Trampning raketa zarbasiga javobi: Eron chekindi, AQSh bosimni davom ettiradi
AQSh prezidenti Donald Tramp 16 soatlik jimlikdan keyin Eronning Iroqdagi Amerika bazalariga raketa hujumi yuzasidan bayonot berdi. U urush e'lon qilishdan tiyildi, shu bilan birgalikda tinchlik taklif etmadi ham.
AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus konferensiya orqali Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar yuzasidan millatga murojaat qildi.
«Men prezident ekanman, Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘la olmaydi.
Aftidan, Eron chekinishga qaror qildi, bu esa butun dunyo uchun yaxshi», deya so‘zini boshladi Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, ogohlantirish tizimi faoliyati evaziga qurbonlar berilmagan. Eronliklarning raketa hujumi oqibatida biror amerikalik ham, iroqlik ham halok bo‘lmagan, shuningdek, Iroqdagi bazadagi obektlar jiddiy shikastlanmagan.
Tramp yana bir marta o‘z buyrug‘i bilan o‘ldirilgan general Sulaymoniyni Eronning Yaqin Sharqdagi tashqi va harbiy siyosati ideologi - «dunyoning birinchi raqamli terrorchisi» deb atadi va AQSh Tehronga bosim o‘tkazishda davom etishini bildirdi.
Tramp yana nimalar dedi?
- AQSh «Eron agressiyasiga javob variantlarini ko‘rib chiqishda davom etadi»
- AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llaydi. Biroq gap aynan qanday sanksiyalar haqida borayotganiga aniqlik kiritilmadi.
- «Eron o‘zining yadroviy ambitsiyalaridan voz kechishi va terrorizmni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerak»
- Rossiya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ham AQSh ortidan Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishi hamda yangisini tuzish harakatini boshlashi kerak.
- «Bugun NATOdan Yaqin Sharq jarayoniga chuqurroq yondashuvni ta'minlashini so‘rayman»
- «AQSh qurolli kuchlari qudrati har qachongidan ham kuchli. Bizning raketalar - kattaroq, aniqroq va tezkorroq. Biz yuqoritovushli raketalar yaratdik. Lekin biz ularni qo‘llashni istamaymiz».
U Eron rahbariyati va eronliklarga yuzlandi.
«Eron xalqi va rahbariyatiga murojaat qilmoqdaman. Biz sizlar munosib bo‘lgan buyuk kelajakka ega bo‘lishingizni: mamlakatingiz gullab-yashnashi va dunyoning barcha mamlakatlari bilan uyg‘un munosabatlar bo‘lishini istaymiz. Qo‘shma Shtatlar tinchlikka intiluvchi barcha bilan tinchlik o‘rnatishga tayyor», dedi Tramp.
Tinchlikparvar Tramp
Kongressdagi respublikachilar prezidentning bayonotini qo‘llab-quvvatlab chiqishdi va Donald Trampni «muvozanatli va tinchlikparvar» siyosatchi deb atashdi.
«Qasos olinishini namoyish etish uchungina qasos olishga hojat yo‘q edi, chunki u yerda biror amerikalik halok bo‘lmagan», dedi En-bi-si telekanaliga bergan intervyusida nufuzli senator, respublikachi Lindsi Grem.
AQSh prezidentiga yaqin bo‘lgan yana bir kongressmen Mark Medouz Oq uy rahbari bu orqali butun dunyoga «Amerika urushni emas, deeskalatsiyani afzal ko‘rishi»ni ko‘rsatib qo‘ydi.
O‘z navbatida, Kongressdagi demokratlar Trampning bu chiqishini AQSh Yaqin Sharqda yana bir keng ko‘lamli harbiy ziddiyat boshlamasligining kafolati sifatida qabul qilish kerak emasligini uqtirmoqda.
«Kongress konstitutsiyada nazarda tutilgan vakolatini o‘ziga qaytarishi va AQSh prezidenti kongress ruxsatini olmasdan urush e'lon qila olmasligi kerak», dedi Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi demokratlardan biri Devid Sisillini.
Yaqin Sharqdagi vaziyat
Yaqin Sharqdagi vaziyat 2019 yilning dekabr oyi oxirida keskinlasha boshladi. Dastlab Iroqdagi Eron ta'siridagi kuchlar AQSh bazasiga hujum qilib, Amerikaning bir fuqarosini o‘ldirishdi. Bunga javoban amerikalik harbiylar Iroqdagi shialarning «Kataib Hizbulloh» guruhi obektlariga aviazarba berdi. Bu hujum oqibatida 25 kishi halok bo‘lib, 50dan ortiq kishi jarohatlandi.
31 dekabr kuni ushbu hujum qurbonlarning dafn marosimidan keyin minglab namoyishchilar AQShning Bag‘doddagi elchixonasini qamal qildi.
3 yanvar kuni AQSh harbiylari ushbu hujumni tashkillashtirishda ayblab, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniyni Bag‘doddagi aeroport hududida o‘ldirdi va inqirozli holat yanada chuqurlashdi.
«Amerikaga tarsaki»
7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron qurolli kuchlari AQShning Iroqdagi bazalari tomon raketa zarbalari yo‘lladi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, jami 15ta raketa uchirilgan. Ulardan 10tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa esa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiy Eron tomondan 30dan ortiq raketa uchirilganini ma'lum qildi.
Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy hujumni AQShga tortilgan «tarsaki» deb atadi.
«Kechagi voqea – AQShga tushirilgan tarsaki. Amerika mintaqadagi balolar manbai hisoblanadi. Amerikalik barcha harbiylar mintaqani tezroq tark etishlari shart. Ammo bunday harbiy amaliyot yetarli emas. Muhimi Amerikaning mintaqadagi mavjudligiga yakun yasash», dedi u.
Eron davlat televideniyesi ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi.
Donald Tramp «hammasi joyidaligi»ni aytdi va bu hujum yuzasidan «keyinroq» bayonot berishni va'da qildi.
«Hammasi yaxshi! Raketalar Erondan Iroqda joylashgan ikkita harbiy baza tomon uchirilgan. Hammasi ko‘ngildagidek ketmoqda! Bugungi kunda bizda jahondagi eng qudratli va eng yaxshi ta'minlangan harbiylar bor! Men (Amerika vaqti bilan) tongda bayonot beraman», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.
Shundan keyingi 16 soat davomida Tramp sukut saqladi va birorta tvit yozmadi. Uning matbuot kotibi, prezident milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan maslahatlashuvlar olib borayotganini ma'lum qildi.
NATO shtab-kvartirasidagilar alyansning Iroqda yo‘qotishlari yo‘qligini ma'lum qildi. Pentagondagi manba Si-en-en muxbiriga bergan intervyusida Islom inqilobi muhofizlari korpusi ataylabdan odamlar yo‘q nuqtalarga zarba bergani va qurbonlar bo‘lishidan qochgani haqida gapirdi.
Eron hujumiga uchragan bazalar asosan iroqlik harbiylarni o‘qitishda foydalanardi. Ikki yil muqaddam Tramp Rojdestvo bayrami vaqtida Al-Asad bazasiga tashrif buyurgandi va askarlarni tabriklagandi.
2015 yilda Al-Asad bazasiga IShID jangarilari tomonidan bir necha bor hujum qilingandi.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Fransiya TIV rahbari Jan-Iv Le Drian va boshqa siyosatchilar Tehronning hujumini qoralab chiqishdi.
Iroq prezidenti Barham Solih Eronning raketa zarbalarini ham, amerikaliklarning Sulaymoniyni o‘ldirish uchun o‘tkazgan amaliyotini ham tanqid qilib, ularni mamlakat suverenitetini buzishda va Iroqni urush maydoniga aylantirishga urinishda aybladi.
Suriya hukumati Eronni qo‘llab-quvvatladi va mintaqadagi eskalatsiyada AQShni aybladi, Rossiya TIV betaraflik saqlab qoldi va Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvidan xavotir bildirdi.
Mavzuga oid
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
20:58 / 24.12.2024
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024