Texnologiya | 08:40
2110
3 daqiqa o‘qiladi

1000 metrli Jeddah Tower: bosh muhandis eng qiyin vazifani ochiqladi

Saudiya Arabistonida barpo etilayotgan Jeddah Tower osmono‘par binosi qurilishi muhim bosqichga yaqinlashmoqda. Loyiha yakunlangach, uning balandligi 1000 metrdan oshib, hozirgi rekordchi - 828 metrli Burj Xalifadan ham baland bo‘ladi.

Foto: Thornton Tomasetti

Loyihaning bosh muhandisi va Thornton Tomasetti muhandislik kompaniyasi rahbarlaridan biri Jon Perontoning ma’lum qilishicha, qurilish ishlari hozirda sutkasiga 24 soat davom etmoqda. Mutaxassislar binodagi eng muhim obektlardan biri — taxminan 160-qavat balandligida joylashadigan Sky Terrace («Osmon terrasasi») kuzatuv maydonchasini qurish bosqichiga yaqinlashgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bosqichga yetib borish uchun yana taxminan 60 hafta vaqt talab etiladi. Bu butun loyihaning eng muhim marralaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda Jeddah Tower qariyb 106-qavatgacha qurib bitkazilgan bo‘lib, uning balandligi 400 metrdan oshgan. Muhandisning aytishicha, qurilish sur’ati haftasiga o‘rtacha to‘rt metrni tashkil etmoqda. Shu temp saqlansa, taxminan 25 hafta ichida bino 500 metrlik chegaradan ham o‘tadi.

Perontoning ta’kidlashicha, Jeddah Tower hozirgi kunda Saudiya Arabistonida amalga oshirilayotgan barcha yirik megaloyihalar orasida eng ilg‘or bosqichga yetgan inshoot hisoblanadi. Agar qurilish rejaga muvofiq davom etsa, osmono‘par bino 2028 yil avgust oyida to‘liq foydalanishga topshiriladi.

Loyihaga ko‘ra, bino kamida 167 qavatdan iborat bo‘ladi. Ekspluatatsiya qilinadigan qavatlar soni hali aniq belgilanmagan bo‘lsa-da, ularning soni 130 tadan ancha ko‘p bo‘lishi, yuqori qavatlar esa 160-qavatgacha joylashishi ma’lum qilingan.

Eng katta muhandislik muammosi — betonni bir kilometr balandlikka chiqarish

Jon Perontoning ta’kidlashicha, Jeddah Tower qurilishidagi eng murakkab vazifalardan biri betonni bir kilometr balandlikka uzluksiz yetkazib berish hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday balandlikka betonni nasos orqali uzatish dunyodagi biror-bir bino qurilishida avval hech qachon amalga oshirilmagan.

«Bu sayyoradagi istalgan bino qurilishida qo‘llangan eng baland beton uzatish tizimi bo‘ladi», — dedi bosh muhandis.

Dastlabki rejaga ko‘ra, betonni yuqoriga yetkazish uchun bir nechta oraliq nasos stansiyalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan edi. Biroq muhandislar zamonaviy texnologiyalar yordamida betonni yagona nasos tizimi orqali butun balandlik bo‘ylab uzatish imkonini topishgan.

Perontoning fikricha, ana shunday yuqori samaradorlikka ega va iqtisodiy jihatdan maqbul texnologiyani ishlab chiqish butun loyihadagi eng murakkab muhandislik vazifalaridan biri bo‘lgan.

Jeddah Tower foydalanishga topshirilgach, u dunyodagi eng baland bino maqomini qo‘lga kiritishi va zamonaviy muhandislik hamda qurilish texnologiyalarining yangi ramziga aylanishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid