27 oktabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligi saylovlari bo‘ladi. Kun.uz mamlakatdagi beshta siyosiy partiya vakillarini debatga taklif etdi. Yig‘ilganlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika muammolaridan tortib, korrupsiyaga qarshi kurashish, soliq siyosati, ekologiya, kommunal xizmatlar, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati, boshqaruv tizimi yuzasidan qarashlarini ma’lum qildi.

Debat 4 raundda o‘tkazildi. Har bir raund uchun reglament belgilandi va moderator vaqtga amal qilinishiga e’tibor qilib bordi.

1-raund

Birinchi raundda beshta siyosiy partiya vakillariga saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlarini tomoshabinlarga tanishtirish uchun imkoniyat berildi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxati bo‘yicha O‘zLiDeP vakili Bobur Bekmurodov birinchi bo‘lib boshlab berdi hamda partiya ilgari surayotgan g‘oyalarga to‘xtaldi. Ro‘yxatga muvofiq “Milliy tiklanish” DP, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, XDP hamda «Adolat» SDP vakillari chiqish qilishdi.

2-raund

Ikkinchi raundda har bir partiya vakillariga davlatning ijtimoiy-iqtisodiy boshqaruvidagi muammolar va vaziyatdan kelib chiqib, energiya manbalariga bo‘lgan talab hamda korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga nisbatan har bir vakilning munosabati eshitildi.

O‘zLiDeP vakiliga ko‘ra, energiyaga bo‘lgan talabni qondirish uchun partiya qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini sezilarli oshiradi.

Yaqin yillarda energiyaga bo‘lgan talab 35 foizga o‘sdi. Elektr energiyasining 75-80 foizini gaz yoqib, ishlab chiqaramiz. Davlatimiz rahbari tomonidan 7 ta viloyatda umumiy qiymati 2,4 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh elektrostansiyalari va 1 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirdik. Respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2,5 baravargacha oshirib, jami energiyada ularning ulushini 40 foizga yetkazishni niyat qilganmiz. Jamoat transport vositalari, sanoat korxonalari va yirik ishlab chiqaruvchilarga yashil sertifikatlar joriy qilish va energiyani tejashga alohida e’tibor qaratamiz”, - deydi deputatlikka nomzod Bobur Bekmurodov.

“Milliy tiklanish” DP vakili Nodir Tilavoldiyev fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari energiya resurslari past 20 davlat qatoriga kiradi, muammo jiddiy.