Jamiyat | 08:00 / 10.11.2019
34239
6 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahri va tumani: xarobada yashayotgan odamlar va qabristonda qolib ketgan xonadon

Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyatidan keladigan murojaatlarning aksariyati «snos» bilan bog‘liq. Fuqaroga tegishli uy-joy yoki boshqa mulk davlat va jamoat ehtiyoji uchun olinadimi, bu yerga ko‘p qavatli uy quriladimi, har qanday vaziyatda ham avval mulk egasini rozi qilish lozimligi kunday ravshan. Ammo negadir bu viloyatda ko‘plab fuqarolar yillar davomida sarson qilinadi.

Qarshi shahridagi «Gulshan» mahallasida yashovchi fuqarolar naq to‘rt yildan beri azob chekishadi. Ularning uylari 2015 yil buzilishga tushgan. Hovlilar oldidan ko‘p qavatli uy qurilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi «Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida» qarori bilan shahardagi ko‘pgina ko‘chalar kengaytirildi, rekonstruksiya qilindi, ko‘p qavatli va zamonaviy binolar qad rostlagan. Aholiga uylari buzilishga tushgani haqda 2015 yil shahar hokimligi tomonidan ogohlantirish xati berilgan. Ammo shu vaqtgacha kompensatsiya berilmagan.

Odamlar bir necha yil shundoqqina qurilishlar ostida yashashgan. Uylar xarob ahvolga kelib qolgan, devorlar qulab tushgan, ko‘chalar buzilgan. Hozirga kelib ham bir necha xonadon ana shu xarobalarda yashab kelmoqda. Uy egalarining murojaat qilmagan joyi qolmagan. Bir necha ommaviy axborot vositalari, jumladan, Kun.uz saytida ham bu muammo joriy yilda ham yoritilgan. Ammo hali-hamon masalaga yechim topilgan emas.

«O‘tgan yillar davomida biz ko‘rgan ma'naviy zararni-ku qo‘ya turing, nahotki qonunlarimiz aniq qilib ko‘rsatib turgan moddiy zararni ham ham undirib beradigan tashkilot yo‘q. Shuncha yil «peshonamiz tagidagi» qurilishlarga chidadik, uy-joylarimiz xarob ahvolga kelib qoldi. Endi esa cho‘kib qolgan hovlimiz tepasida ko‘p qavatli turibdi. Xuddi tomoshagoh deysiz, tepadan tashlangan chiqindilar ham shamolda to‘g‘ri hovliga tushyapti», deydi «Gulshan» mahallasi, Kitob ko‘chasida yashovchi Jasur Rasulov.

Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari muammoni e'tirof etgan holda, yashovchilar nomidan huquq-tartibot idoralari nomiga xat chiqarishlarini ma'lum qilishdi. Ammo xonadon egalari bu gapni ko‘p eshitishgani, hokimlik to‘rt yildan beri muammoga yechim topa olmaganini aytishmoqda. Xo‘p, Qarshi shahri hokimligi muammmoga yechim topmayotgan ekan, kim yechim topadi? Odamlar shu savolga javob kutmoqda.

Qarshi shahri Nasaf ko‘chasidagi uyi buzilgan yana bir fuqaro esa 2016 yil buzilgan uyi uchun haliyam kompensatsiyani to‘liq ololmayotgani yuzasidan shikoyat qilgan. Bu uy o‘rnida ham ko‘p qavatli uy qurilgan. Mulk uy egasi tomonidan tegishli tartibda baholatilgan. Mulk qiymati 333 million so‘mdan ziyodroqqa baholangan.

«Ammo menga baholanganidan 66 million so‘m kam kompensatsiya berildi. Yangi ko‘chib chiqqan uyimda qurilish ishlari to‘rt yildan beri chala qolmoqda. O‘z vaqtida bosim bilan, uyimiz boshiga texnikalar bilan kelishganida majbur bo‘lib turmush o‘rtog‘im quruvchi bilan tuzilgan shartnomaga qo‘l qo‘ygach, chiqib ketganmiz. Ammo shuncha vaqtdan beri pulimizni to‘liq ololmadik. Shahar hokimligi mutasaddilari «erta-indin», deb bizni aldashdi. Mulk meniki, qonuniy ravishda baholatilgan, ammo kompensatsiya mening emas kompensatsiya to‘lovchilarning baholatishi asosida chiqarilgani qaysi qonunga to‘g‘ri keladi?», — deydi uy egasi Ra'no Balanova.

Kompensatsiyada to‘lamaslikning Qarshi tumanidagi «metodi»

Qarshi tumanidagi ahvol buning butunlay teskarisi. Ya'ni, tumandagi Yuqori Beshkent qishlog‘ida yashovchi Shomurod Mustayevning uyi buzilishga tushmagan, ammo uy qabriston yaqinida qolib ketgan. Hokimlik ham anoyimas, agar uy buzilishga tushsa kompensatsiya to‘lash kerak. Shu sababdan ham fuqaroning uyi buzilmasdan turib qabriston kengaytirilgan. Hozirgi ahvol shuki fuqaroning uyining ikki tomonida qabriston bor.

Tuman davlat sanitariya va epidemiologiya markazi mutasaddilari bilan joyida muammoni o‘rganganimizda mutaxassislar mazkur holat me'yoriy qoidalarga to‘g‘ri kelmasligini bildirishdi. Ya'ni, qabristonga bu darajada yaqin yashashga ruxsat berilmaydi.

Uy egasi Shomurod Mustayev nogironligi sababli ishlay olmaydi. O‘ziga yangi uy sotib olishga qurbi yetmaydi. Kengaytirilishi lozim bo‘lgan ko‘hna qabriston tuprog‘i texnikalar bilan Mustayevlar uyiga 20 metr qolguncha surilgach, qabristondan turli hasharotlar uyga ham ko‘chib o‘tib, xarob holga keltirib tashlagan. Ayni kunda Mustayev yosh bolalari bilan qabriston yaqinida, xarobada qolib ketmoqda.

Qizig‘i, Mustayevning yuqori idoralarga yordam so‘rab qilgan murojaatiga javoban tuman hokimligi «Mustayevning uyi buzilmagani, yashayotgani aniqlandi», qabilida javob bergan.

«Bu javobga kulaymi yig‘laymi hamma balo mening ana shu qabristonda ichida yashayotganimda-ku?», deydi Shomurod Mustayev.

Hokimlikni tushunamiz, fuqaroni ko‘chirish «ortiqcha xarajat». Ammo fuqaroni, uning farzandlarini tushunadigan odam topilmayapti.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid