Jahon | 23:35 / 10.05.2026
2739
3 daqiqa o‘qiladi

Hantavirus tarqalgan kemadagi yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish boshlandi

JSST ma’lumotiga ko‘ra, virus tarqalishi bilan bog‘liq sakkizta holat aniqlangan bo‘lib, uch nafar bemor vafot etgan.

Foto: Videodan kadr

Hantavirus tarqalishi qayd etilgan MV Hondius kruiz kemasidagi ispaniyalik yo‘lovchilarning birinchi guruhi layner Tenerife oroliga yetib kelgach, evakuatsiya qilindi. Bu haqda Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib The Guardian xabar berdi. Xabarga ko‘ra, 1 aprel kuni Argentinadan yo‘lga chiqqan layner 10 may kuni Tenerifega yetib kelgan.

Hukumat bayonotida aytilishicha, evakuatsiya qilingan ispanlar dastlab Granadilya portiga olib boriladi. U yerdan esa harbiy avtobuslarda aeroportga olib kelinib, so‘ngra Ispaniya hukumati samolyotida Madridga evakuatsiya qilinadi. Ular poytaxtda karantinga joylashtiriladi.

Reuters agentligining yozishicha, ulardan keyin kemani niderlandiyaliklar guruhi tark etadi. Germaniya, Belgiya va gretsiyalik sayyohlar ham ularning samolyotida olib ketiladi, deb ma’lum qildi Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri Monika Garsiya. So‘ngra Turkiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSh sayyohlari kemani tark etadi.

«Operatsiya doirasidagi oxirgi reys Avstraliyadan keladi. Bu eng murakkab reys, u ertaga kunning ikkinchi yarmida yetib keladi», — dedi Garsiya.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu reysda Avstraliya, Yangi Zelandiya va Osiyoning boshqa mamlakatlaridan olti nafar kishi olib ketiladi.

May oyi boshida Argentinadan Kabo-Verdega ketayotgan MV Hondius kruiz kemasida hantavirus tarqalishi qayd etilgan edi. Birinchi bemor Janubiy Amerika bo‘ylab sayohat vaqtida virusni yuqtirib olgan. Virus tashuvchilari bilan aloqa u qushlarni kuzatish joylariga borganida sodir bo‘lgan.

Kema bortida 150 kishi bo‘lgan. Ularning asosiy qismi AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Niderlandiya fuqarolaridir.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, virus tarqalishi bilan bog‘liq sakkizta holat aniqlangan bo‘lib, uch nafar bemor vafot etgan. Hantavirus – viruslarning bir turi bo‘lib, u odamga asosan kemiruvchilarning qurigan axlati tarkibidagi zarrachalar bilan nafas olish orqali yuqadi.

Shuningdek, kemiruvchilar tishlashi yoki tirnashi orqali tarqalishi mumkin.

U og‘ir respirator kasalliklarni keltirib chiqaradi. Odamdan odamga yuqishi esa juda kam uchraydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid