Jahon | 19:21
458
5 daqiqa o‘qiladi

“Nojo‘ya ta’sirlari haqida yetarlicha ogohlantirishmagan” - AQShda “ozdiruvchi vositalar” ustidan shikoyatlar ko‘paydi

So‘nggi yillarda tez ozish vositasi sifatida ommalashgan Mounjaro, Ozempic, Wegovy va boshqa GLP-1 dorilari atrofida AQShda ommaviy sud jarayonlari ko‘paymoqda. Hozirgacha ularning nojo‘ya ta’sirlari ortida sudlarga 4 mingdan ortiq da’vo arizasi kelib tushgan.

Foto: Getty Images

Endocrinology Advisor nashriga ko‘ra GLP-1 dori vositalari bilan bog‘liq 4000 dan ortiq ariza katta federal sud jarayonlari doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

GLP-1 dorilari nima?

GLP-1 (glucagon-like peptide-1) – bu inson tanasida ishlab chiqariladigan gormon bo‘lib, uning vazifasi qonda shakar miqdorini nazorat qilish, ishtahani kamaytirish, ovqat hazm bo‘lishini sekinlashtirishdan iborat va shu sababli so‘nggi yillarda juda ommalashdi. Bu vositalar asosan diabet uchun qo‘llanadi. GLP vositalari O‘zbekistonda ham keng urfga kirgan. Biroq ular ko‘proq ozish maqsadlari uchun ishlatilmoqda. AQShda bu jarayon taxminan 3 yil avval boshlangandi va hozirga kelib ularning qarshi ta’sirlari tufayli odamlar GLP ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni sudga bera boshladi.

Nega sud qilinyapti?

Sud da’volarida bemorlar va ularning advokatlari farmatsevtika kompaniyalari dorining ehtimoliy xavflarini to‘liq ochiqlamaganini da’vo qilishyapti. Ularning arizalarida yozilishicha, dorilar reklamasi juda ijobiy ta’sirda ko‘rsatilgan, foydalanuvchilar jiddiy nojo‘ya ta’sirlardan yetarlicha ogohlantirilmagan, dorilarning ayrim xavflari keyinroq ma’lum bo‘la boshlagan.

Sud materiallarida bir necha turdagi salbiy ta’sirlar ko‘p tilga olinmoqda. Masalan, arizachilarning ayrimlari oshqozon va ichak muammolariga duch kelishganidan shikoyat qilishgan. Ularda hazm tizimining keskin sekinlashishi, qattiq ko‘ngil aynishi va qayt qilish yuz bergan. Ba’zi holatlarda ichak to‘silishi kabi jiddiy asoratlar sodir bo‘lgan. Bu holatlar tibbiyotda “gastroparez”, ya’ni oshqozon falaji deyiladi. Oshqozon falajida oshqozon bilan bog‘liq nervlar ishdan chiqadi, ovqatni hazm qilib ichakka o‘tkaza olmaydi. Bu esa salomatlikda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari Ozempic, Wegovy, Mounjaro kabi GLP-1 guruhiga kiruvchi dorilarni qabul qilganlar ko‘z bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgani uchun ularni ishlab chiqaruvchilarni sudga berishgan. Bu dorilarini qabul qilgan bemorlarda ko‘rish qobiliyatiga ta’sir qiluvchi kasalliklar, jumladan ko‘zning ko‘rmay qolishi kabi holatlar qayd etilgan.

Shuningdek, bulardan tashqari boshqa jiddiy asoratlar ham bo‘lgan. Turli holatlarda umumiy holsizlik, og‘ir hazm buzilishlari va boshqa salbiy reaksiyalar bo‘lgani uchun ham da’vo arizalari kiritilgan.

Hozirda AQShda minglab alohida da’volar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi birlashtirilgan holda ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayon katta federal sud mexanizmi (MDL) orqali olib borilyapti. Bundan maqsad bir xil masaladagi ishlarni yagona platformada ko‘rib chiqish bo‘lib, ish bo‘yicha hali yakuniy qaror chiqmagan.

Diabet dorisidan “ozish vositasi”ga aylandi

GLP-1 turkumiga kiruvchi Ozempic, Wegovy, Mounjaro kabi dorilar hozir dunyoda eng tez ommalashayotgan dori vositalari hisoblanadi. Chunki millionlab odamlar ulardan foydalanyapti va vazn kamaytirish bozorida katta inqilob bo‘ldi. Bundan farmatsevtika kompaniyalari milliardlab dollar daromad olmoqda. Shu sababli sud jarayonlari faqat huquqiy emas, balki global tibbiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega. Mazkur dorilar GLP-1 bozorida eng katta o‘yinchilar Novo Nordisk

 va Eli Lilly farmkompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Farmatsevtika kompaniyalari bunga milliardlab dollar investitsiya qildi, shifokorlar orqali keng tarqatildi va global bozor yaratildi. Shu sababli eng serdaromad dorilardan biriga aylandi. Chunki bu parhez qilishga, sport bilan shug‘ullanishga uzoq va qiyin yo‘l deb qaraydiganlar uchun tez natija beradigan oson yo‘l bo‘lib ko‘rindi. Ular samarali natija bergani, mashhurlarning reklama ta’siri va tez ozishga bo‘lgan talab ortishi natijasida qisqa vaqt ichida global trendga aylandi.

GLP-1 dorilarining tez ommalashuvi ortida jiddiy savollar ham paydo bo‘ladi: bu dorilar haqiqatan ham xavfsizmi yoki tez natija ortidan kelayotgan yangi xatarlar endigina ochilyaptimi?

AQShdagi ommaviy sud ishlari hali davom etmoqda va ularning natijasi bu dorilarning kelajakdagi ishlatilishi, nazorati va reklama siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid