Jahon | 14:24 / 21.08.2025
7247
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil harbiylari G‘azo shahriga hujum boshladi. Netanyahu hukumati esa HAMAS qabul qilgan sulhni «ko‘rib chiqmoqda»

Isroil armiyasi G‘azo shahrini to‘liq egallash va HAMASni butunlay yo‘q qilish maqsadida yangi urush boshladi. Shahar osmonida dronlar va qiruvchi samolyotlar uchmoqda: falastinliklar vayron bo‘lgan uylarini tark etmoqda. Genotsid ayblovlari va xalqaro tanqidlar Netanyahu hukumatining qarashlariga ta’sir qilmayapti. Shu kunga qadar Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda 62 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, ularning 20 mingga yaqini bolalar.

Isroil armiyasi chorshanba kuni G‘azo shahrini egallash bo‘yicha operatsiyaning ilk bosqichlari boshlanganini e’lon qildi va o‘n minglab zaxiradagi askarlarni safarbar qildi. Ayni shu vaqtda Isroil hukumati qariyb ikki yildan beri davom etayotgan urushni vaqtincha to‘xtatish uchun yangi sulh taklifini ko‘rib chiqmoqda.

«Biz G‘azo shahriga hujumning dastlabki amaliyotlarini va birinchi bosqichlarini boshladik, hozirning o‘zida IDF kuchlari G‘azo shahrining chekkalarini egallab turibdi», dedi Isroil armiyasi matbuot kotibi Effi Defrin jurnalistlarga.

Reuters’ning yozishicha, chorshanba kuni jurnalistlarga ma’lumot bergan yana bir harbiy rasmiy zaxiradagi askarlar sentabrgacha xizmatga chaqirilmasligini, bu vaqt vositachilarga HAMAS va Isroil o‘rtasida sulh shartlarini muvofiqlashtirish uchun biroz imkon berishini aytdi.

Foto: Reuters

Biroq Isroil askarlari chorshanba kuni G‘azoda Hamas a’zolari bilan to‘qnashganidan so‘ng, bosh vazir Binyamin Netanyahu ofisi Hamasning tayanchlarini qo‘lga olish va guruhni mag‘lub etish muddatlarini tezlashtirganini bildirdi.

Defrinning aytishicha, qo‘shinlar allaqachon G‘azo shahrining chekkalarida faoliyat yuritmoqda, Hamas esa «ayovsiz zarbalardan holdan toygan» partizan kuchiga aylangan. «Biz Hamasga qarshi hujumni chuqurlashtiramiz. G‘azo shahri Hamas hukumat va harbiy tayanchi hisoblanadi», dedi u.

Isroil kuchlari allaqachon G‘azo shahri chekkalarini egallab olgan va Zaytun mahallasida operatsiya o‘tkazmoqda. Bu hudud Falastin shimolidagi yuz minglab odamlarga uy bo‘lib kelmoqda.

«Osmondan dron va qiruvchi samolyotlarning ovozi tinmayapti. Odamlar esa vayronaga aylangan ko‘chalarda oziq-ovqat va boshpana izlab yurishmoqda, ammo hech narsa topisholmayapti. Isroil bu hududlarga hujumlarni «harbiy operatsiya» deb tasvirlagan amaliyot aslida – kundalik hayotni tizimli ravishda vayron qilishga aylanib ketdi. Bu yerda oilalar uchun oddiygina tirik qolish ham tobora og‘ir sinovga aylanmoqda», dedi Al Jazeera bilan gaplashgan mahalliy aholi vakili.

Tongdan buyon G‘azoda Isroil hujumlari va majburiy ochlik oqibatida kamida 81 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Al-Jazeera muxbiri Hani Mahmud G‘azo shahridan xabar berishicha, Isroil kuchlari shahar ichidagi Zaytun mahallasida hamda shimoldagi Jabaliyada hujumlarni kuchaytirmoqda.

Foto: Reuters

«Bu uylarning tizimli tarzda vayron qilinishi natijasida uzluksiz portlashlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu Isroil armiyasining asosiy strategiyasi bo‘lib, yagona maqsadga yo‘naltirilgan: odamlarni uysiz qoldirish orqali G‘azoni aholidan bo‘shatish», dedi Mahmud. «Xalq o‘zlari so‘nggi haftalarda zo‘rg‘a topib olgan oziq-ovqatlarini ham, mol-mulklarini ham tashlab ketmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Netanyahu raisligidagi Isroilning xavfsizlik kengashi bu oyda G‘azodagi kampaniyani kengaytirish va G‘azo shahrini egallash rejasini tasdiqladi. Urushning ilk bosqichida Isroil kuchlari Hamas bilan shiddatli ko‘cha janglarini aynan shu yerda olib borgan edi. Hozirda Isroil G‘azo sektorining taxminan 75 foizini nazorat qilmoqda.

Foto: Reuters

Isroil rasmiylari G‘azo shahri aholisi uchun evakuatsiya buyruqlari berilishini ma’lum qildi. Quddusdagi yagona katolik cherkovi – G‘azo shahridagi kichik parishni nazorat qiluvchi Lotin patriarxligi xabar berishicha, cherkov yaqinidagi mahallalarda evakuatsiya xabarnomalari tarqatila boshlangan.

Xalqaro tanqidlar

The Guardian nashrining yozishicha, Isroilning eng yaqin ittifoqchilari hukumatni rejani qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Ammo Netanyahu koalitsiyasidagi o‘ta o‘ng kuchlar vaqtinchalik sulhni rad etishga, urushni davom ettirishga va hududni anneksiya qilishga bosim o‘tkazmoqda.

Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi chorshanba kuni Isroilning G‘azodagi hujumi Yaqin Sharqda tinchlik istiqbolini «butunlay yo‘q qilayotganini» aytdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham bu fikrni takrorlab, rejalashtirilgan hujum «haqiqiy falokat» keltirib chiqarishini va mintaqani abadiy urush botqog‘iga tortishini ta’kidladi.

Germaniya hukumati matbuot kotibi Steffen Meyer esa: «Bu harakatlar qanday qilib barcha asirlarni ozod qilishga yoki sulhga olib kelishini tushunish tobora qiyinlashmoqda», dedi.

Isroil chorshanba kuni yana G‘arbiy Sohilda yirik noqonuniy posyolka qurish rejalari tasdiqlanganini ham ma’lum qildi. Isroilning o‘ng radikal moliya vaziri Betsalel Smotrichga ko‘ra, bu hududni ikki bo‘lakka bo‘lish — Falastin davlati istiqbolini butkul yo‘q qilishga qaratilgan.

Foto: AFP

Buyuk Britaniya bosh vaziri David Lammi, agar bu reja amalga oshirilsa, «xalqaro huquqni ochiqchasiga buzadi va ikki davlat yechimini jiddiy ravishda izdan chiqaradi», dedi.

Hamas esa o‘z bayonotida Isroilni «aybsiz tinch aholi ustidan davom etayotgan vahshiyona urushni davom ettirish»da aybladi.

«Netanyahuning vositachilar taklifini mensimasligi va javob bermasligi uning har qanday kelishuvni to‘sayotgan asl sababchi ekanini, [Isroilda] asirlarning hayoti unga qiziq emasligini va ularni qaytarishga jiddiy munosabatda emasligini isbotlaydi», deyiladi Hamas bayonotida.

Oshayotgan qurbonlar va ocharchilik

Hamas arab vositachilari taqdim etgan 60 kunlik sulh rejasini qabul qilgandi. Reja qolgan garovdagilarning bir qismini ozod qilish va Isroildagi falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborishni o‘z ichiga oladi. Isroil hukumati esa 50 nafar qolgan garovdagilarning barchasi birdaniga ozod qilinishi kerakligini aytib, taklifni o‘rganmoqda. Isroil rasmiylari ularning 20 nafarini tirik deb hisoblamoqda.

Foto: Anadolu

Sulh kelishuvlari borasidagi yana bir muammo – Hamas urushni tugatish evaziga barcha qolgan garovdagilarni ozod qilishini bildirgan. Isroil esa Hamas qurolsizlanmaguncha urushni tugatmasligini aytmoqda.

Isroilning harbiy kampaniyasi G‘azo sektorida keng ko‘lamli vayronalikka olib keldi. Urushgacha bu hududda 2,3 million falastinlik yashardi. Ko‘plab binolar, jumladan uylar, maktablar va masjidlar vayron qilindi. Harbiylar Hamasni tinch aholi infratuzilmasidan foydalanishda ayblamoqda, Hamas esa buni inkor etmoqda.

G‘azoda Isroil siyosati natijasida keng ko‘lamli ocharchilik yuzaga kelgani va genotsid ayblovlari fonida, xalqaro jamoatchilikning keskin g‘azabiga qaramay, Isroil o‘z qarashlarini o‘zgartirmayapti. Shu paytda tobora ko‘proq davlatlar Falastin davlatini tan olish rejalarini e’lon qilmoqda. Shu kunga qadar Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda 62 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, ularning 20 mingga yaqini bolalar.

Bundan tashqari, Isroilning og‘ir blokadasi va davom etayotgan hujumlari oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonlarni butkul to‘sib qo‘yganidan G‘azoda ocharchilik xavfi ortib bormoqda.

Foto: Anadolu

GISHA - isroillik huquqiy tashkilot Isroil hukumatining G‘azodagi ocharchilik inqirozi bo‘yicha mas’uliyatni kamaytirish yoki bo‘ynidan soqit qilishga qaratilgan bayonotlarini rad etdi. «Isroil harbiy hujumning birinchi kunidan boshlab yordamni kiritish ustidan nazoratni urush quroli sifatida ishlatib kelmoqda. Isroil G‘azoga yordam yetkazishni deyarli imkonsiz qiladigan sharoitlarni yaratdi va yaratishda davom etmoqda», deyiladi bayonotda.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirishicha, Isroilning yordam blokadasi fonida G‘azoda to‘yib ovqatlanmaslik keskin ortmoqda. «Bu shunchaki ochlik emas. Bu — ocharchilik», — deya ta’kidladi tashkilot. U butun umrga ta’sir qiladigan rivojlanish nuqsonlarini keltirib chiqarishi, immunitetni zaiflashtirishi va «odatdagi kasalliklarni ham o‘limga aylantirishi»ni qayd etdi.

BMTning Falastinlik qochqinlar agentligi ma’lumoticha, G‘azo shahridagi bolalarning qariyb uchdan biri endi to‘yib ovqatlanmaydi.

Mavzuga oid