Yuriy Andropov bor-yo‘g‘i 69 yil «yashagan» SSSR tarixidagi muhim shaxslardan biri hisoblanadi. U 1967 yildan 1982 yilgacha KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ni boshqaradi.

Ungacha 1962-1967 yillar oralig‘ida KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimida ishlagan.

1982 yil 24 may kuni Suslovning o‘limidan so‘ng Andropov KGB rahbarligini Vitaliy Fedorchukka topshirib, KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini qayta egallaydi.

Tarixchilarga ko‘ra, Andropov nafaqat SSSRdagi balki dunyodagi eng qudratli tashkilot rahbarligini topshirib, KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini olishi kelajakda SSSR rahbari bo‘lish rejasi bilan bog‘liq.

Chunki O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Leonid Brejnev 1982 yil 23 mart kuni Toshkent aviatsiya zavodida jarohat oladi va sog‘ligi birmuncha yomonlashadi.

Shundan so‘ng Andropov ko‘p o‘tmay KGB rahbarligidan ketadi va atrofiga tarafdorlarini to‘plab, SSSR rahbari bo‘lish uchun tadorik ko‘ra boshlaydi.

1982 yil 10 noyabr kuni SSSR rahbari Leonid Brejnev vafot etadi. Oradan ikki kun o‘tib, hali u qabrga qo‘yilmasidan avval Yuriy Andropov mamlakatning yangi rahbari bo‘ladi.

Yuriy Andropov

Andropov KGB rahbari

Andropov 1967 yil 18 may kuni KGB raisi lavozimiga tayinlanadi. O‘sha paytda Brejnevning atrofida ishonchli odamlar ko‘p edi. Biroq u bu mas’uliyatli lavozimni Andropovga bergani ko‘pchilikni ajablantiradi.

Keyinchalik Brejnev bu ishidan afsuslanadi, ammo KGB rahbari sifatida «temir mushti» bilan mamlakatni qo‘lga olgan Andropovni ishdan bo‘shatishga haddi sig‘maydi.

Andropovdan avval KGB rahbari bo‘lgan Vladimir Semichastniy Iosif Stalinning qizi Svetlana Alliluyevaning SSSRdan qochib, AQShdan siyosiy boshpana so‘rashi ortidan ishdan olingan deyiladi. Aslida esa Brejnev Semichastniyni o‘ziga qarshi fitna tayyorlashda gumon qilib ishdan olgandi.

Andropov KGB rahbari bo‘lgandan so‘ng SSSRning tashqi va ichki siyosatiga faol aralasha boshlaydi. Bu ishlar Brejnevga yoqmagan, biroq u qo‘rquv tufayli Andropovga inday olmagan.

Andropovning ana shunday ishlaridan biri Afg‘onistonda amalga oshiriladi. Avvaliga KGBning maxsus bo‘linmalari bu mamlakatdagi notinchlikni avj oldiradi. So‘ng sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kiradi.