O‘zbekiston | 14:53 / 11.08.2023
10298
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi

Issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Buxoro shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti.

So‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetdi, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paydi. Muhimi, issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.

- Shu bilan birga, qishdagi qattiq sovuqdan eng ko‘p zarar ko‘rganlardan biri bu – issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor, - dedi prezident.

Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi. Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘liq hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo‘yicha majburiyat oladi.

Ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi. Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ham 650 milliard so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi. 

Issiqxonalarda serdaromad mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025 yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi. 1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.

Mavzuga oid