Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Odamlar anglamaguncha, bu imperiya qulamaydi” – kiberjinoyati uchun qamoqda o‘tirgan mahkum
2025 yilning 11 oyida kiberjinoyatchilar o‘zbekistonliklarning bank kartalaridan qariyb 2 trln so‘m o‘g‘irlagan. Shunday jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan 22 yoshli mahkum Kun.uz bilan suhbatda kiberjinoyatlar ortida qanday tizim turgani, odamlar qanday aldanishi va nega bu “imperiya” hali uzoq yashashi haqida gapirdi.
Kiberjinoyat – bu oddiy firibgarlik emas, balki iyerarxiyasi, vazifalari va ichki qoidalari bo‘lgan yashirin industriya. U yerda odamlar bir-birini tanimaydi, qayerdaligini bilmaydi, ammo minglab insonlarning bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlari ustida ishlaydi.
“Bu xuddi imperiya edi”
Kun.uz suhbatlashgan 22 yoshli mahkumning aytishicha, u dasturlashga qiziqqan va 16 yoshidan boshlab bir necha yil davomida shunday guruhlardan birining a’zosi bo‘lgan.
“Adashmasam 2022 yil edi, o‘zimizga o‘xshagan – plastikdan pul yechadigan skammerlar guruhimizga video havolasini tashlashdi. Kirsam “Sub’yektiv” loyihasi ekan. Ular odamlarni ogohlantirish uchun bizning guruhga kirib, hammasini o‘rganib to‘liq yoritgan, ishimiznining hammasini tushuntirib bergan.
Guruhda o‘sha paytda ommalashgan har xil ilovalarning fishing saytlarini yasab odamlarga qarmoq tashlardik. “Pul yutildi”, “pul berilyapti” degan firibgarlik usullari bilan kartalardan pul yechilardi. Odamlar bunga ishonib pul olaman deb karta raqamlarini yozib, o‘z pulini berib qo‘yganini bilmay qolishardi. Guruhda 400 nafarcha odam bor edi, ichida 8 ta adminstratsiya [yetakchilar] bor, qolganlari oddiy ishchilar edi – vorkerlar, “moshennik”lar ishlardi. Biz bot yaratganmiz, o‘sha botdan avtomatik havola berilardi. Ishchilar o‘sha havolalar bilan odamlarni aldashardi. Aldanganlar karta ma’lumotlarini saytga kiritganda bizga kelardi. Kartasiga kirib operatsiyalarni bajarar edik. Pul yechardik, bu pulni xavfsiz joyga yoki xorijga chiqarardik. Bu xuddi imperiya edi”.
Minglab odamlarning shaxsiy ma’lumotlari firibgarlar qo‘lida
Uning aytishicha, kiberjinoyatchilarning asosiy quroli: odamlarning ishonuvchanligi va shaxsiy ma’lumotlarga nisbatan beparvoligi.
“Botda yaratilgan havolalar orqali odamlar o‘z shaxsiy ma’lumotlarini yuborishadi. Bu ma’lumotlar bizning bazamizga kelib tushadi. Mana shu rezervga tushgan ma’lumotlar sotiladi. Shunaqa yopiq guruhlar bor, ularga maxsus taklif orqali kiriladi. Ularda odamlarning shaxsiy ma’lumotlari sotiladi. O‘zbekistonda 37-38 mln aholi bo‘lsa, shundan 500 minggacha odamning ma’lumotlari bor. Xohlaganingizni olib ishlataverasiz.
Bizdan jabrlanganlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Men to‘xtatganimdan keyin ham bu to‘xtamadi. To‘rt yildan beri to‘xtamay kelyapti. Bu narsani to‘xtatishning iloji yo‘q, chunki men to‘xtatganim bilan mendan boshqasi bor. Yoki u to‘xtatsa undan boshqalari bor, ishlayotganlar judayam ko‘p. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li – xalq ogoh bo‘lishi, ishonmasligi kerak. Xalq o‘z ma’lumotlarini bermasa, hech qachon kartasidan pul yechilmaydi”.
“Umrim bilan to‘layapman”
“O‘sha paytda pul yechib maza qilib yurgandirman. Biroq o‘shanda shu pullar ularga nimadir uchun kerak bo‘lgandir deb o‘ylamaganman. Xozir vijdonim qiynaladi. Iloji boricha egalariga pullarni qaytarib berdim. O‘shanda maza qilganlarimni umrim bilan to‘layapman. Kimdir qora mehnat, kimdir aqliy mehnat qilib pul topadi. Men pul topdim – o‘zimning umrim evaziga, umrimni qurbon qilib pul topdim. Buni ko‘chada yurgan bir kunimgayam alishmayman. Sog‘inch qiynaydi odamni. Pul odamning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yar ekan, hech narsa ko‘zga ko‘rinmagan o‘shanda.
Balki ular qarg‘agandir meni, shuning uchun ham shu yerda o‘tiribman. Ertaga buning yana qanaqa javobi borligini bilmayman. Bu javobdan tashqari oila a’zolarimga qarg‘ish tegishidan qo‘rqaman”.
Mavzuga oid
21:32
6 viloyatda Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
12:12 / 01.06.2026
Toshkentda gaz tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
09:46 / 26.05.2026
Toshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
15:54 / 25.05.2026