O‘zbekiston | 21:00 / 21.11.2018
16141
5 daqiqa o‘qiladi

UMS mobil operatorining 100 foizlik davlat ulushi «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga beriladi

Universal Mobile Systems (UMS) uyali aloqa operatori ustav kapitalidagi davlat ulushi 100 foiz «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi davlat muassasasiga topshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21 noyabr kuni imzolangan «Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

Hujjatda mazkur qaror raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani qo‘llash maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ hisoblanadi. Sentyabr oyida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi, shu jumladan, «blokcheyn» texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida amalga oshirish uchun investorlarning mablag‘larini jalb etish va birlashtirish asosiy vazifalaridan biri hisoblangan davlat muassasasi shaklidagi «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan. 

Qaror bilan prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ikki oy muddatda samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni joriy etish uchun zarur texnik bazani yaratish bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019−2021 yillarda «Universal Mobile Systems» MChJni rivojlantirish Kontseptsiyasini ishlab chiqishi va tasdiqlashi belgilandi:

  • operatorning boshqaruv tizimiga, shu jumladan, mobil xizmatlar ko‘rsatish sohasida yetarli tajribaga ega malakali mutaxassislarni jalb etish orqali innovatsion menejmentni joriy etish; 
  • ichki kuch va mablag‘larni safarbar etish, telekommunikatsiya uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash; 
  • O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida internet global tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashni bosqichma-bosqich ta'minlash; 
  • barcha davlat xizmatlarining faqatgina operatorning ma'lumotlarga ishlov berish markazlari orqali ko‘rsatilishini ta'minlash. 

O‘rnatiladigan tartibga ko‘ra, operatorning ustav kapitalidagi topshirilayotgan davlat ulushini boshqarish Jamg‘arma tomonidan faqatgina Jamg‘arma Kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi, operatorning ustav kapitalidagi davlat ulushidan olinadigan daromadlar, shuningdek, maqsadli imtiyozlar berishdan bo‘shaydigan moliyaviy mablag‘lar Kontseptsiyani amalga oshirish davrida texnologik uskunalarni modernizatsiya qilish va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Jamg‘arma hisobiga yo‘naltiriladi. Kontseptsiyada nazarda tutiladigan tadbirlar operatorning o‘z mablag‘lari va Jamg‘arma mablag‘lari, jalb etiladigan qarz mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. 

Operator 2021 yil 1 dekabrga qadar muddatga telekommunikatsiya sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji, radiochastotalar spektridan foydalanish uchun to‘lov, shuningdek, radioelektron vositalardan foydalanish uchun ekspluatatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etilgan.

Mobil operatoriga faqat o‘z tijorat ehtiyojlari uchun, boshqa operator va provayderlarga ovozli telefoniya va internet trafigi xalqaro kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqisiz xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga (ma'lumotlar va ovoz uzatish tarmoqlariga), shu jumladan, «IP-telefoniya» texnologiyasidan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish, shuningdek, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish maqsadida Jamg‘arma bilan kelishilgan holda shartnoma asosida mustaqil xorijiy, milliy konsultant va ekspertlarni jalb etish huquqi berildi.

UMS bosh idorasi AT va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Nukus ko‘chasi, 22-uy manzilida joylashgan binosiga joylashtiriladi.

Mavzuga oid