Iqtisodiyot | 12:01
797
2 daqiqa o‘qiladi

Oltin narxi tarixda birinchi marta unsiya uchun 5000 dollardan oshdi

Oltin yillik nisbatda 80 foizdan ko‘proqqa, oxirgi 3 yil ichida esa 2,6 barobarga qimmatlashdi. Narxlarning keskin oshishi geosiyosiy keskinlikning saqlanib qolayotgani, dollar kursining pasayishi hamda AQSh Federal zaxira tizimining (FZT) asosiy foiz stavkasini tushirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar fonida yuz beryapti.

Foto: iStock

25 yanvar kungi savdolarda oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiyasi uchun 5 ming dollardan oshdi. Ayni paytda narxlar 5100 dollarga yaqinlashyapti.

Qimmatbaho metall yillik nisbatda 80 foizdan ko‘proqqa, oxirgi 3 yil ichida esa 2,6 barobarga qimmatlashdi.

Investorlar uchun “xavfsiz bandargoh” hisoblangan oltin geosiyosiy keskinlik kuchayishi, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining tarif urushlari, rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklarining zaxiralarga oltinni faol xarid qilayotgani fonida sezilarli darajada ko‘tarilyapti. Bundan tashqari, dollar kursining pasayishi hamda AQSh Federal zaxira tizimining (FZT) asosiy foiz stavkasini tushirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar qimmatbaho metalni yanada jozibador aktivga aylantirdi.

Prognozlar qanday?

ICBC Standard Bank’ning xomashyo bozorlar bo‘yicha katta strategi Juliya Du oltin narxi bir unsiya uchun 7150 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda oltinning o‘rtacha narxi 6050 dollarni tashkil etadi. Kutilayotgan savdo diapazoni esa 4100–7150 dollar oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Goldman Sachs’ning xomashyo bozorlarini tadqiq etish bo‘limi rahbari Dan Struyvenning ta’kidlashicha, xususiy investorlar sarmoyalarini turli kanallar orqali oltin xarid qilish hisobiga diversifikatsiya qila boshlagan. Oltin bilan ta’minlangan ETF’larga mablag‘ oqimi ushbu siljishning yaqqol dalillaridan biri hisoblanadi, biroq chakana talabni institutsional oqimlardan aniq ajratish qiyin.

«Biz oltinning 2026 yil dekabr oyidagi narxi bo‘yicha prognozni bir troya unsiyasi uchun 5400 dollargacha oshirdik, chunki o‘sishning asosiy xavfi oltin hisobiga xususiy investitsiyalarning diversifikatsiyalanishi amalga oshishni boshladi», dedi Struyven.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid