O‘zbekiston | 19:44
1494
4 daqiqa o‘qiladi

Xon Saroy’ning “Bahor Residence” turar joy majmuasi bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda. 6 kishi qamoqda

Sudlanuvchilar juda ko‘p miqdorda firibgarlik, mansab soxtakorligi, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Jabrlanuvchi sifatida esa 70 kishining ismi keltirilgan.

Foto: Xon Saroy

Xon Saroy’ning “Bahor Residence” turar joy majmuasini qurayotgan MChJ mansabdorlari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Ish ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilmoqda.

Sud majlislari jadvaliga ko‘ra, sudlanuvchilar ro‘yxatida 6 kishining ismi keltirilgan. Ular orasida “Bahor Residence” MChJ ta’sischisi (12,50 foiz ulush) va rahbari 39 yoshli Ahmedov Xurshid Jo‘raboyevich ham bor.

“Bahor Residence” MChJ Xon Saroy’ning “Bahor Residence” loyihasi quruvchisi hisoblanadi. Investorlar bilan tuzilgan shartnomalarda “Xonsaroy Group” MChJ “Bahor Residence” MChJning qonuniy tijoriy vakili sifatida ko‘rsatilgan.

Xurshid Ahmedov Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda ayblanmoqda:

  • 168-moddasi 4-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda firibgarlik;
  • 192-11-moddasi 2-qismi “a” bandi – nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish;  
  • 205-moddasi 2-qismi “a” bandi – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
  • 209-moddasi 2-qismi “a” bandi – mansab soxtakorligi;
  • 243-moddasi – jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.

Shuningdek, ish doirasida Ahmadjonov Anvar Erkin o‘g‘li, Azimov G‘ulom Vohidjonovich, Sharobiddinov Shahriddin Sharobiddin o‘g‘li, Xo‘jaqulov Xurshid To‘raxonovich, Xudoynazarov Aziz Olimjonovich sud qilinmoqda. Jinoyat ishida 70 kishi jabrlanuvchi sifatida keltirilgan.

2025 yil noyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Xon Saroy kompaniyasining qurilish loyihalaridan bir nechtasiga nisbatan taftish boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Kun.uz suhbatlashgan kompaniya mijozlari tergovni Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi olib borayotgani haqida gapirgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ning so‘rovlariga javob bermagan edi. 

Kun.uz vaziyat haqida izoh so‘rab, 2025 yil 27 noyabr kuni Xon Saroy kompaniyasiga rasmiy so‘rov ham yuborgan. Ammo ushbu xat javobsiz qoldirilgan.

Sud organlaridagi manbaning tasdiqlashicha, sudlanayotganlarning barchasi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Kun.uz o‘rgangan firmaga aloqador hujjatga ko‘ra, Toshkent shahar prokurorining arizasi bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida “Bahor Residence” turar joy majmuasiga nisbatan berilgan qurilishga oid hujjatlarni haqiqiy emas deb topish yuzasidan ish mavjud. Prokuror arizasida suddan Yashnobod tumani, Yosh avlod mahallasi, Uysozlar 2-tor ko‘chasi, 39-uy (“Bahor Residence” TJM qurilayotgan) manzilidagi ko‘chmas mulkni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish Toshkent shahar hududiy arxitektura-shaharsozlik kengash yig‘ilishining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha 2024 yil 6 noyabrdagi xulosani haqiqiy emas deb topish so‘ralgan.

Ma’lumot uchun, Xon Saroy kompaniyasi Toshkentda o‘nlab turar joy majmualarini qurib bitirgan. Kompaniya turar joy majmualarini va’da qilingan muddatlarda foydalanishga topshirishi bilan mijozlari ishonchini qozongandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid