Jahon | 17:33 / 24.02.2019
40895
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV SSSR davrida Markaziy Osiyoda yuz bergan ocharchilik mavzuidagi chiqishlarni ig‘vogarlik deb atadi

1930-yillarda SSSRda yuz bergan ocharchilikni aholining ayrim guruhlarini «qirish» deb tasvirlash hech qanday asosga ega emas va Rossiyaga qarshi kayfiyat uyg‘otishga qaratilgan. Bu haqda Rossiya TIV bayonotida aytiladi.

«Keyingi vaqtda Markaziy Osiyodagi qator davlatlar axborot makonida o‘tgan asrning 30-yillarida yuz bergan ocharchilik mavzusi sun'iy ravishda bo‘rttirilmoqda. Bunda millatchilik nuqtai nazari tarafdorlari o‘z mamlakatlari jamoatchiligiga mazkur fojiani «odamlarning ochlikdan yoppasiga qirilishi» va hatto SSSR rahbariyati tomonidan hududning tub aholisini «qirg‘inbarot» qilish degan fikrni singdirmoqda», – deyiladi bayonotda.

TIVning qayd etishicha, tarixiy hujjatlar mamlakatning keng hududini qamrab olgan ocharchilik natijasida 7 mlnga yaqin kishi, jumladan Rossiya hududida 2,5 mlndan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida guvohlik beradi.

«30-yillardagi ocharchilik ommaviy va tanlanmagan tusda bo‘lgan. U kuchli qurg‘oqchilik va hukumatning o‘ta ortiqcha choralari tufayli (bug‘doy tayyorlashga qo‘yilgan o‘ta yuqori kvotalar, oziq-ovqatning musodara qilinishi, mahsulot sotishni taqiqlash) hosil yetishtirilmasligi natijasida boshlangan. Mazkur choralar SSSRning barcha dehqonchilik hududlarida hech qanday istisnosiz bir xil qat'iylikda amalga oshirilgan», – deyiladi bayonotda.

TIVning ta'kidlashicha, SSSR xalqlari uchun umumiy bo‘lgan fojiani aholining ayrim guruhlarini irqiy, milliy va diniy kelib chiqishi asosida «qirg‘inbarot» qilish deya ifodalash eng kamida «biror asosga ega emas, ko‘pi bilan esa – Rossiyaga qarshi kayfiyat uyg‘otish va rus tilida so‘zlashuvchi aholisi ko‘p bo‘lgan do‘st mamlakatlarda millatlararo nizo uyg‘otishga qaratilgan ig‘vogarlik» hisoblanadi. 

Bayonotda ocharchilikka sabab bo‘lgan fojiaviy xatolar 1933 yilda tan olingani, sovet hukumati jabrlangan hududlar, jumladan Markaziy Osiyoga keng miqyosdagi oziq-ovqat yordami tashkil etgani ta'kidlanadi.

«Ishonamizki, «millatchilik qartasi»dan foydalanib tarixiy dalillarning o‘rnini almashtirish orqali rossiyaliklar bilan birodar Markaziy Osiyo xalqlarini chalg‘itib bo‘lmaydi. Tarixga, ayniqsa, uning murakkab sahifalariga bahoni birinchi navbatda o‘z davlatlari hukumatlarining qo‘llab-quvvatlashi orqali tarixchi olimlar va boshqa mutaxassislar berishlari kerak. Yaqin vaqt ichida ularga yordam berish uchun XX asrning 30-yillaridagi ocharchilik mavzusini xolisona yoritadigan yangi arxiv hujjatlari ilmiy va axborot aylanmasiga kiritiladi», – deyiladi Rossiya TIV tomonidan.

Mavzuga oid