Jahon | 20:14 / 20.05.2026
4705
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Isroil Eronda sobiq prezident Ahmadinajodni hokimiyatga olib kelmoqchi edi – OAV

AQSh va Isroil Eronda harbiy operatsiya boshlanganida ushbu mamlakat sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajodni hokimiyat tepasiga kelishiga umid qilgan edi.

Foto: Arash Khamooshi/Polaris for The New York Times

Bu haqda The New York Times nashri amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, reja «tezda barbod bo‘lgan».

NYT suhbatdoshlarining aytishicha, g‘oya Isroilga tegishli bo‘lgan va reja Ahmadinajod bilan «kelishilgan». AQSh hukumati uni Nikolas Maduro ag‘darilganidan keyin Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan Delsi Rodrigesga o‘xshatdi. Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, AQSh Eronda murosasozroq rahbariyat o‘rnatilishini kutgan.

Eronga qarshi harbiy operatsiyaning birinchi kunida Isroil armiyasi Ahmadinajodning uyiga zarba berdi. Sobiq prezident u yerda uy qamog‘ida edi. Hujumning nishoni uyni qo‘riqlayotgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi a’zolari bo‘lgan, biroq Mahmud Ahmadinajodning o‘zi ham halok bo‘lishiga oz qolgan.

Shundan so‘ng, siyosatchi «rejimni o‘zgartirish rejasidan hafsalasi pir bo‘ldi», dedi NYT nashriga amerikalik amaldorlar va sobiq prezidentning safdoshi. Shundan beri Ahmadinajod omma oldida ko‘rinmadi. Uning hozirgi joyi va ahvoli noma’lum.

Mahmud Ahmadinajod 2005 yildan 2013 yilgacha Eron prezidenti bo‘lgan. U 2017, 2021 va 2024 yillarda davlat rahbari saylovida ishtirok etish uchun hujjat topshirgan, biroq Kuzatuv kengashi uning nomzodini qabul qilmagan. Eron hukumati sobiq prezident atrofidagi odamlarni G‘arb bilan yaqin aloqada va Isroil foydasiga josuslikda aybladi.

28 fevral kuni Isroil zarbalari oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy halok bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Tramp yangi rahbar tayinlanishidan oldin Eron hukumati nomzodni Amerika tomoni bilan kelishib olishi kerakligini aytgan edi. Mart oyida bu lavozimni Mujtaba Xominaiy egalladi, biroq u hozirgacha omma oldida ko‘rinish bermadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid