Prezident AKT sohasi bo‘yicha yangi farmonni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) hamda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining:
Respublika axborot-kutubxona markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarini O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufiga o‘tkazish;
“Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi” davlat muassasasini O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tuzilmasiga berish;
“Matbuot tarqatuvchi” AKni belgilangan tartibda “O‘zbekiston pochtasi” AJga qo‘shish masalasini “Matbuot tarqatuvchi” AK va “O‘zbekiston pochtasi” AJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishlarida qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Vazirlik ikki hafta muddatda o‘tkazilayotgan tashkilotlarning shtat birliklari va binolari, shuningdek, ularga tegishli bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar, shu jumladan pul mablag‘larining O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga berilishini ta'minlaydi.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Vazirlik huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya etib qayta tashkil etildi.
Inspektsiya axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida qonunchilik, fonogrammalar, audiovizual asarlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanishi belgilandi.
2018 yil 1 apreldan Inspektsiyaga qonunchilik va boshqa normativ hujjatlar, davlat standartlari talablari hamda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining buzilish holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni aniqlash, olish huquqi berildi.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) 2018 yil 1 iyundan:
tadbirkorlik sub'yektlari tovarlar, ishlar (xizmatlar) eksport qilinganligi uchun eksport shartnomasi tuzmasdan va bank komissiyasi undirilmasdan, Internet tarmog‘idagi elektron savdo maydonchalari orqali, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ayrim tovarlardan tashqari, tovarlar, ishlar (xizmatlar) eksportini amalga oshirish huquqiga ega;
tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan elektron tijoratdan foydalanish orqali sotiladigan tovarlar aylanmasi ularning hajmidan qat'i nazar, chakana savdo hisoblanadi;
b) axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida xalqaro konsalting kompaniyalari va ekspertlarini jalb qilish, o‘z IT-infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Vazirlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
v) Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vazirlik xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari Vazirlik hay'ati tomonidan aniqlanadi;
g) davlat organlari va boshqa byudjyet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan xodimlariga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;
d) davlat organlari va boshqa byudjyet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan bo‘linma rahbarlari har yil yakunlari bo‘yicha Vazirlik qarori asosida axborot tizimlari, elektron davlat xizmatlari va axborotlashtirishni joriy etish rejalari va dasturlarining o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilganligi uchun, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan eng kam ish haqining 100 baravarigacha miqdorda mukofotlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 1 avgustga qadar muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan hududlarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturlarini va ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:
telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholining sifatli mobil aloqa, Internet tarmog‘idan keng doirada foydalanishini ta'minlash;
sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, ta'lim, kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm sohasida zamonaviy axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va ma'lumotlar bazalarini joriy qilish, shuningdek, “aqlli” va “xavfsiz” shaharlar hamda hududlarni tashkil qilish;
davlat-xususiy sheriklik asosida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, eksportbop dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash;
joylarda, ayniqsa, olis joylarda elektron davlat xizmatlarini taqdim etish tizimini yanada kengaytirish.
Belgilanishicha, dasturlarni va loyihalarning manzilli ro‘yxatini moliyalashtirish Fond mablag‘lari hisobidan, tegishli hudud mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan abonent raqamidan foydalanganlik uchun kelib tushadigan summaning 5 foizgacha bo‘lgan miqdorida amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda:
dasturlar qabul qilinganidan keyin hududiy kengashlar tarkiblarini tasdiqlaydi, shuningdek, dasturlar ijrosining har oyda ko‘rib chiqilishini ta'minlaydi;
“Kompyuterlashtirish markazi” DUKni “Elektron hokimiyat” axborot tizimini yaratish va joriy etishni asosiy vazifa deb belgilagan holda “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUKga aylantirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘radi.
Vazirlik hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, shu jumladan uning filiallarida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda o‘quv jarayonining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sur'atlari bilan uzluksiz aloqasini ta'minlashni hisobga olgan holda mustaqil ravishda o‘quv rejalar va dasturlar, bitiruvchilar uchun malaka talablarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
professor o‘qituvchilar tarkibi mehnatini o‘qitishning kredit tizimi shartlaridan kelib chiqib faqat ta'limga xos tadbirlar asosida ish vaqti xisobga olinishiga asoslangan holda mustaqil normalashni amalga oshirish, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarning bajarilishini rag‘batlantirish huquqi berildi.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda kredit tizimi bo‘yicha o‘qitish tartibini belgilaydigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vazirlik va Inspektsiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlari loyihalarini kiritadi;
bir oy muddatda Vazirlik va Inspektsiya to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlaydi.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasining bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklandi.
Mavzuga oid
14:02 / 16.11.2024
Prezident 9 nafar senatorni tayinladi
12:32 / 22.10.2024
Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?
14:00 / 08.09.2024
ICT WEEK UZBEKISTAN 2024 haftaligi doirasida O‘zbekiston-Latviya raqamli hamkorlik forumi bo‘lib o‘tadi
15:14 / 25.07.2024