O‘zbekiston | 11:52 / 02.12.2022
9409
2 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari maxsus moslamalardan foydalanishi tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Nizom 2-bandida ko‘rsatilgan asosiy tushunchalardan biri maxsus moslamalar tushunchasiga transport vositalari haydovchilari giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanini aniqlovchi narkotester maxsus texnik vositasi kiritilmoqda.

Nizom 6-bobi (yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarishda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi) yangi tahrirda qabul qilinmoqda.

Bildirilishicha, yo‘l-patrul xizmati xodimlari maxsus moslamalardan foydalanish tartibi bo‘yicha Turkiya va Gruziya kabi mamlakatlar tajribalari keng o‘rganib chiqilgan.

Loyiha qabul qilinishi respublika hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari oldini olishga, jinoyatlar fosh etilishiga hamda jinoyatlar sodir etish holatlari kamaytirilishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid