12:08 / 02.05.2020
4936
Yolg‘izlik, izolyatsiya va diskriminatsiya. Imkoniyati cheklanganlar uchun pandemiya nimani anglatadi?

Butun dunyo bo‘ylab imkoniyati cheklangan shaxslar o‘zlariga doimiy ko‘rsatib kelinadigan yordamni olishida muammolar yuzaga kelmoqda. Shuningdek, tibbiy resurslar yetishmovchiligi kuzatilganda ham imkoniyati cheklanganlarning qurbon bo‘lishi ehtimoli ortyapti.

Foto: Getty Images

Koronavirus tarqalishi birinchi marta dunyoning ko‘p sonli aholisi normal hayotdan uzilib, izolyatsiyani his qilishiga, ayrimlarning uyda, ayrimlarning maxsus binolarda karantin qilinishiga sabab bo‘ldi.

Izolyatsiya – imkoniyati cheklanganlar uchun noodatiy hol emas

Odamlar izolyatsiyadan so‘ng normal hayotga qaytishni umid qilayotgan bir paytda imkoniyati cheklanganlar uchun mana shu hayotning o‘zi normal sanaladi.

Dunyo miqyosida millionlab imkoniyati cheklangan insonlar pandemiyadan keyin boshqalar kabi ishga qaytishni orzu qilishayotgani yo‘q. Ammo karantin cheklovlari tufayli ularga yordam beruvchi kishilarning o‘z vazifasini bajarishi qiyinlashishi imkoniyati cheklanganlarning kundalik hayotiga ham ta'sir etyapti.

Jahon iqtisodiy forumi saytida yozilishicha, Buyuk Britaniyada ishlash yoshiga yetgan imkoniyati cheklangan shaxslarning ishga olinish ko‘rsatkichi sog‘lom odamlarnikidan 28,6 foizga kam. Biznes egalarining bor-yo‘g‘i 4 foizi ish joyida inklyuziv sharoitlar yaratishga xayrixohlik bildiradi.

Shunga qaramay, hozirgi davrda biznes boshqaruvchilari ish uslubini o‘zgartirayotgani, xodimlariga moslashuvchan ish grafigi va masofaviy tarzda ishlashga ruxsat berayotganini kuzatyapmiz.

Ko‘plab biznes egalari bu kabi ish uslublarini pandemiyadan keyin ham saqlab qolish mumkinligini aytishmoqda. Demak, bu – imkoniyati cheklangan shaxslarning ham keyinchalik ishga yollanish ko‘rsatkichi oshishiga yordam berishi mumkin.

Aqli zaif kishilar uchun karantin yolg‘izlik hissini kuchaytirdi

Foto: Reuters

Bugun dunyoda ko‘plab ruhiy nosog‘lom kishilar COVID-19 tufayli yolg‘izlikdan doimgidan ko‘proq qiynalishmoqda.

Sog‘lom aholi qatlamining 10,5 foizi pandemiyada yolg‘izlikni his qilayotgan bo‘lsa, ruhiy rivojlanishda nuqsoni bor odamlarning 45 foizi shunday muammoga duch kelmoqda.

Yolg‘izlik, o‘z navbatida, ularda aqliy faoliyat, uyqu normasi va tushkunlik bilan ham muammolar tug‘dirishi mumkin.

Bilamizki, yolg‘izlik – salomatlik uchun turli xatarli holatlar, masalan, immun tizimining kuchsizlanishi va yurak-qontomir kasalliklari kabilarning xavfini oshiradi.

Bir qarashda, yolg‘izlik va ijtimoiy faol bo‘lmaslik odatiy hayot tarziga aylangan aqliy nuqsoni bor kishilar uchun karantin tadbirlarining yana qanaqa mental va psixologik ta'sirlari bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘iladi.

Ammo ta'kidlash kerakki, odatda aqliy nuqsoni bor kishilar uchun turli resurslar ajratilardi. Masalan, uyda ko‘rsatiladigan tibbiy yordam, kunlik dastur xizmati, oilaviy hordiq xizmati yoki jamoaviy uy shular jumlasidan. Biroq hozir salomatlik va xavfsizlik nuqtayi nazaridan, qolaversa iqtisodiy inqiroz ortidan bu kabi xizmatlarning ko‘pchiligini amalga oshirish imkonsizga aylangan yoki butunlay to‘xtab qolgan.

Bu esa aqliy rivojlanishda nuqsoni bor odamlarning kun tartibini shakllantirishda oila a'zolarining mas'uliyatini oshiradi. Natijada ularning oila a'zolarining erkinligi ko‘proq cheklanadi.

Bu kabi xizmat turlarining karantin tufayli cheklanishi jamiyatdagi kuchli bog‘liqlikni ko‘rsatmoqda. Masalan, oilalar, turli kasbdagi xodimlar va aqliy nuqsoni bor shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarning kundalik hayoti chambarchas bir-biriga bog‘langan.

Ruhiy nosog‘lom kishilar uchun 2 xavf

Ruhiy nosog‘lom kishilarning ayrim toifalari o‘zlarini tutishdagi nuqsonlar va tibbiy yordamga muhtojliklari tufayli faqat oila a'zolari bilan yolg‘iz qola olmaydilar. Ruhiy nosog‘lom kishilar uylarida yoki shunga o‘xshash maxsus muassasalarda bo‘lish ularga turli tibbiy va boshqa kerakli yordamni vaqtida olishga imkon beradi, lekin bu ularning koronavirus yuqtirib olish xavfini oshiradi.

«Aqliy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bor shaxslar boshqalardan farqli guruhga mansubdirlar. Ularning sog‘ligini asrash uchun umumiy bitta yondashuv yo‘q», – deydi Amerika jamoatchilik fikrlari tarmog‘ining hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Shannon Makraken.

Koronavirus yuqtirib olmaslik uchun hammaga umumiy tavsiyalar berilgan: qo‘lni tez-tez 20 sekunddan kam bo‘lmagan vaqt davomida sovunlab yuvish, kasallik ehtimoli bor odamlar bilan muloqot qilishdan qochish va ko‘p tegiladigan yuzalarni doimiy dezinfeksiya qilish. Eng muhimi, kasallik alomati sezilganda jamoat joylariga bormaslik.

Biroq bu kabi tavsiyalar universal bo‘lsa-da, imkoniyati cheklanganlar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar bajarishi uchun murakkablik qiladi.

«Kasallik alomatini sezsangiz, uyda qoling» – imkoniyati cheklanganlarga g‘amxo‘rlik qiladigan bu tavsiyaga qanday amal qilishsin? Shuning uchun ularga alohida yondashuv zarur», – deya ta'kidlaydi Shannon Makraken.

Mustaqil yoki yarim mustaqil tarzda yashab kelayotgan imkoniyati cheklangan shaxslar oldida ikkita yo‘l qolmoqda: virus yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, maxsus muassasada qolish yoki kunlik zaruriy ko‘makdan mahrum bo‘lish.

Aqli zaif insonlarning axborot talabi

Shuningdek, ko‘pchilik amal qilayotgan salomatlik va xavfsizlik bilan bog‘liq qoidalarga ham ruhiy nosog‘lom odamlarning amal qilishi qiyin. COVID-19 atrofidagi tezlik bilan o‘zgarib turgan axborot oqimi va tibbiy ko‘rsatmalarning ham yangilanib borishi ruhiy jihatdan nuqsoni bor kishilar uchun murakkablik qiladi.

Masalan, Kanadaning Saskatun shahrida ba'zi ruhiy nosog‘lom kishilar ijtimoiy masofalanish haqidagi tibbiy tavsiyalarni tushunmasdan zarurat bo‘lmaganda ham ko‘chada yurishgan.

Aqli zaif kishilar manfaati uchun ish ko‘ruvchi tashkilotlar esa bu paytda logistika va instruksiya bilan bog‘liq har qanaqa qiyinchiliklarga qaramay imkoniyati cheklangan shaxslar uchun xizmat ko‘rsatish va ta'minot yetkazish to‘xtamasligi kerak, deb hisoblamoqda.

BMT aholining zaif qatlamlari bilan karantin davrida qanday ishlash kerakligi borasida qo‘llanma ishlab chiqdi. Ular orasida imkoniyati cheklanganlar, shuningdek, aqli zaif insonlar bilan pandemiya davrida qanday ishlash kerakligi ko‘rsatilgan.

«Axborot olishda alohida kommunikatsion usulga ehtiyoji bo‘lgan imkoniyati cheklangan shaxslarda qiyinchilik tug‘iladi. Ular ko‘pincha qaror qilishga kelganda istisno qilinadi, axborot va resurslar notengligiga duch kelishadi.

Lekin imkoniyati cheklangan shaxslarning fikrlari ham doimiy ravishda o‘rganib borilishi kerak. Buning uchun esa ularga axborotni bir nechta yo‘llar bilan osonroq tilda yetkazish zarur. Masalan, brayl yozuvida, katta formatda yoki videoli ko‘rinishda. Imkoniyati cheklangan shaxslar jamiyatlarini qaror qabul qilishda hamisha inobatga olish zarur. Va hamma ishlarda maqsadli yondashuv bo‘lishi kerak», – deya tavsiya beradi BMT.

Diskriminatsiya

Ruhiy nosog‘lom kishilar tibbiyot sohasida ham yetarlicha davolanish imkoniga ega bo‘lmayaptilar. Pandemiya davrida ko‘pgina davlatlarda resurslar yetishmay qolayotgan bir paytda har bir bemorga yetarlicha davolash vositalari yo‘q. Bu degani, vaqti kelganda tibbiyot xodimlari qaysi bemor davolanish imkoniga ega bo‘lishini tanlashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Masalan, Italiyada sun'iy nafas olish uskunasiga ulash uchun yetarli imkoniyat bo‘lmagan paytlarda tibbiyot xodimlari qaysi bemor bu huquqdan foydalanishi mumkinligini tanlashiga to‘g‘ri kelgan ko‘plab hikoyalar paydo bo‘lgan.

AQShda esa Amerika imkoniyati cheklanganlar jamiyati «hayotni to‘xtatish» qarorini qabul qilishda imkoniyati cheklangan shaxslar manfaatiga zarar yetayotgani haqida chaqiriqlar bilan chiqdi.

Kasallikka tayyorgarlik rejalarida Vashington, Kanzas, Tennessi va Alabama shtatlarida yetishmovchilik yuzaga kelganda aqliy rivojlanishdan orqada qolgan kishilarni sun'iy nafas berish uskunalari bilan ta'minlamaslik tavsiya qilingani jamiyatning noroziligiga sabab bo‘lgan va bu fuqarolik huquqiga zid ekani aytiladi.

Bunga javoban esa, Federal fuqarolik huquqlari ofisining tibbiyot departamenti direktori tegishli shtatlarda tekshiruv ishlarini boshlagan, shtatlardagi davolash yo‘riqnomalari bila turib diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi uchun yangilanish jarayonida.

Shunday bo‘lsa-da, hanuz tezkor qaror qabul qilish kerak bo‘lib qolganda ruhiy nosog‘lom kishilar tibbiy resurslardan bebahra qolishi mumkinligi qo‘rquvi va noaniqligi saqlanib qolmoqda. 

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top