«Yangisini qurmay turib, eskisini buzma» degan naql bor va uni qayta-qayta eshitganmiz. Qarshi shahri, «Gulshan» mahallasi, Kitob ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning muammosi esa rahbarlar tomonidan ana shu naqlga amal qilinmagani oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, ajab emas. Ya'ni, ularning uylari buzilib, na yangisiga ega bo‘lishdi va na eskisining buzilgani haqini olishdi. Bir so‘z bilan aytganda arosatda yurishibdi. Kun.uz tahririyatiga ushbu mahalladan murojaat kelib tushdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi «Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida» qarori bilan shahardagi ko‘pgina ko‘chalar kengaytirildi, rekonstruksiya qilindi, ko‘p qavatli va zamonaviy binolar qad rostladi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan ko‘pgina ko‘chalar, hovlilar buzildi. Albatta, yaxshi maqsadlarda, aholini rozi qilib. Qarshi shahrining bosh rejasiga asosan ko‘chalarni rekonstruksiya qilinishi hamda qizil chiziqqa tushgan binolar buzilishi munosabati bilan shahardagi «Gulshan» mahallasida joylashgan Kitob ko‘chasidagi uylar ham buzilishga tushdi.

Bu ishlarga oz emas-ko‘p emas to‘rt yilcha to‘lib qoldi. Uylar, ko‘chalar buzildi, baland binolar ham qurildi. Ammo uyi buzilgan fuqarolar arosatda qoldi. Ularga na kompensatsiya puli berildi va na uy-joy.

- Biz yashab turgan xonadonlar buzilishga tushgani sababli 2015 yilning 22 iyul kuni bizga ogohlantirish xati berilgan, - deydi shu ko‘chada istiqomat qiluvchi Shokir Rasulov. – Ana o‘sha yildan boshlab ko‘p qavatli imorat qurish boshlandi. Bu qurilish ta'sirida uy-joylarimizga jiddiy zarar yetdi. Ma'naviy zararni aytmasa ham bo‘ladi. Yaqinda o‘g‘limni uylantirishim kerak. Qaysi uyga kelin tushiraman? Mana shu vayron bo‘lgan joygami? Nafaqaxo‘r bo‘lsak, yangi uy-joy qilishga qurbimiz yetarmidi?

- Hovli-devorlarimiz qurilish ta'sirida yiqilib, ayanchli ahvolga kelib qoldi, - deydi fuqarolardan yana biri Xolmamat Amirqulov. – Ko‘p qavatli binolarga odamlar kelib joylashgan. Hovlimiz «dom»ning ichkari tomonida qolgan. Hojatxonaga chiqishga ham iymanadi kishi. Yashash juda noqulay bo‘lib qolgan.