O‘zbekiston | 19:18 / 03.03.2021
10643
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimligi muhtojlar uchun mingta uy-joy ijarasini zimmasiga oladi – Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahrida mahalliy hokimiyat muhtojlar uchun mingta uy-joy ijarasini to‘lab beradi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasidagi vazifalar bo‘yicha videoselektorda ma'lum qildi.

«Uy-joy masalasi juda jiddiy, ayniqsa Toshkent shahrida bir necha oilalar bir hovlida yashashadi. O‘zim ham shunday yashaganman, bir necha oila birga turganmiz, keyinchalik imkon qilib alohida chiqib ketganmiz. Lekin u paytlar odamlar ancha sabrli edi.

Birga yashagandan keyin turli muammolar tug‘iladi, gigiyena masalalari bor, muhit tufayli ajrimlar ko‘payadi. Shu bois qabul qilinayotgan qaror juda muhim.

Hozirgi kunda Toshkentda qimmat uylar bo‘sh turibdi, lekin ular sotib olingan. Biz ijara tizimini kengroq yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, Turkiya, Germaniya kabi davlatlarda 65-85 foizgacha odam ijarada yashaydi. Ya'ni oila tinchligi uchun ijarada yashash u qadar uyatli ish emas.

Mahalliy hokimiyat muhtojlarga mingta uy-joy ijarasini o‘z zimmasiga oladi», deya shahar hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan oldinroq aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid yangi farmon tayyorlangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid