O‘zbekiston | 12:19
669
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatida yangi tizim yaratishni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatini sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechimlar taklif qiladigan raqobatbardosh tarmoqqa aylantirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, yirik investitsiya loyihalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari qayd etganidek, o‘n yil avval mahalliy qurilish materiallari asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer bilan cheklangan bo‘lib, ular qurilishda qo‘llaniladigan materiallarning 35–40 foizinigina tashkil etgan.

So‘nggi o‘n yilda tarmoqqa 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok va quruq qorishmalar kabi 20 dan ziyod asosiy turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

Shuningdek, issiqlik saqlovchi, kompozit, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish ham jadal rivojlanmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishi uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallarining 98 foizi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mga yetgan, eksport hajmi esa 1,2 milliard dollarga chiqqan.

Yig‘ilishda yil boshida qabul qilingan dasturga muvofiq, 2040 yilga qadar har yili quriladigan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 280 mingtaga yetkazish, «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, har yili 20–25 million kvadrat metr tijorat binolari foydalanishga topshirilayotgani, bu esa qurilish materiallariga kamida 10 milliard dollarlik yillik talabni shakllantirayotgani qayd etildi.

Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida taqdim etilgan 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari, jumladan Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda futbol stadioni va Toshkent–Samarqand avtomobil yo‘li kabi yirik obektlar uchun ham yuqori sifatli qurilish materiallari talab etilishini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari yirik qurilish loyihalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan samarali bog‘laydigan, mahsulot sifati, standartlari va sertifikatlash talablarini hisobga oladigan yangi tizimni joriy etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid