17:18 / 23.07.2021
19877

Ota-ona hamfikrligi va bolaga to‘g‘ri munosabat - tarbiyadagi ayrim jihatlar haqida

Ota-onalik oliy baxt va shu bilan birga ulkan mas'uliyat hamdir. Farzandni aziz ne'mat sifatida qabul qilib, unga chiroyli tarbiya berish o‘ziga yarasha bilim va qunt talab qiladi.

Ingliz tili o‘qituvchilari – Abdulhay Jo‘rayev va Nargiza Jo‘rayeva oilasi Toshkent shahrida yashaydi. Ularning ikki farzandi Prezident maktabida o‘qimoqda.

Nargiza Jo‘rayeva farzand tarbiyasiga oid tajribalari haqida Facebook'da e'lon qilgan maqolasi Xalq ta'limi vazirligi tanlovida 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Onaning aytishicha, shundan so‘ng ularga farzand tarbiyasiga oid kitob yozish haqida 3 ming dollarlik taklif kelib tushgan.

Oila ayni paytda kitob yozishni boshlab yuborgan. Biz ulardan kitobga kiritayotgan ayrim fikrlarini so‘zlab berishlarini so‘radik.

“Farzand tarbiyasida ota-onaning fikri bir joydan chiqishi kerak”

Nargiza Jo‘rayeva:

— Otalar onalarni yoki onalar otalarni eshita olishsin, bir-birini kerakli paytda qo‘llab-quvvatlay olishsin, farzandga eshittirmasdan bola tarbiyasi haqida alohida maslahat qilib, bahs-munozara qilishsin. Bolada tarafkashlikni uyg‘otmaslik uchun ikkisi bir to‘xtamga kela olishi kerak. Chunki bola biror ishni qilayotganda agar bu ishni qilsam, dadam qarshi tursayam, onam tarafimni oladi, degan tushuncha bilan ulg‘ayadi yoki teskarisi bo‘lishi ham mumkin. Shu sababli ota-onaning fikri bir nuqtaga kelib, hamfikr bo‘la olishi kerak.

Ota-onaning hamfikrligi – juda katta yutuq. Ba'zida yaqin dugonalarimga farzand tarbiyasida ma'lum usulni qo‘llab ko‘rishni, foydali to‘garaklarga qo‘yishni tavsiya qilaman. Shunda: “Yo‘q, bunga turmush o‘rtog‘im ruxsat bermaydi”, degan javob olaman. Bo‘ldi, shu bilan oldinga yo‘l yo‘q.

Gap ruxsat berish yoki taqiqda emas, muhimi – ma'lum fikrni o‘zaro hamjihat bo‘lib bir-biriga uqtira olishda, deb o‘ylayman. Agar ona otaga bo‘ysunmasa yoki ota kerak paytda onani qo‘llab-quvvatlamasa, u yerda hech qanday tarbiya usuli foyda bermaydi.

Ota-onaning hamjihatligi dunyoqarashning yaqinroq bo‘lishidir, aslida. Hayotga munosabati yaqinroq bo‘lgan insonlar bitta fikrga kelishi osonroq bo‘ladi.

Buvi-buvalar bilan birga yashaydigan katta oilalarda odatda bola kim uning tarafini olsa, o‘shandan panoh izlaydi va aytganini qildirishga harakat qiladi. Shuning uchun ham bir uyda yashovchi buvi-buvalar, ota-ona farzand tarbiyasida yakdil fikrga kela olishlari kerak. Ana shunda tarbiyaning ildizi mustahkam bo‘ladi.

Abdulhay Jo‘rayev:

— Ota-ona bir-birini tushunmasa, buni farzandlariga yetkazishi qiyin bo‘ladi. Ota bir fikrni aytsa-yu, ona uni ma'qullamasa yoki onaning gapini ota qo‘llab-quvvatlamasa, bu, albatta, farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin. Aytaylik, ota farzandning tadbirkor bo‘lishini xohlaydi, ona esa qarshi bunga. Farzand kimga yon bosishini bilmay ikkilanadi, ya'ni tarafkashlik paydo bo‘lishi mumkin.

Farzand o‘ylaydi: otam tarafimni olyapti, shuning uchun tadbirkor bo‘laman. Balki onasi to‘g‘riroq yo‘lni aytayotgan bo‘lishi mumkin, lekin fikrlar qarama-qarshiligi bolada ikkilanishni keltirib chiqarishi va oxir-oqibat noto‘g‘ri yo‘lni tanlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Har bir oilada past-balandliklar bo‘ladi. Ularni yengib o‘tishda bir-birini tushunish juda muhim. Farzand tarbiyasida ham o‘zaro tushunish, fikrini hurmat qilish ahamiyati katta. Ko‘p oilalarda ota oilani boqish uchun asosiy vaqtini ko‘chada o‘tkazadi, shu sababli ko‘p vaqt ajratolmaydi. Shunday bo‘lsa ham ota rafiqasini kerak paytda qo‘llab-quvvatlay olishi, yordam berishi kerak.

Farzand tarbiyasida hammasini onaga yuklab qo‘yish to‘g‘rimas. Chunki farzandlar onadan, otadan tarbiyani turlicha qabul qilishadi. Ota-onaning tarbiyada alohida o‘rni bor.

Mukammallik talab qilish – xato

Nargiza Jo‘rayeva:

— Tasavvur qiling, 4 yoshli bola oldiga mozaikani qo‘yib, ishtiyoq bilan yasayapti. Hali juda kichkina bo‘lgani uchun bu ishni qilolmayapti, tabiiyki. Siz chetdan kuzatib turdingiz va unga aralashib o‘rgatmoqchi bo‘ldingiz. Oldiga kelib, qiziqishdan uning o‘rniga o‘zingiz kirishib ketdingiz. Bola qolib ketdi, siz tayyorlab berdingiz. Bolaning ishtiyoqini qaytardingiz. Haligi joyda bolaning ishtiyoqini o‘ldirdik. Yangi bilimlarni o‘zlashtirayotgan paytidagi xohishi o‘ldi.

Ikkinchi holat. 7-8 yashar qiz opasiga qarab idish yuvgisi kelib qoldi. O‘ziga yangi ko‘nikma olish uchun buniyam sinab ko‘rgisi keladi. Ona bu paytda idishini ayab: "Sindirib qo‘ysang, yuvma. Qo‘y, sabr qilib tur, katta bo‘lsang yuvasan”, deb yana shashtini qaytaradi. Shu orqali yangi narsani o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq o‘lyapti.

Uchinchi holat. Bola yangi asbob, masalan, pianino chalishni 2-3 oyda o‘rganishga bordi. U bilan mehmonga bordingiz. O‘sha yerda pianino bor. Yangi o‘rganuvchi bo‘lgani uchun xatolar, to‘xtalishlar bilan chalyapti. Uyga kelgach, avval o‘rganib, keyin chalsang bo‘lmaydimi, odamni sharmanda qilding-ku, deb ota-ona koyib qo‘yishi mumkin.

Biz mana shu 3 ta holatda bolaning yangi narsani o‘rganmoqchi bo‘lgan boshlang‘ich bosqichidanoq undan mukammallikni talab qilamiz. Chunki biz ota-ona, shaxs sifatida shakllanib bo‘ldik. Bizga oddiy ko‘ringan narsa bolaga qiyin ekanligini his qilmaymiz. Shuni ichimizdan o‘tkazmaymiz. Va bu holatda bola bizdan xafa bo‘lishga to‘liq haqli. Bola o‘ziga bo‘lgan ishonchi kamayib ketishi, xafa bo‘lish holatlari bo‘ladi.

Bolaga nisbatan boshida katta maqsadni qo‘ymaylik. To‘g‘ri, maksimalizm kerak, bolani unga intiltirish zarur. Lekin buni boshidan qilish kerakmas. Buni sekinlik bilan, bosqichma-bosqich o‘tkazish lozim.

Bolangizning kelajagini o‘ylasangiz, uni urmang

— Hayotga tayyorlamoqchi bo‘lib, ota-onalar jismoniy kuch ishlatib, qattiqqo‘llik qilib qo‘yishadi. Tarbiya bo‘yicha kitoblarni o‘qib chiqqanimda, hech qaysi manbada bolani urib tarbiyalash oqlanmagan. Ko‘pchilik ota-onalar bolani urib tarbiyalashadi, chunki bu yo‘l orqali bolani bo‘ysundirish oson. Bolaning ojizligidan foydalanishadi. Bola sizga qarshi so‘z bilan javob qaytarolmaydi, qarshi kurasholmaydi.

Urib jazolash bolani sindiradi. O‘sayotgan daraxtni to‘g‘rilayman deb, sindirib qo‘ya qolishadi. Bolani bitta uradi, yig‘laydi, lekin ota-ona aytganini qiladi. Vaholanki, uning kelajagini o‘ylashmaydi, uning ichki kechinmalarini his qilib ko‘rishmaydi. Bola ham xato qiladi, xato qilish insonga xos.

Bolani urish u yoqda tursin, qo‘pol gap bilan tarbiyalashning o‘zini qoralayman. Bolaning xatosini aytish kerak, faqat uning ma'lum usullari bor. Buning uchun katta sabr kerak.

O‘rganish orqali erishiladigan 4 natija

— Yaqinda kitobdan bildimki, o‘rganish jarayonida 4 xil natijaga erisharkanmiz. Birinchisi, mashg‘ulotdan oladigan bilim va ko‘nikmalar. Ikkinchi natija bolaning mustaqil bilim olish qobiliyati kuchayishidir. Buni bola ulg‘ayib boravergach, miqdorini ko‘paytirib boraverish kerak. 

Uchinchi natija bolaning o‘rganish jarayonida oladigan ruhiy holati, ya'ni hissiyotidir. Aniqroq qilib aytganda, bolaning o‘sha paytdan oladigan qoniqish hissi, biror ishni amalga oshirganda ishonchining ortishi yoki aksincha, hafsalasi pir bo‘lishi. Bu ham bir natija. Har doim ham ijobiy natija bo‘lmaydi.

To‘rtinchi natija – ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabat. Biz har doim ham farzandimiz bilan gaplashishga vaqt topolmasligimiz mumkin. Lekin birgalikda ma'lum bir mashg‘ulotni qilish orqali o‘rtadagi munosabatni o‘rnatamiz.

Ota-onalar faqat birinchi natijaga e'tibor berisharkan. Qolgan uchta natija borliginiyam bilmas ekanmiz. Aynan oxirgi to‘rtinchi natija ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tarkan.

Bola faqatgina birinchi natija, ya'ni bilimlarni o‘zlashtirib boraversa, kattaroq natijalarga erisholmas ekan. Olayotgan bilimi, ko‘nikmasi o‘sib bormas ekan.

Muvaffaqiyatga erishishda 3 tamoyil 

Farzandlarimda bu tajribamni qo‘llaganim uchun ularning misolida aytaman. Eng birinchisi, inson kitob o‘qiy olishi kerak. Har qanday kitob emas, yoshiga, mavzuga doir, dolzarb bo‘lib turgan kitobni tanlay olish muhim. Bunda, albatta, mag‘zini chaqa olish kerak. Nima uchun bu kitobni o‘qidim, degan savolni berishi kerak. O‘sha kitobdagi qiziq, kerakli, deb berilgan fikrlarni daftarga yozib borishi kerak.

Ikki katta farzandimga daftar tuttirganman, o‘qigan kitoblari haqida yozib borishadi. Vaqt o‘tgach, daftarni varaqlab, qaysi kitobdan qanday xulosa olganini bilib olsa bo‘ladi. Bu o‘sha paytda bo‘lmasa, keyinchalik yordam berishi mumkin.

Ikkinchi tamoyil, inson hayotda yoza bilishi kerak. Bu nima degani? Husnixat, chiroyli yoza bilish deganimas. Yoza bilish – imloviy va uslubiy xatolarsiz yozishdir. Oddiy misol: ishga kirayotganda ariza yozamiz, bizni tanimagan odam ham ana shu arizamizdan bizga baho berishi mumkin.

Inson fikrini jamlab, chiroyli yoza bilishi zarur. Albatta, buning uchun jurnalist, yozuvchi bo‘lish shartmas. Har qanday kasbdagi inson yoza olishi kerak. Bu jamiyatdagi mavqeyingizni bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib beradi.

Oxirgi tamoyil – o‘z fikrini og‘zaki nutqda ravon ayta olish. Bu ham juda muhim. Nimaga? Masalan, juda ko‘p lavozimlarga qabul suhbat orqali bo‘lib o‘tadi. Siz nomzod bo‘lib turgan ishga sizdan tashqari boshqa talabgorlar ham bor. Siz qanday qilib ulardan o‘tib ketishingiz mumkin? Barcha ko‘rsatkichlar bir-biriga teng kelib turibdi. Suhbatda fikringizni chiroyli yetkazib berishingiz bilan e'tiborni tortishingiz mumkin.

Suhbatda bilimi bor bo‘lgan inson emas, bilimini ko‘rsatolgan yutib chiqadi.

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Top