O‘zbekiston | 18:29 / 14.10.2021
2753
2 daqiqa o‘qiladi

Ekopartiya nomzodi: “Qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tiladi”

Foto: Ekologik partiya

14 oktabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi.

Narzullo Oblomurodov o‘z saylovoldi dasturida mamlakatning barqaror rivojlanishini ta'minlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish g‘oyasi e'tiborga olingani haqida ta'kidlab o‘tdi. Unga ko‘ra:

- “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatdagi ishlab chiqarishning barcha sohalarini jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

- ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni keng joriy etish, yonilg‘i sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, shuningdek, elektr transportini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish;

- davlat budjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish;

- davlat xaridlari tizimida “yashil” xaridlarga ustuvorlik berish;

- “yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish hajmlarini oshirish, sanoat korxonalarini “yashil” texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

- qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga keng iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

- davlat tomonidan “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Mavzuga oid