O‘zbekiston | 07:39 / 02.11.2021
1675
3 daqiqa o‘qiladi

Moddiy madaniy meros obektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi

Mamlakatda 8210 ta moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obekti davlat muhofazasiga olingan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda tarixiy obidalarni ruxsatsiz yoki o‘z bilganicha ta'mirlash-tiklash ishlari ko‘paygan. Natijada, ularning tarixiy va badiiy qimmatiga jiddiy zarar yetkazilgan.

Foto: Telegram / “Vostok i vokrug”

Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida bunday holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Bosh prokuratura tomonidan mamlakat bo‘yicha so‘nggi uch yilda 320 ta moddiy madaniy meros obektida amalga oshirilgan ta'mirlash-tiklash ishlari hujjatlari o‘rganilgan va ko‘plab qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani natijasida uning badiiy bezaklari, naqsh, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Madaniy meros departamenti Ilmiy ekspertlik kengashining ruxsatisiz madaniy meros obektlarida biron-bir restavratsiya yoki ta'mirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas. Lekin ekspertlar kengashi ruxsatisiz 14 ta obektda jami 12 454,9 mln so‘mlik ta'mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.

Ayrim shaxslar tomonidan, hatto mansabdorlar ruxsati bilan ming yillik tarixga ega obidalarga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilgan. Amaldagi Jinoyat kodeksi 132-moddasiga ko‘ra, bu ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi va ushbu modda bilan 2017-2021 yillarda jami 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qonun loyihasida moddiy madaniy meros obektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda. Shuningdek, mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilayotgan bunday jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlari tergovchilariga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Tahlillarga ko‘ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2017-2021 yillarda huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha kiritilgan 486 ta ko‘rsatma va taqdimnomalarning 179 tasi bajarilmagan.

Loyihada sohada davlat nazoratini to‘liq ta'minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalarining bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma yoki taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, bir yil davomida takror sodir etilsa, yetti baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan.

Deputatlar ushbu qonun loyihasini partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, bir ovozdan ma'qulladi.

Mavzuga oid