Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chiqindi poligonlari qisqaradi, qayta ishlash oshadi: yangi rejalar ma’lum qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2024 yilda 47 mingdan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025 yilda ular soni 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zararga mutanosib emasligi sababli ba’zi korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirish qulayroq bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi. Jumladan, daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish, atmosfera havosiga belgilangan me’yordan ortiq tashlamalar chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yish, chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan moliyaviy choralar joriy etish ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonda ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirib, korxona aybini tan olgan holatlarda uni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llash, nizoli holatlarda esa masalani sud tartibida ko‘rib chiqish va hal etish tartibini joriy qilish taklif etildi.
Chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. 2025 yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetdi, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi, 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatildi.

Joriy yilda sanitar tozalash korxonalariga qo‘shimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berib, qamrovni 90 foizga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish, 2030 yilga borib, poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.
Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish, saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. 2026 yilda 28 ta, 2030 yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarining borishi to‘g‘risida ham axborot berildi. Umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichda 633 million dollarlik yana 5 ta zavod qurish bilan bog‘liq ishlarni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish, chiqindilardan RDF yoqilg‘i ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Loyiha qiymati 260 million dollar bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi. Uning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni ta’minlash, yangi standartlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, 2017 yilda qurilish chiqindilari hajmi 1,2 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 1,9 million tonnaga yetgan.
Shu munosabat bilan qurilish chiqindilarini “hosil bo‘lishdan utilizatsiyagacha” bo‘lgan jarayonini to‘liq nazorat qiladigan raqamli platforma yaratish, chiqindilar harakatini GPS orqali real vaqt rejimida kuzatish, poligonlarda saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish taklif etildi.
Shuningdek, qurilish obektlarini qabul qilishda chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilganini majburiy talab sifatida belgilash, noqonuniy tashlash holatlarini foto va video qayd etish orqali aniqlash hamda javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Mavzuga oid
08:31 / 10.06.2026
Sun’iy intellekt rivoji ekologiya uchun qanday oqibatlarga olib keladi?
13:15 / 09.06.2026
Buvayda hokimining ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan sobiq o‘rinbosari jinoiy jazoga tortildi
17:12 / 05.06.2026
“Toshkentni dunyodagi eng qulay shaharlardan biriga aylantiramiz” – hokim Shavkat Umrzoqov bilan suhbat
18:28 / 24.05.2026