02:59 / 11.04.2020
125372
Yaponiyada koronavirusga qarshi potensial samarali antivirus bor. Dori 20ta davlatga yetkazib beriladi

Dunyoning qator davlatlarida koronavirusga qarshi dori sifatida o‘nlab preparatlar klinik sinovlarda o‘rganilmoqda. Ulardan hozircha eng muvaffaqiyatlisi deya Yaponiyada ishlab chiqarilayotgan «favipiravir» («avigan») nomli dori vositasi tilga olinyapti.

Foto: Reuters

Yaponiya rasmiylari BMT bilan hamkorlikda favipiravir (boshqa bir nomi avigan) preparatini COVID-19ga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llash uchun 20dan ortiq davlatga yetkazib berishni boshlash arafasida.

«Bu preparatning samaradorligini tekshirish yuzasidan xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni istaymiz», dedi Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegu 7 aprel kungi brifingda.

Shu kuni AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (FDA) koronavirus bemorlarini davolashda aviganni qo‘llab ko‘rishga ruxsat berdi.

Bu dorining koronavirusga qarshi samaradorligini Xitoy mart oyidayoq tasdiqlagan edi. Uhan va Shenjyen shaharlaridagi 340 bemor ishtirokida o‘tkazilgan klinik sinovlardan yaxshi natijalar olingan.

Xususan, shu dori berilgan Shenjyendagi bemorlar o‘rtacha 4 kunda, hech qanday dori ichmagan patsiyentlar esa o‘rtacha 11 kunda sog‘aygan. Qolaversa, avigan qabul qilgan bemorlarning 91 foizi rentgen qilib ko‘rilganida o‘pkasining holati yaxshilangani kuzatilgan. Taqqoslash uchun, xuddi shunday holat hech qanday dori ichmagan bemorlarning 62 foizida qayd etilgan.

«Preparat yuqori darajada xavfsiz va yaqqol davolash samarasiga ega», degandi Xitoy Ilm-fan va texnologiyalar vazirligi rasmiysi Jang Ksinmin mart oyi o‘rtalarida.

Ammo, The Guardian xabariga ko‘ra, ayrim manbalar dori og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam bera olmasligini aytmoqda.

«Aviganni 70-80 kishiga berib ko‘rdik, virus organizmda ko‘payib ketishga ulgurgan holatlarda u qadar ham yuqori samara bermayapti», degan Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligidagi manba.

Shu boisdan preparatni faqatgina risk guruhidagi bemorlar – qariyalar va surunkali kasalligi bor kishilarga berish ko‘zda tutilmoqda.

22 martga kelib, Italiya ham aviganni bemorlarda sinab ko‘rishni boshladi.

Foto: Getty Images

Ushbu antivirus preparat so‘nggi o‘n yillikda Yaponiyaning Fujifilm Holdings korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan, Yaponiyada 2014 yil mart oyida litsenziyalangan. (Avigan haqidagi bayonotlardan keyin Fujifilm aksiyalari narxi rekord darajada ko‘tarildi). 

Preparat grippga qarshi yuqori samaraga ega, ammo hayvonlardagi tadqiqotlarda embrional rivojlanish buzilishiga olib kelishi kuzatilgan. Shu nojo‘ya ta'siri tufayli hozirga qadar bozorda ochiq ravishda sotuvga chiqarilmagan. Koronavirusdan davolashda ham homilador ayollarga tavsiya etilmaydi.

Yaponiya hukumati aviganni gripp epidemiyasida qo‘llash mumkin, deya hisoblagani uchun ehtiyot chorasi sifatida zaxirada saqlagani aytiladi.

Shuningdek, avigan Ebola bezgagiga qarshi samarali vosita ekani ham aniqlangan.

Xabarlarga ko‘ra, yapon olimlari shu yil yozga qadar bu moddani koronavirusga qarshi dori vositasi sifatida tasdiqlatishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda preparat zaxirasini uch barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. TASS ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi zaxiralar grippga chalingan 2 mln kishi yoki koronavirus yuqtirib olgan 700 ming kishini davolashga yetadi.

Yuqorida qayd etilgan Xitoydagi klinik sinov natijalari e'lon qilingach, Yaponiya hukumatiga 30dan ortiq mamlakatdan murojaat kelib tushdi. Kunchiqar yurt rasmiylari imkoniyatlarni chamalagan holda, ular orasidan 20ta davlatni tanlab olib, preparatni bepul taqdim etishga qaror qildi. Bular – Albaniya, Bolgariya, Gruziya, Estoniya, Indoneziya, Eron, Kipr, Kosovo, Lyuksemburg, Moldova, Myanma, BAA, San-Marino, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Sloveniya, Turkiya, Vengriya, Ukraina va Chexiya.

Shuningdek, 7 aprel kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegu hukumat kelgusida yana 30ta davlatga dorini yetkazib berishga harakat qilishini ma'lum qildi.

Qator mamlakatlarda aviganning analoglarini yaratish ustida ham ish olib borilmoqda.

Koronavirusga qarshi vaksina ustida esa, JSST ma'lumotiga ko‘ra, 70dan ko‘proq davlat ishlamoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top