Respublikaning ba'zi maktablarida geografiya va tarix darslarida bor-yo‘g‘i bitta xaritadan foydalaniladi. Ba'zan geografiya darsida foydalanilayotgan xarita darsni bo‘lib, tarix fani uchun olib ketib qolinishi yoki buning aksi bo‘ladigan holatlar ham uchrab turadi.

Katta masshtabdagi xaritalarning tanqisligi masalasini o‘rganib, o‘zi bunday turdagi xaritaning dars davomida o‘quvchi uchun ahamiyati qandayligi haqida «Maktabda geografiya» jurnali bosh muharriri Oybek Abdimurotovga murojaat qildik.

«Geografiya darslarida katta masshtabli xaritalar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Kichik masshtabli xaritalarda geografik obektlar kam bo‘lib, ularning maydoni, shakli va o‘lchamlarida xatoliklar ko‘p bo‘ladi. Katta masshtabli xaritalarda esa geografik obektlar ko‘proq bo‘lib, ularning maydoni, shakli va o‘lchamlari kam xatolik bilan tasvirlanadi.

Shuningdek, bunday xaritalarda mayda masshtabli xaritalarga qaraganda nisbatan kichik hududlarni ham tasvirlash imkoniyati yuqori. Bu esa o‘quvchilarda o‘zi yashaydigan viloyat, tuman, shahar va hatto mahalla yoki qishlog‘ining geografik o‘rni va boshqa xususiyatlari haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini beradi», – dedi Oybek Abdimurotov.

Bosh muharrirga ko‘ra, geografiya faniga doir bilimlarni yaxshi o‘zlashtirishda o‘quv atlaslari va yozuvsiz xaritalar bilan ishlashning amaliy ahamiyati katta. Chunki o‘quv atlaslarida darslikdagi har bir mavzuga taalluqli xaritalar tizimli ravishda jamlangan. O‘quvchilar ushbu xaritalar bilan ishlash orqali tabiat va jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni geografik makon bilan bog‘liqligini tushunib, darslik matnidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Atlaslar va yozuvsiz xarita bilan ishlaganda o‘quvchilar nafaqat o‘qib, balki voqea va hodisalarni o‘zgarish xolatini ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan bajarganlarida ko‘proq anglab yetadilar.

Maktablar xarita va atlaslar bilan qay darajada ta'minlangan?

Maktab o‘quvchilarining xarita va atlaslar bilan ta'minlanganlik darajasini bilish maqsadida respublikaning turli viloyatlaridagi o‘qituvchilar bilan bog‘lanib ko‘rdik. Ularning aksariyati xarita va atlaslarning kamligini ma'lum qilishdi. O‘qituvchilarga ko‘ra, bitta sinfda sanoqli o‘quvchilargina atlas va yozuvsiz xaritalardan foydalanishadi.

Ustozlarning ta'kidlashicha, bunga sabab – atlas va yozuvsiz xaritalar narxining balandligidir. Ularning ko‘pchiligi katta masshtabli tabiiy, siyosiy va iqtisodiy xaritalarning juda kamligi yoki umuman yo‘qligini ham ta'kidlashdi.