17:37 / 30.01.2022
12310

Birgalikda yeng shimariladigan ish: internetda o‘zbekcha kontentni ko‘paytirish uchun nimalar qilsa bo‘ladi?

Internetdagi ma’lumotlarning 63,6 foizi ingliz tilida. 6,9 foiz ma’lumotlar rus tilida va hayratlanarlisi - uchinchi o‘rinda qariyb 4 foizlik natija bilan... turk tili turibdi.

Bu ma’lumotlar veb-texnologiyalarga doir ma’lumotlarni umumlashtiruvchi w3techs saytida keltirilgan va har kuni yangilab boriladi.

Internetda turli tillarda yaratilgan kontentlarning yil davomida o‘zgarish grafigi. w3techs.com

Jahonda turk tilidan ko‘ra kengroq tarqalgan xalqaro tillar ko‘p. Masalan, kontent yaratishda foydalanilgan tillar ro‘yxatida keyingi o‘rinlarda ispan tili (3,6 foiz), fors tili (3,5 foiz), fransuz tili (2,5 foiz), nemis tili (2 foiz), yapon tili (1,9 foiz), vetnam tili (1,9 foiz), xitoy tili (1,3 foiz), arab tili (1,3 foiz) turibdi.

Albatta, «kuchli o‘nlik»dan o‘rin olgan turkcha, forscha va vetnamcha ma’lumotlarning ko‘pligi kishini chindan ham hayratlantiradi. Masalan, jami ma’lumotlarning 0,1 foizdan ham kamrog‘ini tashkil etuvchi o‘zbek tilidagi kontentlar  51-o‘rinda ekan. Ya’ni, internetdagi har mingta maqolaning bittasi o‘zbekcha. Turklarning bu borada amalga oshirgan ishlaridan o‘rnak va andaza olsa arziydi.

Internetda o‘zbek tilidagi ma’lumotlar qancha?

Xalqaro ochiq ensiklopediya — Wikipedia’da o‘zbekcha materiallar 100 mingdan oshgan. Wikipedia’dagi maqolalarning katta qismini «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»dan shundoqqina ko‘chirib, «kopi-peyst» qilingan maqolalar tashkil etadi. Ularning katta qismi kitob varianti uchun tayyorlangan, batafsil bo‘lmagan, bir abzatsdan iborat yuzaki ma’lumotlar. Holbuki, ko‘pincha o‘sha maqolaning boshqa tildagi versiyalarida batafsil ma’lumotlar berilgan bo‘ladi. Sifatga emas, songa ishlangandek taassurot qoldiradi.

Onlayn ensiklopediyada maqolalar soni 1 milliondan oshgan tillar soni 19 ta, bu yerda ham tabiiyki, ingliz (6,38 mln maqola) va rus tili (1,75 mln maqola) yetakchilik qilmoqda. O‘z-o‘zidan, bu ikki tilni mukammal bilgan inson yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi oydinlashadi.

Youtube, TikTok, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekcha kontentlarni-ku, endi gapirishga ham arzimaydi. G‘ij-g‘ij xato.

Ushbu ma’lumotlarni keltirishdan muddao, XXI — axborot asrida o‘zbek tilidagi sifatli kontentni ko‘paytirish uchun zudlik bilan ishga kirishish kerakligini eslatish. Biz bu borada boshqa millatlardan ortda qolib ketmasligimiz kerak.

Xo‘sh, nimalar qilish kerak?

Ochig‘i, bu boradagi holatni aslo qoniqarli deb bo‘lmaydi. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti bor. Hozir ensiklopediyalarni (lug‘atlarni ham) faqat qog‘ozda, kitob ko‘rinishida chop etish o‘zini mutlaqo oqlamaydi. Avvalo, kitoblar narxi juda qimmatga tushadi. Kitobga ko‘p ma’lumot sig‘dirib bo‘lmaydi. Imkon qadar qisqa va lo‘nda, yuzaki ma’lumotlar berishga to‘g‘ri keladi.

Eng asosiysi — kitobga ehtiyoji bo‘lgan oddiy o‘quvchi (deylik, o‘quvchi va talaba) uni xarid qilolmaydi. Ko‘pincha ensiklopediyalar asosiy missiyasiga ters o‘laroq, kutubxonalarda va davlat tashkilotlarida kitob javonini bezab turish uchun xizmat qiladi.

Buni to‘g‘ri anglagan nashriyot xodimlari qomus.info saytini ishga tushirishgan. Saytda qariyb 36 mingta maqola jamlangan. Lekin bu ham juda kam.

Onlayn ensiklopediyada maqola joylanganda ensiklopediya kitoblardagi qisqagina, yuzaki ma’lumotlar emas, batafsil va chuqurroq ma’lumotlar, fotosuratlar, videolar, xaritalar va giperhavolalar bilan boyitilgan ma’lumotlar kerak.

Qomus.info saytidan skrinshot

Qomus.info sayti navigatsiya uchun u qadar qulay emas. Maqolalar o‘ta yuzaki. Uni yanada yaxshilash uchun kuchliroq va badastir tayyorlangan dastur kerak. Qolaversa, maqolalar ostida shubhali reklama agregatori turishi ham sayt nufuziga putur yetkazadi.

Bu ishlarni hech kim tekinga amalga oshirmaydi, albatta. Shuning uchun internetda o‘zbek tilida professional ilmiy kontent yaratuvchi guruh tashkil etilishi va davlat tomonidan moliyalanishi kerak.

U qanday bo‘ladi? Taxminimcha, har birida 10-15 nafardan mutaxassis bo‘lgan 9-10 ta guruh faoliyat yuritishi kerak. Guruhlar mavzu va fanlarni bo‘lib olishadi. U yerda mualliflar, fotograflar, infografika dizaynerlari, xarita yaratuvchilar ham ishlashi kerak.

Taklif etilayotgan onlayn ensiklopediyadagi to‘liq ma’lumotlar biryo‘la Wikipedia’ga ham joylansa bo‘laveradi. Masalan, Wikipedia’da mavzular va fanlar bo‘lib qo‘yilgan:

  1. Fan va tabiatshunoslik
  2. Tarix va davr
  3. Madaniyat va san’at
  4. Falsafa va din
  5. Texnika va texnologiya
  6. Inson va jamiyat
  7. O‘yinlar va sport
  8. Geografiya.

Bu umumiy mavzularning bo‘limlari juda ko‘p. Ayni paytda Wikipedia’ning o‘zbekcha sahifalarini ko‘ngilli tarjimonlar ham to‘ldirishda ishtirok etishmoqda. Albatta, ko‘ngilli volontyorlar xizmatidan foydalanish, ularni ham qandaydir yo‘l bilan rag‘batlantirib borish kerak.

Durdona asarlar ham internetga joylanishi kerak

Bildirilayotgan bu takliflar faqatgina ilmiy-ensiklopedik ma’lumotlar uchungina taalluqli emas. Hali tarjima qilinishini kutib yotgan ko‘plab adabiy durdonalar ham bor. Ular ham kitob holida emas, davlat hisobidan moliyalashtirilib, onlayn resursga joylanishini tashkil etish kerak.

Bir paytlar Chor Rossiyasi avval Chimkent va Toshkentni, so‘ng Qo‘qon xonligini egallab olgach, rus sharqshunosi Nikolay Ostroumov Turkiston general-gubernatorligining ma’muriy markazi bo‘lgan Toshkentda rus tilida chop etiladigan «Turkestanskaya tuzemnaya gazeta» nashrini tashkil etadi. Oradan biroz vaqt o‘tib, u mahalliy aholi uchun «Turkiston viloyati gazeti» nomi bilan gazetaning o‘zbek tilidagi nashriga ham asos soladi.

Etnograf Ostroumov avval boshida o‘zbek tilini mukammal bilmagan. Shu sababli yoniga o‘zbek va rus tillarini biladigan kishilarni olib, o‘zbek adabiyotini va boshqa ilmiy asarlarni rus tiliga, rus adabiyoti va boshqa ilmiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qildirib, o‘zi muharrir bo‘lgan  gazetada chop etib borgan.

Masalan, u Pushkin, Tolstoy asarlarini, shuningdek, «Qadimgi Misrning qisqacha tarixi», «Kolumbning hayoti», «Dunyoning barcha qismlari geografik xaritasi» kabi asarlarni rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan va «Turkiston viloyati gazeti»da berib borgan.

O‘zbek shoirlari Furqat, Zavqiy, Muqimiy, hatto Maxtumquli kabi mutafakkirlarning asarlarini, kitoblarini tarjima qilib, chop ettirgan. Ularning ayrim asarlarini hatto Peterburgda chiqadigan gazetalarda e’lon qilgan.

Ajablanarlisi shundaki, bugun biz Ostroumov bundan qariyb 150 yil avval uddalagan ishlarni qila olmayapmiz. Aksariyat ilmiy risolalar, kitoblarimiz rus tilida chop etilgan va kutubxonalarda chang bosib yotibdi. Ularni qachon tarjima qilamiz-u, qachon foydalanamiz?!

Bu borada ham bizni qizg‘in mehnat kutib turibdi.

Alifbo muammosi

Albatta, onlayn ma’lumotlarning katta qismi matnli kontent bo‘lgani sababli, qidiruv tizimlari to‘g‘ri ishlashi uchun eng avvalo alifbomizni isloh qilib olishimiz kerak. Ochig‘i, lotin imlosidagi nobop alifbomiz ham bu boradagi ishlarning shiddat bilan avj olishiga to‘siq bo‘lib turibdi. Bu borada avval ham batafsil to‘xtalganimiz uchun dalillarimizni takrorlashga hojat yo‘q deb o‘ylayman.

Alifbo borasida depsinib turganimiz, hamon o‘rni kelsa kelmasa, rus grafikasi asosidagi alifbodan foydalanishimiz o‘zbekcha kontent ko‘payishiga salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Biz esa vaqtdan yutqazishda davom etmoqdamiz.

Sifatli ilmiy-ommabop kontent masalasiga qaytadigan bo‘lsak, buning uchun ulkan mablag‘ va vaqt talab etiladi, albatta. Bu ishni birgina metsenatlik yoki havasmandlik  bilan amalga oshirib bo‘lmaydi.  Albatta, davlatning qo‘llovi va yordami kerak.

Buning uchun zudlik bilan kengashib, yo‘l xaritasi belgilanib, muayyan rejalar tuzilib, harakatni boshlash kerak.

Albatta, o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop materiallar birinchi navbatda maktab o‘quvchilari (o‘qituvchilariga ham!), oliygohlarning talabalariga kerak. O‘z bilimini oshiraman degan yoshlarga ham. Ularga hozir internetda ijtimoiy tarmoqlarda ta’limku bermaydigan, ammo tarbiyaga ta’sir qiluvchi bo‘lmag‘ur narsalardan boshqa kontent taklif etilmayapti. Turklar eplagan narsani o‘zbeklar ham bemalol eplay oladi, degan ishonch bilan bularning barisini  yozdim.

Qolaversa, bunday xayrli ishlar o‘zbek tili obro‘sini yuksaltirish, birgina O‘zbekiston aholisi emas, chegaradosh qo‘shni respublikalar va jahonning boshqa davlatlarida istiqomat qilayotgan millionlab millatdoshlarimizning o‘z ona tilida sifatli ma’lumotlarga ega bo‘lishiga zamin hozirlangan bo‘lardi.

Deputatlarimiz, olimlarimiz, hukumatimizdagi mutasaddilar o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan dolzarb masala.

So‘ngso‘z o‘rnida aytishim kerakki, ushbu maqolada men boshqa muhim jihatlarni nazardan qochirgan bo‘lishim mumkin. Bu borada jo‘yali takliflari bilan chiqish qilmoqchi bo‘lganlar bo‘lsa, o‘z fikr-mulohazalarini tahririyatimiz minbari orqali so‘zlashga imkoniyat beramiz, albatta.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Mavzuga oid
Top