O‘zbekiston | 18:48 / 30.04.2026
2242
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologik nazorat kuchayadi, noyob hududlar muhofazaga olinadi: yangi choralar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda Toshkent viloyatidagi Ugom daryosining tabiiy muvozanatini tiklash va uning noyob tabiiy merosini saqlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Ugom daryosi va uning havzasi Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i tarkibidagi muhim ekologik hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘nlab noyob o‘simlik va hayvonot turlari, shu jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar mavjud. Daryo Chirchiq havzasining suv ta’minotida ham muhim o‘rin tutadi.

Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda Ugom daryosida suv sarfi kamayib, suv sifatiga ta’sir etuvchi omillar ko‘paygan. Bu holat qirg‘oqlarning yemirilishi, fauna va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bioxilma-xillik qisqarishi xavfini oshirmoqda.

Shu bois, Ugom daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilish, sohilbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizimga ta’sir ko‘rsatuvchi qurilish va yer ishlarini cheklash taklif etildi. Shuningdek, suv muhofaza zonalaridagi obektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning suv sifati va biofaunaga ta’sirini baholash vazifalari belgilandi. Ekologik talablarga javob bermaydigan faoliyatlarni to‘xtatish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Qolaversa, daryoning gidrologik va ekologik holatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha “Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash” master rejasini ishlab chiqish, sohilbo‘yi va muhofaza zonalarida yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘i tarkibidagi “Yozyovon” tabiat yodgorligi hududini muhofaza qilish, dendrologik bog‘ tashkil etish, kuzatuv minoralari, maxsus dronlar va raqamli monitoring tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Ushbu hududda tashrif markazi tashkil etish, piyoda sayr marshrutlari, qushlarni kuzatish maydonlari, foto va panorama nuqtalari, ilmiy-ma’rifiy ekskursiyalar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar” milliy tabiat bog‘i hududida ham ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan obektlar barpo etish takliflari ko‘rib chiqildi. Bunda tabiiy manzaralar va tog‘ ekotizimlarini asrab-avaylagan holda sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Taqdimotda joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “ECO EXPO Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi va Global ekologik jamg‘armaning 8-Assambleyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Global ekologik jamg‘arma 186 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan yirik xalqaro moliya instituti bo‘lib, O‘zbekiston unga 1995 yilda qo‘shilgan. Assambleyaning Samarqandda o‘tkazilishi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan yirik ekologik anjuman bo‘ladi. Tadbirda 186 davlatdan 2,5 ming nafar ishtirokchi, 40 ta donor davlat, 50 dan ziyod nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

“ECO EXPO Central Asia 2026” ko‘rgazmasi esa mahalliy sanoat, hokimliklar, xalqaro moliya institutlari, innovatsion “yashil” texnologiyalar provayderlari va investorlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, tabiatni muhofaza qilish sohasida nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, chiqindilarni boshqarishda zamonaviy tizimlarni joriy etish, suv resurslari va bioxilma-xillikni asrash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid