O‘zbekiston | 18:06
1042
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentini O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga 80 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

“Sizni boy tajribaga ega, o‘z xalqining hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan atoqli davlat arbobi sifatida yaxshi bilamiz. Sizning qat’iy siyosiy yetakchiligingiz va mustahkam irodangiz tufayli Amerika Qo‘shma Shtatlarining xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va qudrati tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlashni istar edim”, – deyiladi maktubda.

Maktubda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, sifat va mazmun jihatidan yanada boyib borayotgani qayd etildi.

“Bugun O‘zbekiston – AQSh aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir”, - deyiladi maktubda.

O‘zbekiston rahbari ochiq va konstruktiv hamkorlikka intilayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston AQSh bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Turli xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib, yangi amaliy natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.

Strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Shavkat Mirziyoyev amerikalik hamkasbini O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Yakunda O‘zbekiston rahbari Donald Trampga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Amerika xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid