Bir inson qanday qilib butun bir jamiyatni o‘zgartira oladi? Qanday qilib qullik, zulm va johillik hukm surgan zamonda adolat, ilm va insoniylik g‘oyalarini ilgari surish mumkin? Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Tarixi Muhammadiy» asari ana shu savollarga javob beradi. Muallif Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini hikoya qilar ekan, o‘quvchiga faqat tarixni emas, insonning o‘zini ham anglash yo‘lini ko‘rsatadi.

XX asr o‘zbek ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan shaxslardan biri - Alixonto‘ra Sog‘uniy nafaqat jamoat arbobi, balki tarixchi, tarjimon, ma’rifatparvar va milliy uyg‘onish g‘oyalarining faol targ‘ibotchisi sifatida ham tanilgan. Uning kitoblari orasida «Tarixi Muhammadiy» alohida o‘rin tutadi.

Sog‘uniy ushbu kitobni yozar ekan, oddiy tarixiy voqealarni bayon qilishni emas, balki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlari orqali insonni ma’naviy kamolotga chorlashni maqsad qilgan. Shu bois «Tarixi Muhammadiy» faqat siyrat kitobi emas, balki axloq, sabr, adolat, ilm va insonparvarlik haqidagi katta ma’naviy darslik sifatida qadrlanadi.

Muallif asarni Arabiston yarimorolining islomdan avvalgi ahvolini tasvirlashdan boshlaydi. Bu tasvirlar bejiz emas. Sog‘uniy insonlar qanday muhitda yashaganini ko‘rsatib, keyin Muhammad alayhissalomning tug‘ilishi qanday ulkan o‘zgarishlar olib kelganini anglatishni maqsad qiladi. U davrda kuchli kuchsizga hukmron edi. Qiz bolalar tiriklayin ko‘milar, qullar inson o‘rnida ko‘rilmas, boylik va nasab hamma narsadan ustun edi. Adolat emas, kuch haqiqat o‘rnini egallagan edi.

Muhammad alayhissalomning dunyoga kelishlari asarda alohida mehr bilan tasvirlanadi. Muallif bu voqeani insoniyat taqdiridagi yangi sahifa sifatida talqin qiladi. Otasidan erta yetim qolgan, keyin onasidan ham ajragan bolaning hayoti o‘quvchini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Asarning shu o‘rinlarida muallif insonning buyuk bo‘lishi uchun albatta boy yoki qudratli oilada tug‘ilishi shart emasligini ko‘rsatadi. Ba’zan og‘ir sinovlar insonni kelajakdagi ulkan vazifalarga tayyorlaydi.

Kitobda Muhammad alayhissalomning yoshlik davrlari haqidagi hikoyalar ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. U kishi hech qachon yolg‘on gapirmaganlari, omonatga xiyonat qilmaganlari uchun xalq orasida «Al-Amin» - ishonchli inson degan nom olganlari ta’kidlanadi. Bu yerda Sog‘uniy payg‘ambarlik vazifasi kelmasidan oldin ham Muhammad alayhissalomning axloqlari odamlarni hayratga solganiga ishora qiladi. Demak, buyuklik tasodif emas, balki yillar davomida shakllangan fazilatlar natijasidir.