Inson ulg‘aygani sari ko‘p narsani o‘rganadi: qanday pul topishni, qanday obro‘ orttirishni, qanday o‘zini oqlashni, qanday qilib kerakli odamlarga yoqishni. Ammo ba’zan shu o‘rganilgan narsalar evaziga eng muhim qobiliyatini - hayratlanish, mehr berish va mas’uliyat hissini yo‘qotadi.
Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari shunchaki bolalar ertagi emas. Bu - orzularini katta bo‘lishga almashtirgan odamlar haqidagi kitob.
Asar qahramonining samolyoti sahroda halokatga uchraydi. Uning yonida hech kim yo‘q. Ana shunday paytda oldiga g‘aroyib bir bola keladi va juda oddiy iltimos qiladi:
- Menga qo‘zichoqning rasmini chizib ber...
Shu lahzadan boshlab kitob oddiy voqeadan hayot haqidagi katta suhbatga aylanadi.
Kichkina shahzoda yerlik emasdi. U juda kichik bir sayyorada yashardi. Uning sayyorasida uchta vulqon va bitta atirgul bor. Uning atirguli nozik, injiq, maqtanchoq va ayni paytda juda yolg‘iz edi. Kichkina shahzoda uni yaxshi ko‘rsa-da, unchalik tushunmasdi. Gulning injiqliklaridan charchab, sayyorasini tark etadi va boshqa sayyoralarga sayohatga chiqadi.
Aslida kitobning asosiy qismi ham shu sayohatdir. Shahzoda uchratgan har bir odam kattalar dunyosining bir qiyofasini ifodalaydi.
Birinchi sayyorada podshoh yashaydi. U hech kimni boshqarmaydi, ammo o‘zini butun olamning hukmdori, deb hisoblaydi. Uning uchun hokimiyatning o‘zi muhim.
Keyingi sayyorada shuhratparast odam bor. U har bir kelgan mehmondan o‘zini maqtashini talab qiladi. Uning hayoti boshqalarning olqishiga bog‘liq.
Yana bir sayyorada mayxo‘r yashaydi. U nega ichishini so‘rashsa, ichganidan uyalayotganini aytadi. Nima uchun uyaladi, deb so‘rashsa, ichgani uchun uyalayotganini aytadi. Bu aylana hech qachon tugamaydi.
Boshqa bir sayyorada yana ham bemazaroq odam yashardi. U yulduzlarni sanaydi, ularni o‘ziniki deb hisoblaydi. Ammo ular bilan hech narsa qilmaydi. Faqat egalik qilish hissining o‘zi uni qoniqtiradi.
Yana geograf bor. U butun dunyo haqida kitob yozadi, ammo hayotida biror joyni borib ko‘rmagan.
Bu qahramonlar kulgili tuyuladi. Biroq muallifga ko‘ra, biz ularning har birini haqiqiy hayotda uchratamiz. Ba’zan esa ularning bir qismi o‘zimizda ham borligini sezib qolamiz.








