Bugun dunyoda 32 ta davlatda atom elektr stansiyalari bor va ularda 440 ta reaktor ishlab turibdi. Yaqin yillarda AESga ega davlatlar ro‘yxati kengayadi va ular safiga O‘zbekiston hamda Qozog‘istonning qo‘shilish ehtimoli yuqori.

20-asrning ikkinchi yarmida insoniyat atom elektr stansiyalaridan foydalanib elektr energiya olishga o‘tdi.

Orada bir muddat yangi AESlar qurilishi sekinlashdi. Biroq 21-asrga o‘tib dunyoning rivojlanayotgan davlatlari yangi AESlar qurishni boshladi.

2024 yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 9-10 foizi AESlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

MAGATE ma’lumotlari esa biroz boshqacha, tashkilotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab elekt energiyaning 15-17 foizi AESlarda ishlab chiqarilmoqda.

Quyida AESlar qurilishi tarixi, ulardan eng ko‘p foydalanayotgan davlatlar, eng yirik AESlar haqida ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Birinchi AES qurilishi tarixi

Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida insoniyat uranni boyitib, undan atom bomba tayyorlaydi. So‘ng boyitilgan urandan elektr energiya olish uchun harakatlar boshlanadi.

O‘sha paytda AQSh va SSSR turli sohalarda, jumladan, fan va texnika bo‘yicha musobaqalashardi. Boyitilgan urandan energiya olish loyihasida ham shunday raqobat kechadi.

Bu poygada dunyodagi birinchi AESni qurgan sovetlar yutib chiqadi. U Kaluga viloyatida qurilgan “Obninsk” AES edi.

1950 yilda sovet hukumatining mamlakatda birinchi AESni qurish haqidagi qarori e’lon qilinadi. Oradan bir yil o‘tgach, uni Kaluga viloyatida qurish haqidagi ikkinchi qaror qabul qilinadi.

Birinchi AES qurilishiga NKVDning xo‘jalik ishlariga mas’ul bo‘lgan Pyotr Zaxarov mas’ul etib tayinlanadi. O‘sha paytlarda u shartli ravishda “Obekt B” deb nomlangan yadro fizikasi va energetikasi tadqiqot institutiga ham rahbarlik qilardi.

1952 yilda Kaluga viloyatidagi Pyatkino qishlog‘i o‘rnida AES qurilishi boshlanadi. 1954 yilda fizika-energetika instituti birinchi sinov reaktorini ishlab tayyorlaydi. Ungacha AESning birinchi navbati ham bitib qoladi.