini aytdi. «Bitim konsepsiyasi allaqachon kelishilgan. O‘ylaymanki, uni oxiriga yetkazish uchun juda yaxshi imkoniyatlarimiz bor», – dedi u. Biroq jurnalistlar bilan suhbatlashgan Eron rasmiylari AQSh yetakchisining optimizmiga qo‘shilmayapti va uning kelishuv haqidagi bayonotlariga shubha bilan qaramoqda, ular bu – AQShning kutilmagan hujumi uchun niqob bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Muzokaralar va sulh masalasidagi noaniqlik neft narxlariga ta’sir ko‘rsatdi. Ular taxminan 5 foizga oshdi va treyderlar sulhning buzilishidan xavotirga tushgani sababli fond bozorlari tebranib ketdi. Xususan, Toshkent vaqti bilan soat 16:48 da Brent neftining fyucherslari 4,8 foizga oshib, bir barrel uchun 94,75 dollarni tashkil qildi. Shu tariqa, neft narxi 17 aprel kuni Eron bo‘g‘oz ochilishini e’lon qilganidan keyin yuz bergan pasayishning katta qismini qaytarib oldi. O‘shanda Brent nefti narxi deyarli 10 foizga – bir barrel uchun 90 dollargacha tushib ketgan edi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid